Mo‘’jizalar olamiga sayohat

Bu joyni boshqa nom bilan atab bo‘lmaydi. Rostdan bu yerda mo‘’jizalar yaratiladi.

Bu joyning o‘zi, uning yaralishi mo‘’jiza.

Bu – “Tirilish: Ertug‘rul”, “Qurilish: Usmon” seriallari suratga olingan va “Mendirman Jaloliddin” seriali suratga olinayotgan kinopavilon.

Faxrlansak arziydigan serial

“Ertug‘rul” serialidan faxrlansak arziydi. Negaki, bu serial aynan bizning diyorimizdan Turkiya zaminiga borib, buyuk Usmoniylar imperiyasiga asos sola olgan mard o‘g‘lon Ertug‘rul Bek haqida.

Endi muxlislarimizga tarixni eslatishning hojati yo‘qdir. “Ertug‘rul” serialini televizor ekranlari qarshisiga mixlanib tomosha qildilar va millatimiz taqdiri, qayg‘uli kunlari bilan bog‘liq tarixni o‘rganib olishdi.

Serial ham aynan XIII asr voqealaridan, 1924 yilgacha hukm surgan imperiyaga nom bergan Usmon G‘oziyning otasi, Chingiz bosqinidan qochib, Onado‘liga borib qolgan, u yerda ham oz mashaqqatlar chekmagan, umri xalqining tirik qolishi qayg‘usi bilan o‘tgan o‘g‘uz turkiylarining Qay urug‘i begi Ertug‘rul Bekning hayoti va janglari haqida hikoya qiladi.

Filmni bugun aynan shu seriali bilan mashhur bo‘lgan rejissyor va prodyusser Muhammad Bo‘ztog‘ (Mehmet Bozdag‘) suratga olgan. Bunaqa serial olish g‘oyasini bergan va rejissyorlarni shunaqa jangovar filmlar ishlashga "majbur qilgan" odam esa "tomoshabinlarni fisqu-fasodchi, mish-mishchi, g‘iybatchi qilib qo‘ygan, sultonlarni haramdan chiqmagan xotinmijoz qilib ko‘rsatgan bu bilan buyuk mamlakat hukmdorlarining obro‘sini to‘kkan" “Muhtasham yuz yil” serialini ayamay tanqid qilgan, hatto mamlakatda uning namoyishini to‘xtatib qo‘ygan Turkiya davlati rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘andir.

Davlat rahbarining talabiga labbay deb javob bergan Muhammad Bo‘ztog‘ avvaliga “Tirilish: Ertug‘rul”, keyiniga “Qurilish: Usmon” seriallarini ishlab, o‘zi ham mashhur bo‘ldi. Prezident istagan filmlarni yaratish bilan turk o‘g‘lonlari qatori o‘zbek yigitlari yuragida ham mardlik, jasurlik olovini qayta yoqdi. Alloh yo‘lini bersa, bu ijodkor, mening sezishimcha, buyuk turk sultonlari haqida o‘nlab seriallar olib, mamlakati tarixini kinotasmalarga muhrlaydi.

Shu narsani ishonch bilan ayta olamizki, Ertug‘rul – turk xalqining millat o‘laroq tiklanishida muhim o‘rin tutgan, shu bilan birga o‘zbek xalqining ham sha’nini ulug‘lagan buyuk tarixiy qahramondir.

Kinomaydon haqida

Nega bu joy va bu joyning yaralishini mo‘’jiza dedim?

Avvalo, bu maydonning o‘zi mo‘’jizaviy bir hududda barpo qilingan: Istambulning Beykoz (Bekko‘z) degan mavzesi (Istambuldan 50 kilometr olis)da, Kichiksuv, Ko‘ksuv va Riva daryolari oralig‘idagi, bir tomoni Qora dengizga, bir tomoni Bosfor bo‘g‘oziga tutashgan, bir tomoni o‘rmon bilan qoplangan, xullas, tarixiy filmlarni suratga olish uchun bundan qulay joy topib bo‘lmaydigan makon.

Ishonasizmi, Muhammad Bo‘ztog‘ning ishboshilari bu suratga olish maydonini tayyorlash uchun uch yil tayyorlanishgan. Yurtimizga kelib, xorazmshohlardan qolgan saroylar, qasrlar, masjidlarning, Samarqanddagi masjid va madrasalarning aniq o‘lchamlarini, minglab tarixiy binolarning foto va videotasvirlarini olishgan. Shundan keyingina bu maydonni qurishni boshlashgan va mingdan ortiq usta bu maydonni bir yilda qurib bitkazishgan. E’tiborli jihati shundaki, saroylar, masjidlar, madrasalar, qal’alar, cherkovlar aynan o‘sha o‘lchamlarda, asliga monand qilib qurilgan.

O‘tovlar Turkmanistondan, gilamlar Eron va Turkmanistondan, kashtalar, zardevollar, ayrim liboslar O‘zbekistondan keltirilgan.

Men bu maydonda Samarqand, Xivadagi madrasalarni ko‘rib, bir lol qoldim, ular nimadan ishlanganini ko‘rib, o‘n lol qoldim. Ularni haqiqiy tosh, g‘ishtlardan qurilgan, deb o‘ylasam, aksariyati oddiy “penoplast” degan ashyodan ishlangan ekan.

– Bularni siz o‘ylagandek, tosh yo g‘ishtdan bino bo‘lgandek ko‘rinishlari uchun bo‘yoqchilarimiz har bir devorni kamida yetti martadan bo‘yashlariga to‘g‘ri keldi, – deydi “Bo‘zdag‘film” kinostudiyasi ish boshqaruvchisi. – Ammo hamma binolar ham shunday “aldamchi” emas. Masalan, shohlarning yoki amaldorlarning uylari haqiqiy qurilish ashyolaridan qurilgan va ularda tasvirga olish jarayonlari ketayotgan kunlarda kinoaktyorlar va kinoijodkorlar yashashadi, ovqatlanishadi, dam olishadi. Bu uylarda hamma sharoitlar muhayyo qilingan. Aktyorlar o‘zlarini kamida o‘sha amaldordek his qilishlari kerak-da!

Bizning Xorazmshoh qasrida hayratlanganimizni ko‘rib, ishboshi bu muhtasham qasrga ham izoh berdi:

– Bunaqa pavilonlar dunyoda ko‘p, o‘sha Gollivudda ham bor, ammo ularda faqat maketlari, binolarning esa fasad qismigina yasaladi. Biz esa barcha binolarni to‘laqonli yasaganmiz, fasadi bor uyning orqa devori ham, tomi ham bor. Bu yerda yasalgan masjidda o‘zimiz ham namoz o‘qiymiz. Bu qasrga e’tibor bering, balandligi 27 metr bo‘lgan yana birorta qasrni ko‘rganmisiz? Bu Xorazmshoh qasrining o‘sha zamondagi nusxasi. Xorazmshoh tirilib kelganida o‘zi ham qoyil qolgan bo‘lardi.

Kinomaydonda O‘zbekistonning Urganch, Samarqand shaharlaridagi tarixiy binolari, Vizantiya qal’alari, Chingizxon va Qaylarning o‘tovlarini yonma-yon ko‘rasiz.

Ertug‘rulning o‘tovida

Kinoni tasvirga olish maydoniga tashrifimizning eng ta’sirli joyi shu bo‘ldiki, bizni Ertug‘rulning chodiriga taklif qilishdi. Shu yerda filmlar, ularning suratga olinish jarayonlari haqida suhbatlashdik.

Bizlarga navbat bilan Ertug‘rul o‘tirgan taxtga o‘tirib, suratga tushishga ruxsat berishdi. Aniqrog‘i, birortamizga o‘zimizning suratga yo videotasvirga olishimizga ruxsat berishmadi, aksincha o‘zlari suratga olib, bizlarga yuborishdi.

Men Ertug‘rulning taxtida, uning bosh kiyimini kiyib, uning bayrog‘i ostida, ikkala yonida yonida ikkita BO‘RI terisi yopilgan taxtida o‘tirar ekanman, tanamdagi qonim qizib kelayotganini, vujudimda bir jangovarlik uyg‘onib kelayotganini his qildim. (Bo‘rini nega katta harflarda yozganimni muxlislarim anglashgandir, mening dunyoda eng yaxshi ko‘rgan jonivorim bo‘ri. Bo‘ysunmas va hech qachon qo‘lga o‘rganmas bu yirtqich mening bo‘ytumorimdir).

– “Ertug‘rul” va “Usmon” seriallari olib bo‘lingach, shunday noyob narsalarni buzib tashlaysizlarmi? – so‘radim bu “imorat”lar taqdiriga qiziqib.

– Yo‘q, avvalo, pavilonda “Qurilish: Usmon” serialining keyingi fasllarini suratga olish ishlari davom etmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston hukumatining buyurtmasiga binoan olinayotgan “Mendirman Jaloliddin” seriali ham aynan shu suratga olish maydonida ishlanmoqda.

Biz oxirgi sanalgan serialda o‘zbek kinoaktyorlarini ham ko‘rganimizdan xursand ekanimizni aytdik.

– Ha, “Mendirman Jaloliddin” serialida suratga tushayotgan aktyorlarning 80 foizi o‘zbek ijodkorlari. Ammo “Qurilish: Usmon” serialida ham Ma’ruf Otajonov, Akbarxo‘ja Rasulov, Tohir Saidov kabi o‘zbek aktyorlari rol ijro etishgan.

Albatta, biz “Ertug‘rul” serialining muvaffaqiyatlari bilan qiziqdik.

– “Tirilish: Ertug‘rul” filmi dunyoning 80 dan ortiq mamlakatida namoyish etildi va bu filmning ommalashuvi mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshishiga sabab bo‘ldi.

Ertug‘rulning bayrog‘i

Ertug‘rulning o‘tovida hammamizga “Ertug‘rul” serialiga oid bo‘lgan nimalarnidir sovg‘a qilishdi. Kimga qalpog‘i, kimga qamchisi, qizlarga malikaning ro‘moli... Menga nima sovg‘a qilishdi, deng? Ertug‘rulning bayrog‘ini!

O‘zi shu bayroq ko‘zimga olovdek ko‘rinib turgandi. Bu bayroq erkak kishiga mardonalik, jangovarlik berib turadi. Hozir bu bayroq xonamda osig‘liq turibdi. Buyuk vatandoshim ko‘targan buyuk bayroq xonamda turganidan faxrlanaman! U menga kuch, g‘ayrat bag‘ishlab turadi!

Bu bayroq ajdodlarimni unutishimga yo‘l qo‘ymaydi! Buyuk jangari ajdodlarimni hamisha yodimga solib turadi! Yozadiganlarimga shiddat, shijoat bag‘ishlaydi. Sizga ham Ertug‘rul kabi mardonalik, yoqvurlik tilayman, muxlisim!

Karimberdi To‘ramurod,

Istambul, Boyko‘z, zarnews.uz sayti uchun maxsus.