Mistika: Ajal ostonasidan qaytargan farishta
Bu voqea ancha yillar ilgari sodir bo‘lgan, uni menga tanish ayol gapirib bergandi.
Institutda o‘qib yurgan kezlarim kursdoshim bilan sevishib, ahdu-paymon qildik. Bizning muhabbatimizga ota-onalarimiz qarshilik qilmadi va talabalik paytimizdayoq, to‘yimiz bo‘lib o‘tdi.
Ikkalamiz ham baxtdan sarmast, yettinchi osmonda uchib yurardik. Erim bilan institutni bitirmaguncha farzand ko‘rmaslikka kelishgandik. Agar bolalik bo‘lsak, o‘qishimiz qolib ketadi, deb o‘ylardik. Yoshligimdan baquvvat va sog‘lom qiz bo‘lib, kasal bo‘lib yotganimni eslay olmasdim. To‘ydan keyin shamollab, tumov bo‘lib qoldim. Bunga e’tibor bermay, kasallikni oyoqda o‘tkazdim. Aksiga olib, shu oddiygina tumov ham qayta-qayta bezovta qildi. O‘zimni juda yomon his qilgach, kasalxonaga bordim. Tahlil natijalaridan sariq kasallikka chalinganim ma’lum bo‘ldi. Buni ustiga homiladorligim ham aniq bo‘lgach, bira to‘la dahshatga tushdim.
Bir tarafdan kasallik, ikkinchi tarafdan boshqorong‘ilik qiynadi, ko‘nglim aynib, og‘zimga olgan narsani qayt qilardim. Davolovchi vrach homilani olib tashlash kerakligini, bu ahvolda uni dunyoga keltirolmasligimni aytdi. Bundan, avvaliga qo‘rqib ketdim, ammo boshqa yo‘l yo‘qligini anglagach, uning gaplariga ko‘nishdan boshqa ilojim qolmadi.
Vrachlar ertasi kuniga homilamni olib tashlashni rejalashtirishdi.
O‘sha kuni tunda tush ko‘rdim. Tushimda avtomashinalar tezlikda harakat qilayotgan baland ko‘prik ustida ketayotganmishman. Bexosdan yo‘l chetida yolg‘iz, sovuqdan junjikib turgan, jingalak sochli qizaloqqa ko‘zim tushdi. Shu payt birdan kuchli shamol ko‘tarildi, qizchani xavfsiz joyga olish uchun yordamga shoshildim. U esa mendan qo‘rqib o‘zini ko‘prikdan pastga otdi. Dahshatdan qichqirib yubordim.
Uyg‘onganimda qora terga botib, yuragim ko‘krak qafasimni yorib chiqay derdi. Ertasi kuni narkoz olgandan keyin yana o‘sha qizcha tushimga kirdi. U yonimda turib, tinimsiz ko‘z yosh to‘kar, har zamonda boshimni silab qo‘yardi. Tuzalishimga juda uzoq vaqt ketdi. Dardlarim bilan bo‘lib, qizchani unutdim, endi uni tushlarimda ko‘rmasdim. Bu haqda onamga gapirib berganimda, demak homilang qiz bola bo‘lgan ekan dedi.
Oradan yillar o‘tdi, institutni bitirdim, yoshim ham 30 ga borib qoldi. Ilgari farzand ko‘rishni istamagan bo‘lsak, endi erim bilan faqat shu mavzuda gaplashardik. Kunlarning birida qilgan iltijolarim tufaylimi yoki Xudoning rahmi keldimi homiladorligim aniq bo‘ldi. Bundan erim ham, men ham juda xursand bo‘ldik. Erim meni yeru ko‘kka ishonmas, og‘zimdan chiqqan narsani muhayyo qilardi. Yoshim o‘ttizga borib qolgani uchunmi, oy-kunim yaqinlashgani sari meni vahima bosardi. Shunday qilib, to‘qqiz oyni ming bir tahlikada o‘tkazdim, to‘lg‘oq boshlanishi bilan erim meni tug‘ruqxonaga olib bordi.
Tug‘ruq juda og‘ir kechdi, ko‘p qon yo‘qotganimdan holsizlanib, hushimdan ketdim. Tushimmi yo o‘ngimmi, anglolmay qoldim: katta yo‘lning yoqasida turgan emishman, yo‘lning narigi betida bir paytlar tushimda ko‘rgan qizaloq turardi. Uni yana uchratganimdan xursand bo‘lib, yo‘lning narigi tarafiga intildim. Qalbimni g‘alati shodlik chulg‘adi. Qizaloqqa yetishga qanchalik intilmay, oyoqlarim o‘zimga bo‘ysunmas, ming chiranganim bilan joyimga mixlanganday turardim.
— Qayting, buyoqqa kelmang! Orqaga qayting, hali kelishingizga vaqt bor! — deb qichqirdi qizcha.
Uning ovozini aniq eshitdim.
– Yo‘q, oldingga borgim kelyapti, to‘xta, ketma! – deb baqirdim unga javoban.
Birdaniga qizchaning yonida o‘ziga o‘xshab ketadigan o‘g‘il bola paydo bo‘ldi. Negadir “o‘layapman” shekilli degan o‘yga bordim.
– Yo‘q, siz hali uzoq yashaysiz...
Tanamni parmalayotgan kuchli og‘riqdan qichqirib yubordim, shu payt chaqaloq ingasi yangradi. Ko‘zim yarq etib ochildi, ko‘kragimda dunyoga kelgan o‘g‘lim yotardi. Vrachlar ham xursandligidan baqirib yuborishdi, ahvolim og‘irligidan ular mendan umidlarini uzishgan ekan. Ammo so‘nggi daqiqalarda mo‘’jiza ro‘y berdi. O‘g‘lim bilan men narigi dunyodan qaytib kelgandik.
Shundan beri insonlarni himoya qiluvchi qandaydir g‘ayritabiiy kuchlar borligiga ishonaman.
Manba: @Ibratli