Misr samolyoti Toshkent osmonida noto‘g‘ri manyovr qildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Misrning FlyEgypt aviakompaniyasiga tegishli samolyot parvoz vaqtida ruxsat berilmagan qayrilishni amalga oshirgani aks etgan lavha tarqaldi va muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Transport vazirligi axborot xizmati sodir bo‘lgan aviahodisa yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, 26 may kuni Toshkent – Qohira yo‘nalishi bo‘yicha FEG 1402 qatnovini bajarayotgan “Fly Egypt” aviakompaniyasining ro‘yxat raqami SU TMG bo‘lgan, Boeing-737 rusumli havo kemasi ekipaji “Toshkent” aeroportidan parvozni amalga oshirish jarayonida noto‘g‘ri manyovrni amalga oshirgan.

Ayni damda ushbu holat yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 27 dekabrdagi 505-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida fuqaro aviatsiya havo kemalari bilan sodir bo‘lgan aviatsiya halokati va insidentlarini tekshirish qoidalari”ga muvofiq aviahodisa tekshiruvini o‘tkazish yuzasidan komissiya tuzildi.

Hozirda komissiya tomonidan holat bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.