Mojaroli karikatura chizgan rassom baxtsiz hodisa tufayli vafot etdi

Rassom Lars Vilks va uni qo‘riqlagan ikki politsiyachi Shvetsiya janubida yo‘l-transport hodisasida halok bo‘ldi, deya xabar berdi Frans Press agentligiga mahalliy politsiya vakili.

Hodisa kecha, 3 oktyabr kuni tushdan keyin Markarid shahri yaqinidagi Ye4 yo‘lida yuz bergan. Rassom ketayotgan mashina yuk mashinasi bilan to‘qnashgan, oqibatda ikkala mashina yonib ketgan. Mahalliy politsiya vakili sodir bo‘lgan voqea uyushtirilgan bo‘lishi mumkin, degan taxminni rad etdi.

"Agar shunday bo‘lganida tergov boshqacha yo‘nalishda bo‘lardi. Hodisada ikki politsiyachi bo‘lgani uchun tergov maxsus prokuratura bo‘limiga ishonib topshirildi", degan agentlik suhbatdoshi.

Gap shundaki, Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning karikaturasi 2007 yilning yozida shved gazetalaridan biri Nerikes Allehanda tomonidan nashr etilganidan keyin shved matbuoti Lars Vilks haqida yozishni boshladi.

Lars Vilks atrofidagi vaziyat 2005 yilda Daniyaning Jllands-Posten gazetasida boshqa rassom Kurt Vestergor tomonidan chizilgan Muhammad (s.a.v) karikaturasi chop etilgach sodir bo‘lgan janjallarning aks-sadosi bo‘ldi va musulmon dunyosida norozilik to‘lqinini keltirib chiqardi. Shundan so‘ng Lars Vilks tahdidlar tufayli politsiya himoyasiga olingan edi.