Mo‘’jizadan hayratga tushish va zavq tuyish barchamizga bog‘liq
Odatda, gazeta va jurnallar, ularning obunasi, tahririyatlarning iqtisodiy ahvoli haqida yil yakunida, aniqrog‘i, obuna mavsumi chog‘ida ko‘proq gapiramiz, yozamiz, bahs-munozaraga kirishamiz. Shu paytda qaysi nashrning muassisi qaysi tashkilot ekanligi, tahririyat va muassis munosabatlari ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu orada “Internet borku, gazeta kerakmi?”, “Men gazeta o‘qimayman, axborotni sayt va ijtimoiy tarmoqlardan olaman”, “majburiy obuna” degan gap-so‘zlar ko‘payib qoladi. Darrov turli uslublarda ijtimoiy so‘rovlar o‘tkaziladi va “Ana ko‘ryapsizmi, odamlar gazeta o‘qimayapti, majburiy obuna yo‘q hozir, o‘zi gazeta kimga kerak?” degan xulosalar aytiladi.
Afsuski, bugunga kelib bunday munosabat, gap-so‘zlar faqat obuna mavsumida emas, yilning boshqa paytda ham aytilmoqda. Chunki bosma nashrlarni chop etish, ular faoliyatini zamon talablari darajasida yo‘lga qo‘yish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda, sohada tizimli islohotlarni amalga oshirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
To‘g‘ri-da, keyingi o‘n yilda gazetalarimiz soni teng yarmiga qisqarib, 2021 yilning 1 yanvar holatida 366 tani tashkil etayotgan bir paytda gazeta va gazetxon, muassis va tahririyat, obuna va nashrni yetkazib berish masalalarida jiddiy bosh qotirish, tizim faoliyatini o‘zgartirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu jihatdan, ustoz jurnalist O‘tkir Rahmatning “Har kungi mo‘’jiza” – u tizimli islohotlarga muhtoj” sarlavhali maqolasi g‘alvir suvdan ko‘tarilib, qaysi nashrga qancha obuna rasmiylashtirilgani ma’lum bo‘lgan yil avvalida emas, balki ana shu jarayondan keyin oradan uch oy o‘tganda ko‘plab tahririyatlar iqtisodiy ahvoli og‘irlashib borayotganda chalingan ogohlik qo‘ng‘irog‘idek tuyuldi.
Keyingi paytda mahalliy hokimliklar muassisligidagi tuman, shahar gazetalari bir necha yuztadan nari borsa 2-3 ming nusxada (ayrimlarigina bundan ko‘proq bo‘lishi mumkin) chop etilayotganiga ko‘nikib ham qolgandik. Qarangki, bu yil viloyat, respublika darajasidagi gazetalar boshiga ham “shu kun” tushib turibdi.
Ayting-chi, ertangi kunidan umid ko‘rinmayotgan bunday nashrlarda kimlar ishlayapti? Ha, to‘g‘ri, fidoyilar, hayotini qalamga tikkanlar “ertaga vaziyat o‘zgarib qolar”, degan ilinj bilan yoki “shuncha yil soha nonini yedim, endi tashlab ketsam bo‘lmas” degan yuzxotir bilan ishlayapti. Oliy o‘quv yurtini bitirgan jurnalist, yaxshi mutaxassis mana shunday holatni ko‘rib turib, tahririyatga ishga keladi, ishlaydi deb o‘ylaysizmi? Aslo, yo‘q. Tahririyatning yaqiniga ham yo‘lamaydi.
Hozir zamon zayli deymiz yoki sharoit taqozosi – har bir mutaxassis avvalo oylik maosh bilan qiziqadi, mehnatidan qanday manfaat ko‘rishini so‘raydi (biz falon oy maoshsiz ishlaganmiz, falon paytgacha ish o‘rganganman, degan gaplar hozir noo‘rin, bundan naf yo‘q). Shunday bo‘lgach, tahririyatga, gazetaga yangi havoni, yangi ruhni kim olib kiradi? Qanday qilib bunday nashrlardan mo‘’jiza, tag‘in har kunlik mo‘’jiza kutish mumkin, ularning o‘zi arang 10-15 kunda chop etilayotgan bo‘lsa?
Maqolada internetning, gazeta-jurnallarning vazifasi haqida asosli fikrlar keltirilgan, hatto xorij davlatlarida kechgan shu kabi jarayonlar va bugungi kunda bosma nashrlarga bo‘lgan munosabat to‘g‘risida aniq ma’lumotlar bayon etilgan.
To‘g‘ri, bugun gazetalardan axborot tarqatish funksiyasi talab qilishning o‘zi noo‘rin. Axborot asosan, ijtimoiy tarmoqlar, saytlar orqali tarqatilmoqda. Bu axborot va yangiliklar tezkor bo‘lgani barobarida asosli va aniq manbalardan olingan bo‘lsa, bosh ustiga. Ammo, ba’zida birinchi bo‘lish ishtiyoqida shoshma-shosharlik bilan, asoslanmagan axborot tarqatish qanday oqibatlarga olib kelayotganini ham barchamiz ko‘rib turibmiz (buning o‘zi alohida mavzu). Lekin shu voqea-hodisaning nima sababdan yuzaga kelganini, natijasini yoki yangilikning mohiyati va kutilayotgan samarasini gazeta orqali tahlil qilib yoritish mumkinku. Bugun ayrim telekanallar informatsion dasturini aynan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan va odamlarning e’tiboriga tushgan mavzularning tafsiloti tashkil etmoqda. Gazetalar ham bugun mushtariyning shu kabi talab va istaklarini inobatga olishi lozim. Qolaversa, bosma nashrlar zimmasida aholida ijtimoiy fikrni shakllantirish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, mamlakatda yoki ma’lum bir hududdagi yangilanish va o‘zgarishlar mohiyatini xalqqa yetkazish vazifasi ham mavjud.
Obuna masalasi bugun tahririyat bosh muharrirlarining asosiy tashvishi bo‘lib qolgan. Yuqorida qayd etganimizdek, bu ish endi mavsumiy emas, yil davomida bosh qotirish kerak bo‘lgan jarayonga aylangan. Vaziyat shunday bo‘lgach, bosh muharrir qachon gazetaning ijodiy ishlarini o‘ylaydi, xodimlarni qanday qilib ruhlantiradi va ulardan yangi mavzular talab qiladi? Vaholanki, har bir tahririyatning muassisi bor, tahririyat va muassis o‘rtasidagi shartnoma yoki kelishuvda tomonlarning huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yilgan. Katta ehtimol bilan, bu hujjatlarda tahririyatning iqtisodiy holati, gazetaga obuna uyushtirish bilan bog‘liq vazifalarni muassis o‘z zimmasiga olgan. Afsuski, bugun ushbu hujjatlarni ham, o‘zaro munosabatlarni ham zamon talabiga moslashtirish kerak bo‘lyapti.
Ayni paytda tahririyat va obunachi munosabatlari sovuqlashishida gazetalarni yetkazib beruvchilarning ham yaxshigina “hissasi” bor. Bugun hech bir pochtachi, avvalgidek xonadonma-xonadon kirib gazeta tarqatmaydi. Har bir mahallada ham pochtachi yo‘q, shtatlar allaqachon qisqarib ketgan. Borlarining esa oylik maoshi o‘ziga yarasha, tabiiyki, ishga munosabati ham. Ular haftada bir marta nashrni yetkazib bersa, quvonavering. 10-15 kunda yoki bir oyda bir kelib, hammasini tashlab ketadi. Sifati iste’molchi talabini qoniqtirmaydigan bunday xizmatdan kim foydalanadi? Bunaqa sharoitda kim o‘z vaqtida yetkazib berilishi gumon bo‘lgan gazeta uchun bir yil oldin pul to‘lab obuna bo‘ladi?
Aynan shu og‘riqli masala yechimida maqola muallifi yaxshi taklif va fikrlarni aytib o‘tgan. Qayd etilganidek, matbuot targ‘iboti qo‘llab-quvvatlanishi, tizimda imtiyozlar joriy etilishi zarur. Tahririyatlarning o‘zi gazeta tarqatish faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun imkoniyatlar yaratish lozim. Ayrim tahririyatlarning bu boradagi faoliyati qiyin bo‘lsa-da o‘zini oqladi-ku.
Gazetani sotuvga chiqarish bugun sezilarli darajada kamaygan. Chunki, matbuot tarqatuvchilar tahririyatlarga buyurtma bermaydi. Sababi, berilgan buyurtma asosida gazeta sotilsa yaxshi, sotilmasa gazeta tahririyatga qaytariladi. Bu esa tahririyat uchun zarar.
Savol tug‘ilishi mumkin – ayrim gazetalar bugun tekin tarqatilyapti, ular buning xarajatini qanday qoplaydi? Buni tahririyat o‘zining iqtisodiy imkoniyatidan kelib chiqib belgilaydi yoki reklamalar orqali bu xarajatni qoplaydi. Ba’zida muassislar buning uchun imkoniyat yaratib beradi.
Afsuski, gazetachilarni va gazetxonlarni o‘ylantirayotgan bunday masalalar, og‘riqli savollar juda ko‘p. Shuning uchun ham bugun bosma nashrlarni tashkil etish va ular faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mushtariylarga yetkazib berish va boshqa masalarni qayta ko‘rib chiqish, har bir tomonning huquq va majburiyatlarini aniq belgilab qo‘yish lozim.
Ba’zilar bashorat qilayotganidek, gazetalarning umri tugamaydi. Bosma nashrlarga hamma vaqt ehtiyoj bo‘lgan. Buning sabab va omillari ham barchamizga yaxshi ma’lum. Internet, ijtimoiy tarmoq baribir gazeta, jurnal, kitobning o‘rnini bosmaydi. Bejiz kitobxonlik bugun keng targ‘ib etilmyapti. Hammasining o‘z o‘rni, o‘z o‘quvchisi bor.
G‘olib Hasanov.