Miyonqol–Xatirchi kanali haqida nimalarni bilasiz? Narpay va Mirzaariq kanallari haqida-chi?

Zarafshon daryosining Oqdaryo va Qoradaryo tarmoqlari oralig‘ida uzunligi 100 kilometr, eni 10-15 kilometr va maydoni 1200 kvadrat/kilometr keladigan umumdor tuproqli Miyonqol oroli joylashgan. Damxo‘ja to‘g‘onidan boshlangan Miyonqol-Xatirchi magistral kanali ana shu Miyonqol orolidagi 55 ming gektardan ortiq qishloq xo‘jalik ekin maydonlarini suv bilan ta’minlab, qo‘shni Navoiy viloyatining Xatirchi tumaniga obi hayot yetkazib beradi.

Kanalning uzunligi 36 kilometr masofaga cho‘zilgan. O‘rtacha suv sarfi 50 metr/sekundni tashkil etadi.

Narpay kanali - Zarafshon botig‘idagi qadimgi va yirik irrigatsion inshootlardan biri. Mazkur magistral kanal Zarafshon daryosidan suv oladi.

Kanalning umumiy uzunligi 90 kilometr masofaga cho‘zilgan. Ana shu masofada kanalning suvi 370 dan ortiq shoxobchaga taqsimlanadi.

1929-1934 yillarida Narpay magistral kanali rekonstruksiya qilingan. Buning natijasida kanal o‘zani to‘g‘rilanadi va suv taqsimlash masofasi ancha qisqaradi. Lekin kanalning o‘zani chuqurlashtirilib, kengaytiriladi.

Zarafshon daryosidan bo‘linib, Tuyatortardan ajralib chiqqan Mirzaariq kanali esa Bulung‘ur va Jomboy tumanlarining bir qismini suv bilan ta’minlab kelmoqda. Mirzaariq Payariq tumaniga ham borib, Yaqanchiq qishlog‘ida tugaydi.

Ayrim tarixiy kitoblarda 1430 yillar oralig‘ida Mirzaariq Mirzo Ulug‘bek tomonidan qazilgani yozib qoldirilgan. Uning nomlanishi shundan kelib chiqqan. Mazkur ariqning Jomboy tumaniga yaqin qismi Payariq hududiga borgunicha ko‘payib boradi. Bunga sabab – Zarafshon daryosidan to‘yingan yerosti suv yo‘llari buloq bo‘lib tumanning 5-6 chaqirim joylarigacha chiqishi va ular ko‘payib, keta-ketguncha Mirzaariqqa qo‘shilishi natijasidir.

Tal’at ABDULLAYeV.