Monorels - unutilgan kelajak

Bugungi kunda yurtimizga kelayotgan sayyohlarning aksariyati Xiva, Buxoro, Samarqand singari shaharlarimizdagi tarixiy va me’moriy yodgorliklar, osori-atiqalar, muqaddas maskanlarni ziyorat qilishmoqda. Turizmning boshqa yo‘nalishlarini ham rivojlantirish, munosib infrastruktura yaratish orqali mamlakatimizga tashrif buyuradigan turistlar sonini yiliga 11 million nafarga yetkazib, shuning 7 milliondan ziyodini Samarqandga jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Shu sabab Samarqandda transport infrastrukturasini mukammallashtirish, shahar atmosferasi havosi tozaligini saqlash, qulay va ekologik toza transportlarni joriy qilish muhim.

Jumladan, Chexiyada ishlab chiqarilgan 20 dona tramvay olib kelinib, bugungi kunda 2 ta yo‘nalish bo‘ylab xizmat ko‘rsatilmoqda. Bu boradagi ishlar kelgusida davom ettirilib, yangidan-yangi yo‘nalishlar ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Samarqand shahriga 304 ta zamonaviy avtobus, 94 ta elektrobuslar keltirilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari,  Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki grant loyihasi asosida 90 ta avtobus, 70 ta elektrobus, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan 100 ga yaqin mikroavtobuslar xarid qilish rejalashtirilgan. 

Samarqand shahrida avtomobil yo‘llari qayta ta’mirlanayotgani, zamonaviy yo‘l o‘tkazgich va ko‘priklar qurilayotganiga qaramasdan transport vositalarining xarakatlanishida birmuncha muammolar yuzaga kelayotgani sir emas. Yo‘llarda sodir bo‘layotgan tirbandliklar shular sirasiga kiradi. Bunday holat nafaqat shaharliklar, balki bu yerga tashrif buyurayotgan sayyohlarda ham turli noqulayliklar tug‘dirmoqda.

Dunyoga yetakchi, yirik megapolis shaharlar tajribasidan shu narsa ma’lumki, qulay transport xizmati ko‘rsatishda monorelslardan foydalanish muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda Hindiston, Xitoy, Yaponiya, AQSh va boshqa bir qator davlatlarda mazkur transport turi juda ommalashgan.

- Tirbandliklar, ob-havo ifloslanishining oldini olish maqsadida kelajak transporti, ekologik toza transport monorelslar, ya’ni havoda yuradigan elektr liniyalarini joriy etish maqsadga muvofiq bo‘ladi, - deydi viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va  iqlim o‘zgarishi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i To‘raxon Hoshimov. - Dastlab, monorelslar Samarqand shahri atrofida xalqa yo‘li sifatida joriy etilib, so‘ngra ushbu xalqa yo‘liga shaharga yondosh tumanlar tutashtirilsa, qator muammolarga yechim topiladi. Monorelslar joriy etilishi global iqlim o‘zgarishi davrida nihoyatda qulay ekologik sharoitlar yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

Shuningdek, ekologik muammolarni oldini olish maqsadida sanoat ishlab chiqarish korxonalarining atrof-muhitga ko‘rsatayotgan salbiy ta’siri oqibatlarini bartaraf etish uchun ularga zamonaviy 99,5 foiz bo‘lgan chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilmoqda.

Xususan, Kattaqo‘rg‘on tumanida ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari, g‘isht ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’yektlari, tegishli mutaxassislar ishtirokida seminar o‘tkazilib, koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda korxonalarning atmosferaga salbiy ta’sirini kamaytirishda xorij tajribasi o‘rganildi.

Abduvali Xudoyorov,

jurnalist.