“Mone” ni bilamiz, Moturidiy maqbarasi qayerdaligini bilmaymiz

Dam olish kunlari Samarqanddagi ba’zi ziyoratgohlarga borib, bir nechta holatlarga guvoh bo‘ldim. Avvalo, hozir ayni turizm mavsumi boshlangan payt bo‘lgani uchunmi, tarixiy maskanlarda ziyoratchilar ko‘p edi. Misol uchun Hazrati Doniyor, Shohi Zinda, Bibixonim majmuasida nafaqat mahalliy, balki xorijlik sayohatchilar ham anchagina edi. Asosiy maqsadimiz Samarqandda yotgan ulug‘larni ziyorat qilish bo‘lgani uchun bu maskanlardan chiqib Imom Moturidiy, Xo‘ja Ahrori Vali, Bahovuddin Sog‘arjiy, Mahdumi A’zam ziyoratgohlariga ham bordik. Afsuski, ayniqsa imom Moturudiy va Xo‘ja Ahrori Vali ziyoratgohlarida deyarli ziyoratchi uchratmadik.

Shunda o‘tgan yili Buxoroga sayohat uchun borganimizda u yerdagi yetti pir ziyoratgohlariga odamlar navbatda turib kirayotgani yodimga tushdi. To‘g‘ri, ehtimol u yerda ham bunday gavjumlik doimiy ravishda bo‘lmas, ammo biz ushbu ziyoratgohga borgan kunlarimiz ham dam olish, yuqorida aytganimday, sayyohlik mavsumiga to‘g‘ri kelayotgan edi.

Aytmoqchimanki, islom dini quvvati uchun katta hissa qo‘shgan, butun islom olamiga mashhur allomalar xoki aynan Samarqandda joylashganini bugun afsuski nafaqat boshqa viloyat ziyoratchilari, balki samarqandliklar ham yaxshi anglamaydi. Garchi ziyorat ko‘ngil hoxishi, ruh oromi uchun amalga oshirilsa-da, bu jarayonda inson bevosita tarix bilan qiziqadi, ma’naviy ildizlarimiz nelar bilan oziqlanganiga yana bir karra e’tibor beradi. O‘ziga bir nazar tashlaydi, bu hayotda nimalar bilan shug‘ullanayotganiyu, nimalarni boy berayotgani haqida mushohada yuritadi. Shu ma’noda ham ushbu ziyoratgohlarga tashrif kishi ko‘nglini poklaydi, ezgu amallar qilishga yo‘llaydi. To‘g‘risi, xayolimda hatto Samarqandda ham yetti pir yo‘nalishini tashkil etish kerak emasmikan, degan fikrlar ham o‘tdi. Ammo olimlar bilan suhbatlashish asnosida bu fikrlarim biroz xato ekanligini tushunib yetdim.

Pir tushunchasi turkiylarga xos

-Pir tushunchasi faqat turkiy dunyo mamlakatlari ko‘proq e’zozlaydigan va ixlos qiladigan tushuncha, - deydi Imom Buxoriy xalqaro markazi ziyorat turizmini rivojlantirish ilmiy bo‘limi rahbari Barot Amonov. - Ammo butun dunyodagi islom davlatlarida bu tushuncha unchalik shakllanmagan va Imom Buxoriy, Imom Moturudiy kabi allomalarning dinimizga qo‘shgan hissasi beqiyosligi bilan ulug‘lanadi. Biz ushbu ziyoratgohlarni bir yo‘nalishda qilib ularning darajasini qaysidir ma’noda tushirib qo‘yishimiz mumkin. Sababi, ularning har biri o‘z sohasida ulug‘ ishlarni amalga oshirgan. Ushbu bobokalonlarimizning merosini, ular amalga oshirgan ishlarni doimiy ravishda gapirib borishimiz juda muhim, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, bugun xorijda, xususan, islom davlatlarida ziyorat turizmi targ‘iboti bo‘yicha qator ishlar olib borilayapti. Ammo afsuski, ushbu targ‘ibot tadbirlarida mamlakatimizda tashkil etilgan xalqaro markazlar vakillari taklif etilmayapti. Vaholanki, bugun yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturudiy ilmiy tadqiqot markazlari  ushbu allomalar asarlarini tadqiq etish, keng ommaga yetkazish kabi  vazifalar bilan shug‘ullanadi.

Aytish kerakki, Imom Moturudiy orom topgan Chokardiza qabristonining o‘zida 400 ga yaqin Muhammad ismli avliyolar xoki qo‘nim topgan. Shuningdek, Abu Lays Samarqandiy, Umar Nasafiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ alloomalarimiz qabrlari ham aynan shu yerda. Bu maskan ziyorati kishiga nafaqat ruhiy orom, balki tariximiz, Samarqandda yashab o‘tgan olimu ulamolar hayoti haqda ham ko‘p bilim beradi.

Targ‘ib yangicha bo‘lishi kerak

Butun islom olamiga mashhur ushbu ziyorat maskaniga odam kamligi ularning bu haqda bilmasligidanmi yoki moliyaviy sabablar ham bormikan? Bu haqda sayohat tashkil etuvchi firma rahbarlari bilan suhbatlashdik.

-Biz asosan ziyoratchilar talablari asosida ish yuritamiz, - deydi Abbos Hazratqulov. – Misol uchun, Samarqandga borgach, albatta Registon, Amir Temur maqbarasi yoki shunga o‘xshash obidalarni ko‘rishni niyat qilgan  sayohatchilarga ularni majburlab boshqa yo‘nalish belgilay olmaymiz, albatta. Tabiiyki, sayohatchilarning Samarqandda bir kun emas, ikki kun qolishi biz uchun ham daromadliroq bo‘lar edi. Chunki siz aytgan ziyoratgohlarga ham borish uchun Samarqandga bir kunlik sayohatning o‘zi kamlik qiladi. Ammo bu mijozlarning o‘zlari hal qilishi kerak bo‘lgan tanlovdir.  Afsuski, siz aytgan, hatto xorijdan ham xos ziyoratchilar  izlab keladigan, ulug‘ allomalar qo‘nim topgan makonlar yetarlicha targ‘ib qilinmayapti, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, telekanallarda ular haqda qator ko‘rsatuvlar berilishi, katta maqolalar chop etilayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo bugun global tarmoq rivojlangan, odamlar asosan qisqa video ko‘rib, qisqa matnlar bilan kifoyalanib qolayotgan bir paytda ushbu ziyoratgohlar ham o‘ziga xos tarzda aholiga namoyish etilishi lozim.

Keyingi yillarda ziyorat turizmi, uni rivojlantirish borasida respublika miqyosida qator tashabbuslar ilgari surildi, Samarqandda ham bu bo‘yicha xalqaro doiradagi konferensiyalar o‘tkazildi.

Ziyorat marshrutlari ko‘pam o‘zgarmagan

- Viloyat "Vaqf xayriya jamoat fondiga qarashli ziyorat turizm ob’yektlariga 2023 yil davomida ziyorat turizmi bo‘yicha 261 783 ta xorijiy va 1 277 733 ta mahalliy jami 1 539 516 ta sayyohlar tashrif buyurgan, - deydi viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Rahmonov. - Bunda asosiy tashrif ob’yektlari sifatida Shohi-Zinda ziyoratgohi, Xo‘ja-Doniyor, Hazrati Hizr masjidi, Hazrati Dovud ziyoratgohi hamda Ruhobod maqbarasi asosiy sayyohlar oqimini o‘ziga jalb qilayotgan ziyoratgohlarimizdan bo‘ldi.

Samarqand viloyatida 147 ta ziyoratgohlar va muqaddas qadamjolar mavjud. Ta’kidlab o‘tish joiz, bugungi kunga kelib viloyatimizning turizm salohiyatini islom dini mamlakatlaridagi keng targ‘iboti natijasida ziyorat maqsadida sayyohlar soni ortmoqda. Natijada 2023 yilda Samarqand viloyatidagi mavjud ziyoratgoh va muqaddas qadamjolarga 500 000 dan ortiq sayyohlarni jalb etish bo‘yicha reja qilingan bo‘lsa, 2024 yilga ziyorat turizm bo‘yicha 700 000 dan ortiq keladigan turistlarni jalb qilish rejalashtirilgan. Qayd etish joiz, joriy yilning dastlabki uch oyi davomida viloyatimizdagi ziyoratgohlarga 150 mingdan ortiq sayyohlar tashrif buyurdi.

Viloyatimizdagi ziyoratgohlar va muqaddas qadamjolarga asosan Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkiya, Turkmaniston kabi davlatlardan sayyohlar tashrif buyurayotgan bo‘lib, bugungi kunda aholi sonining asosiy qismini musulmonlar tashkil qiluvchi Malayziya, Singapur va Indoneziya davlatlaridan ham ziyorat turizm yo‘nalishida sayyohlarni keng jalb qilish maqsadida bir qator muhim qadamlar qo‘yilmoqda.

Tahlil va hisob-kitoblarga ko‘ra, Imom al-Buxoriy merosiga qiziquvchi ziyoratchilar Indoneziya, Turkiya, Pokiston Malayziya kabi davlatlardan, Abu Mansur Moturidiy merosiga qiziquvchi ziyoratchilar Hindiston, Turkiya, Pokiston, Bangladesh kabi davlatlardan, Xo‘ja Axrori Valiy va Mahdumi A’zam izdoshlari bo‘lgan ziyoratchi Indoneziya, Malayziya, Turkiya, Tatariston va Checheniston kabi davlatlardan, Xo‘ja Doniyor hamda yahudiylar dini merosiga talabgor ziyoratchilar Isroil, AQSh, Fransiya va Rossiyadan jalb qilish imkoniyati mavjud.

Samarqand viloyati Payariq tumanida Imom al-Buxoriy majmuasida Ziyorat turizm klasteri tashkil etish bo‘yicha yirik ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Majmua hududida 7 ta mehmonxona, 3 ta choyxona, supermarket, bozorcha, milliy hunarmandchilik buyumlari sotish ayvoni, hammom, tahoratxona, qushxona,  avtobus va yengil avtomobillarni vaqtincha saqlash maydonlari, avtostansiya qurilishi belgilangan.

Darvoqe, ushbu maqolani tayyorlash jarayonida saytimizda (Zarnews.uz) ziyoratchilar nisbatan kam bo‘lgan, yuqorida nomlari keltirilgan muqaddas qadamjolar rasmlarini, allomalarning hayoti haqida misollar bilan so‘rovnomalar ham tashkil etdik. Garchi to‘g‘ri javoblar soni 50 foizdan ortgani kishini quvontirsa-da, ammo saytimizning asosiy o‘quvchilari samarqandliklar ekanini hisobga olsak, bu natija kishini o‘ylantirib qo‘yadi.

Gulruh MO‘MINOVA.