Misrda mo‘’jizaviy Sfinkslar xiyoboni ochildi

Gala-konsert, katta shou va rang-barang salyut. Misrda, ko‘p yillik restavratsiyadan so‘ng, Karnak va Luksor ibodatxonalari orasida qadimgi 1200 ta sfinks qad rostlagan xiyobonning ochilishi ana shunday mo‘’jizaviy va hayratlanarli o‘tdi.

Olimlarning fikricha, uzunligi 2700 metr bo‘lgan xiyobon asosan fir’avnlarning 18-sulolasi hukmronligi davrida (miloddan avvalgi XVI asr atrofida) qurilgan. Bir vaqtlar u tantanali yurishlar uchun joy bo‘lib xizmat qilgan. Xiyobon eramizdan avvalgi IV asrda o‘zining tayyor shakliga ega bo‘lgan.

Vaqt o‘tishi bilan ko‘plab haykallar shikastlangan yoki qum ostida g‘oyib bo‘lgan. Qadimgi me’morlik yodgorligini qayta tiklash o‘tgan asrning 40-yillarida boshlangan. Keyin haykallarning bir qismi topilib, qayta tiklandi. Keng ko‘lamli ishlar 2010 yilda boshlangan edi.

O‘n bir yil o‘tgach, Sfinkslar xiyoboni o‘zining asl tarixiy qiyofasini tikladi. Misr rasmiylari ushbu tarixiy majmuaning ochilishi mamlakatga yanada ko‘proq sayyohlarni jalb etishiga umid qilmoqda.