Movarounnahr (ikki daryo oralig‘i)da hukmronlik qilgan davlatlar haqida bilasizmi?

Hozirgi O‘zbekiston mintaqasi qadim zamonlardan hozirgacha ko‘plab xalqlarning boshini mushtarak taraqqiyot jarayonlari atrofida birlashtirib kelgan.

Bu hududlar taqdirlari tutash ko‘plab xalqlar uchun ilk beshik vazifasini o‘tagan. Shu sababli, tarixga oid xoh turkiy, xoh forsiy, xoh xitoy yoki hindiy, yunon, arabiy, boringki, har qanday yozma manbaga diqqat qilinsa, mazmuni va bergan ma’lumotlariga ko‘ra ular O‘zbekiston xalqlari o‘tmishi va davlatchiligi uchun mushtarak bo‘lib chiqadi. Buning tub mohiyati O‘zbekistonning muhim geografik mintaqada joylashgani va qadim zamonlardan boshlab yagona tarixiy madaniy hudud bo‘lib kelgani bilan izohlanadi. Bugungi O‘zbekiston hududida ahamoniylar, salavkiylar, Yunon-Baqtriya, kushon, qang‘, xioniylar, eftaliylar va Turk xoqonligi davlatlari davrida turli davlat uyushmalari shakllanib, ularda poytaxt shahar, qo‘shin, soliq, davlat chegaralari, tanga zarbi, hokimiyat ramzlari, til va yozuv kabi milliy davlatchilik asoslari mavjud edi.

    Rivojlangan o‘rta asrlar davriga kelib esa Movarounnahr (arabcha – “daryoning narigi tomoni”) atamasi ostida manbalarda uchraydigan O‘zbekiston hududlari milliy davlatchilikning keyingi davri uchun taraqqiyot manzili bo‘ldi. VIII asrning o‘rtalarida arablar istilosi natijasida Islom dini joriy qilingan Movarounnahr IX-XIII asrlarda G‘aznaviylar, Somoniylar, Qoraxoniylar, Qoraxitoylar, Xorazmshohlar davlatlari tarkibida bo‘lgan. XIV asrga kelib mo‘g‘ullar davrida inqirozga uchragan xo‘jalik qaytadan tiklana boshlandi. O‘zbekiston hududi bu davrda Amir Temur va Temuriylar, XVI asr boshidan esa Shayboniylar saltanati tarkibida bo‘ldi. Bu davrda Markaziy Osiyo mintaqasida Ikkinchi Renessans davri yuz berib, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy jarayonlar rivojlandi va mintaqa xalqlari milliy davlatchiligi yana bir pog‘ona odimladi.

Milliy davlatchilik tarixiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Turon zaminida quyidagi davlatlar o‘z hukumronligini o‘rnatgan bo‘lib, miloddan avvalgi VII-VI asrlarda O‘zbekiston hududlarida so‘g‘diylar, xorazmliklar, baqtriyaliklar, sak va massaget qabilalari yashaganlar. So‘g‘diylar Zarafshon va Qashqadaryo vohasida, xorazmliklar Xorazmda, baqtriyaliklar Surxon vohasi va Shimoliy Afg‘oniston hududlarida, saklar Sirdaryo bo‘ylari va Janubiy Qozog‘iston hududlarida, massagetlar esa cho‘llar va Amudaryo bo‘ylarida istiqomat qilganlar.

Qadimgi Baqtriya davlati. Miloddan avvalgi VII asrda Markaziy Osiyoda tashkil topgan davlat. Marg‘iyona va So‘g‘diyona hududlari ham uning siyosiy va madaniy ta’sirida bo‘lgan.

Katta Xorazm davlati. Xorazm hududida tashkil topib, Xorazmdan tashqarida bo‘lgan yerlarni ham birlashtirgan. Markazi Ko‘zaliqir qal’asi edi.

Ahamoniylar hukmronligi. Turon Miloddan avvalgi VI asrda ahamoniylar tomonidan bosib olinadi (Mintaqada hukmronlik qilgan mashhur ahamoniy hukmdorlar: Kir II – massaget To‘maris bilan, Doro I – sak Shiroq bilan, Doro III – yunon makedonlar bilan nizolashgan).

Yunon-makedon hukmronligi. Aleksandr Makedonskiy Miloddan avvalgi 330-328 yillarda Turonni istilo qilgan. Spitamen Makendonskiyni ikki marta mag‘lubiyatga uchratgan. Aleksandr vafotidan keyin mintaqa Salavkiylar davlati tarkibiga kirdi. Salavkiylar davlatidan esa sharq va g‘arb madaniyatini o‘zida aks ettirgan Yunon-Baqtriya davlati ajralib chiqdi.

Qadimgi Xorazm. Miloddan avvalgi IV asrda Xorazm Ahamoniylar davlatidan ajralib chiqib, mustaqil davlatga aylandi.

Qang‘ davlati. Miloddan avvalgi III asrdan – milodiy III asrga qadar Toshkent vohasida mavjud bo‘lgan davlat.

Davan davlati. Miloddan avvalgi III asrdan – milodiy III asrga qadar Farg‘ona vodiysida mavjud bo‘lgan davlat.

Kushon davlati. Milodiy I-III asrlarda mavjud bo‘lgan qudratli davlat. Asoschisi Kudzula Kadfiz.

Xorazm. Afrig‘iylar davlati. Qang‘ davlatidan ajralib chiqqan. Dastlab uning poytaxti Tuproqqal’a shahri edi.

Xioniylar, kidariylar, eftaliylar. IV-VI asrlarda Turon va unga qo‘shni hududlarda hukmronlik qilgan sulolalar.

Turk xoqonligi. 563-567 yillarda Eftaliylar ustidan g‘alaba qozongan turklar Turonda Arab xalifaligi istilosi (VIIIasr)ga qadar hukmronlik qilgan.

Arab xalifaligi. VIII-IX asr boshlarida hukmronlik qilgan.

Somoniylar davlati – xalifalikdan ajralgan birinchi markazlashgan davlat. 865–999 yillarda – Movarounnahr va Xurosondagi o‘rta asr davlati.

G‘aznaviylar davlati. 963-1186 yillarda Xurosondagi o‘rta asr davlati.

Qoraxoniylar davlati. 992-1212 yillarda Movarounnahr va unga tutash hududlarda hukmronlik qilgan sulola.

Saljuqiylar davlati. XI asr Movarounnahr va Xurosondagi o‘rta asr davlati. Keyinchalik hozirgi Turkiya hududlarini istilo qilgan.

Xorazmshoxlar davlati. 995-1231 yillarda, ya’ni 1231 yilgacha Jaloliddin Manguberdi halokatiga qadar hukmronlik qilgan. Bu davlat mo‘g‘ullar istilosi natijasida yo‘q qilingan.

Chig‘atoy ulusi. Movarounnahr 1224 yildan to 1370 yil, ya’ni Amir Temur o‘z davlatini tuzguniga qadar Chingizxonning Chig‘atoy ismli o‘g‘liga mulk qilib bergan ulus tarkibida bo‘lgan.

Amir Temur va Temuriylar davlati. 1370 yildan to 1507 yilga qadar mavjud bo‘lgan qudratli davlat. Poytaxti Samarqand.

Shayboniylar davlati. 1501-1601 yillar, poytaxti dastlab Samarqand, so‘ngra Buxoro.

Buxoro xonligi (1756 yildan amirlik). 1533-1920 yillar, poytaxti Buxoro.

Xiva xonligi. 1512-1920 yillarda mavjud bo‘lgan. Poytaxti Xiva, keyinchalik o‘zgarib turgan.

Qo‘qon xonligi. 1710-1876 yillarda mavjud bo‘lgan. Poytaxti Qo‘qon.

Rossiya imperiyasi – Turkiston generel-gubernatorligi 1865-1917 yilgacha.

Sovet davlati. 1917-1991 yillar

O‘zbekiston Respublikasi. 1991 yildan mustaqil davlat.