Mol-mulkning kadastr hujjati bo‘lmasa, kim qancha soliq to‘laydi?

O‘tgan yilgidan farqli ravishda bu yil soliqni hisoblashda kadastr qiymati 42 million so‘mdan kam bo‘lmasligi belgilandi. Agarda mol-mulkning kadastr qiymati mavjud bo‘lmasa, mol-mulk shartli qiymatda Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida 210 million so‘m, boshqa shaharlar hamda qishloq joylarda 90 million so‘m miqdorida hisoblanadigan bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, soliq yuki 2018 yilda keskin oshib ketmasligi uchun kadastr qiymatiga asosan hisoblangan soliq summasi 2017 yildagiga nisbatan 20 foizdan ko‘p bo‘lmasligi belgilandi. 

Shuningdek, soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanganlik uchun jismoniy va yuridik shaxslar ikki hissa ko‘proq jarima to‘laydigan bo‘ldi. Demak, bunday bo‘lmasligi uchun albatta, mol-mulkning kadastr hujjatlarini tayyorlash zarur. 
Yuqoridagi qarorga asosan ob’yektning kadastr qiymatini hisoblash ishlari respublika Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining hududiy yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonalari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda o‘tkaziladi. Shuningdek, qurilayotgan, egasi noma’lum, foydalanishga yaroqsiz bo‘lgan ko‘chmas mulk ob’yektlari uchun kadastr qiymati hisoblanmasligi belgilangan. Keltirilgan qaror bilan tasdiqlangan nizomga asosan, ko‘chmas mulk ob’yektlarining kadastr qiymati umumiy ishlatiladigan maydonning bir kvadrat metri, hududiy tuzatish va eskirish koeffitsiyentlari asosida hisoblanadi. Hozirda viloyatdagi 628 ming 486 ta ko‘chmas mulk ob’yektlarida qayta hisoblash ishlari olib borilmoqda. 

Jumladan, Past Darg‘om tumanida ham bu borada arzirli ishlar amalga oshirildi. 
– Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 3 avgustdagi "2016-2017 yillar davrida jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk ob’yektlarini yalpi xatlovdan o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga asosan, tumandagi barcha ko‘chmas mulk ob’yektlari xatlovdan o‘tkazib bo‘lindi, – deydi viloyat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Past Darg‘om tuman filiali boshlig‘i Olim Ismatov. – Natijada, tumanimizda qariyb 4 mingga yaqin ro‘yxatdan o‘tmagan ob’yektlar aniqlanib, ulardan byudjetga qo‘shimcha ravishda 4 milliard so‘mdan ortiq soliq tushumlari undiriladigan bo‘ldi. Filialimizdagi 41 nafar xodim bir yil davomida 68 ming 152 ob’yektni xatlovdan o‘tkazib, qariyb 24 mingtasining kadastr hujjatlarini tayyorladi va 15 mingtasiga egalik huquqi belgilanib, davlat ro‘yxatiga olindi. Ob’yektlarni xatlovdan o‘tkazishda dastlab yuqoridagi qarorga asosan, eng kam ish haqining bir barobari miqdorida davlat boji undirilgan bo‘lsa, 2017 yil 1 iyuldan kadastr xizmatlari markazlashgan tizimga o‘tdi va 1 sentyabrdan boshlab kadastr hujjatlarini tayyorlashda bino ichki o‘lchovi umumiy maydonining 1 kvadrat metri uchun respublikamizda amalda bo‘lgan eng kam ish haqining 1,25 foizidan 1 foiz miqdorida to‘lov undiriladigan bo‘ldi. Ya’ni, binoning har bir kvadrat metri uchun hozirgi kunda 2153 so‘m miqdorida davlat boji undiriladi. Misol uchun, 200 kvadrat metr uyi bor kishi uy-joyiga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun o‘rtacha 430 ming so‘m davlat boji to‘laydi. 

Ma’lumot uchun, mamlakatimizda belgilangan 2018 yilgi soliq stavkalaridagi o‘zgarishlarga asosan, shaharlarda joylashgan, umumiy maydoni 200 dan 500 kvadrat metrgacha bo‘lgan turarjoy va kvartiralarga kadastr qiymatining 0,25 foiz miqdorida, maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan turarjoy va kvartiralar uchun esa 0,35 foiz miqdorida, boshqa aholi punktlarida joylashgan umumiy maydoni 200 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan turarjoy va kvartiralar, dala hovli qurilmalari uchun 0,25 foiz miqdorida soliq solinadi. Kadastr hujjatlari bo‘lmagan taqdirda shartli summaning 0,2 foizi miqdorida soliq undiriladi.