Mohiniso – Samarqand faxri

Islom Karimov haykali o‘rnatilgan xiyobonda kitobxonni qutlash uchun viloyat jamoatchiligi vakillari, o‘quvchi-yoshlar jam bo‘ldi. Folibga viloyat hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi. Viloyat hokimi o‘rinbosari A.Umarov kitobxon qizni ushbu muvaffaqiyat bilan qutlab, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi.

- Kunni reja asosida o‘tkazaman, - deydi Narpay tumanidagi 17-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi M.Shomurodova. – Maktabdan qaytgach, qancha muddat uy ishlarini qilaman, necha soat dars tayyorlayman, kitob o‘qish, televizor ko‘rish - hamma-hammasini daqiqasigacha belgilayman. Reja tuzmagan va unga amal qilmagan kunlarim juda kam. Kitob o‘qishga tabiiyki ko‘proq vaqt sarflayman. Adashmasam, hozirgacha 600 taga yaqin kitob o‘qiganman.

Respublika «Yosh kitobxon» tanlovini kuzatar ekanmiz, Mohiniso Shomurodovaning kitobni shunchaki o‘qimasligi, uni uqishiga guvoh bo‘ldik. Mohiniso va uning oila a’zolari bilan suhbatlashib, muvaffaqiyat omili oiladagi muhitda ekan, degan to‘xtamga keldik.

– Kitob - muvaffaqiyat va saodat eshiklarini ochuvchi kalit, –  deydi Mohinisoning otasi Shavkat Do‘lanov. – Bilimlar manbai bilan oshno tutingan odam kam bo‘lmasligini har doim qizimga uqtirardim. Farzandimning bugun nafaqat oilamiz, ustozlari, balki Prezidentimizning ishonchini oqlaganidan xursandman. Qizimning bu muvaffaqiyati kimningdir kitobga bo‘lgan havasini, mehrini uyg‘otsa, o‘zimni baxtli otalardan biri hisoblayman.

Mohinisoning onasi Aziza Suyunova Ishtixon tumanidan Narpayga kelin bo‘lib tushgan yillari sepida 30 tacha kitob ham bo‘lgan ekan. Hozir bu xonadonda uch nafar qiz oliy ta’lim muassasasida davlat granti asosida tahsil oladi.

- Bo‘sh vaqtimiz bo‘ldi deguncha kitob mutolaasiga berilamiz, - deydi 25 yildan beri o‘quvchilarga ona tili va adabiyot fanidan dars berayotgan Aziza Suyunova. – Lekin farzandlarimni hech qachon kitob o‘qinglar, deb majburlagan emasman. Ularga doim yoshiga mos kitob sovg‘a qilib, badiiy asar qahramonlari haqida suhbatlashganmiz.

Mohiniso ona tili va adabiyot fanidan bir necha yillardan beri «Bilimlar bellashuvi», fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotir. Shuningdek, sportning yengil atletika turi bilan ham shug‘ullanadi.

- Xalqaro miqyosdagi olti tilni mukammal egallab, elchi bo‘lmoqchiman, - deydi kitobxon qiz.

Gulruh MO‘MINOVA.