Muallimlar faolmi? Ularga bugun davlat ishonyapti, xalqimiz umid qilishda davom etmoqda
Muallimaning ranjishi bejiz emas, albatta. Chunki ilgari u ma’no-mazmunsiz "maqola"larini tahririyatlarga tashlab ketavergan. Qaysidir tahririyat yoki muxbir uning jimjimador qoralamalarini qolipga solib, ishlov berib chiqaravergan. Muallif esa gazetada chop qilingan maqolalari bilan jamoasida maqtanib, maoshiga ustama olib yuravergan. Tabiiyki, bu kabi maqolalar yillar mobaynida uni chop etgan nashrning, qolaversa, pedagoglarning umumiy saviyasiga soya solib kelgan.
Bugun-chi? Xalqimiz bunday oldi-qochdi materiallaru umumiy gaplarga ishonmay qo‘ydi. Aniq ma’lumotlar, asosli fikrlar, takliflar va tahlillarga tayanilgan maqolani o‘qiyapti. Xalqning vakili sifatida o‘zingiz ham maza-matrasi bo‘lmagan maqoladagi fikrlarga yuzingizni bujmaytirib munosabat bildiryapsiz.
Bugun majburiy mehnat, ko‘cha tozalash yoki qaysidir buzilayotgan ob’yektda bo‘lishdan ozod bo‘lgan, paxta yig‘im-terimi, komissiya bahona pul yig‘ishdan qutulgan o‘qituvchidan butun xalq, Prezident, vazir fidoyilikni, jonkuyarlikni, buning ortida esa ta’lim sifatini oshirishni talab etmoqda.
"Seniyam menga o‘xshagan o‘qituvchi o‘qitgan-ku!", deb iddao qildi o‘sha muallima.
Kamina, o‘tgan asrda tug‘ilganim bilan mustaqillik yillari siz kabi pedagoglar qo‘lida tarbiya topib, o‘qib, ilm olganman. Hozir meni o‘qitgan ustozlarning aksariyati oramizda yo‘q. Lekin ular maktab pedagogik kengashidan tortib, metod birlashma-yu tuman xalq ta’limi bo‘limi, boshqarma darajasidagi rahbarlar bilan talashgan-tortishgan. Millat taqdirini hal etuvchi ta’lim tizimidagi har bitta islohot yoki o‘zgarishlarga tayyor turgan. Shu yurt va xalq, ushbu Vatan taqdiriga o‘zini daxldor his etib, yo‘lida to‘siq bo‘lganlarga qarshi kurashgan.
Ayni zamon o‘qituvchilariga nima bo‘ldi? Shuncha qulaylik, imkoniyat yaratilsa-da, nega ularda na bir taklif bor, na bir mulohaza. Aslida jahon davlatlari tarixida kam kuzatiladigan, dunyo sivilizatsiyasi rivojiga hissa qo‘shgan yuzlab alloma va mutafakkir yurtdoshlarimizni tarbiyalab bergan ham Siz kabi ustozlar bo‘lgan-ku! Jamiyatning har qanday mushkulliklari, hayotning sinovlariga chidab, xalqni yorug‘ manzillarga boshlagan ham siz, ziyolilar emasmi?
Balki gaplarimda balandparvozlik, mubolag‘a bordir. Ammo Abdulla Avloniyning ta’biridagi millatning hayoti, mamoti, najoti, halokati, saodati yoki falokati masalasi haliyam o‘qituvchilar qo‘lida.
...Bir munisa muallimani ranjitib qo‘yganim uchun kechasi bilan mijja qoqmadim. Bir umr o‘qituvchilik qilib o‘tgan bobom, amakilarim va ustozlarimning goh jiddiy, goh tund siymosi ko‘z oldimda gavdalanaverdi. Nega u mening gaplarimni oxirigacha eshitmadi?
Abdug‘ofur ShERXOLOV.