Moskvada qisman safarbarlik tugagani e’lon qilindi

Moskva qisman safarbarlik bo‘yicha topshiriqlarni bajardi, shu munosabat bilan safarbar etilganlarni yig‘ish punktlari 17 oktyabr, dushanba kuni soat 14:00 da yopiladi. Bu haqda poytaxt meri Sergey Sobyanin o‘z blogida ma’lum qildi.

Merning aytishicha, Moskva harbiy komissari tomonidan Prezident farmonida va Mudofaa vazirligi topshirig‘ida belgilangan qisman safarbarlik doirasidagi vazifalarning bajarilishi haqida unga ma’lumot berilgan.

Safarbarlik jarayonida yashash yoki ish joyi bo‘yicha yuborilgan chaqiruv qog‘ozlari o‘z kuchini yo‘qotadi. Sobyanin safarbarlikni poytaxt aholisi uchun katta sinov deb atadi va shaharda bu jarayon moskvaliklar mas’uliyati va vatanparvarligi tufayli yakunlanganini ta’kidladi.

Sentyabr oyida poytaxt meri Moskvada harbiy komissarlik va shahar xizmatlari xodimlari harbiy yoshdagi erkaklarga berilgan safarbarlik chaqiruvnomalarini qo‘shimcha ravishda tekshirganini xabar qilgan edi. Natijada, harbiy ro‘yxatga olish va qabul qilish bo‘limlaridan yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar asosida berilgan bildirishnomalarning bir qismi bekor qilingan, dedi Sobyanin.