Muammolar bartaraf etildi. Maqola sabab boshqa ta’lim dargohlaridagi kamchiliklar ham o‘rganilmoqda
25 sentyabr kuni saytimizda yoritilgan “Toyloqda ommaviy sport turlari rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolar qachon yechiladi?” sarlavhali maqolaga Toyloq tumani hokimligi munosabat bildirdi.
Unda, jumladan, shunday deyiladi:
“Zarnews.uz” saytida e’lon qilingan maqolada keltirilgan kamchiliklarni o‘rganish yuzasidan Toyloq tumani hokimligi tomonidan ishchi guruhi tuzildi. O‘rganish jarayonida maqolada yozilgan holatlar haqiqatan ham mavjud ekanligi aniqlandi va ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabining hovlisidagi beton ariq chiqindilardan tozalandi. Sport zali to‘liq tartibga keltirildi, zalni yoritish chiroqlari yangisiga almashtirildi. Yuvinish va kiyinish xonalarida ham zarur sharoitlar yaratildi.
22-umumta’lim maktabida aniqlangan muammolar bartaraf etildi. Maktabda ikki nafar jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi faoliyat yuritmoqda, ulardan biri D.Egamberdiyeva haqiqatan ham viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida malaka oshirmoqda.
Shu yilning 19 sentyabr kuni dars paytida jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi F.Pardayev tumandagi 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabida shaxmat sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada bo‘lganligi aniqlandi. Darsni to‘g‘ri tashkil etmagani uchun maktab ma’muriyati ogohlantirildi. Maktabning o‘g‘il va qiz bolalar uchun mo‘ljallangan kiyim almashtirish xonalari tartibga keltirilib, sport zali turli ortiqcha buyumlardan tozalandi.
Maqolada keltirilgandek, 43-umumiy o‘rta ta’lim maktabining futbol o‘yingohi avtomobil yo‘li yonida joylashgan. Biroq atrofi to‘siqlar bilan o‘ralmagan. Tuman hokimligi mutasaddilari bilan o‘yingoh atrofining 110 metr qismini temir panjara bilan, qolgan 600 metr qismini beton devor bilan o‘rash bo‘yicha kelishib olindi. Bu ishlar shu yilning noyabr oyida amalga oshirilishi belgilandi.
Sport zali va qo‘shimcha xonalarni yoritish chiroqlari to‘liq almashtirildi. O‘quvchilarning yuvinish xonasida ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi.
Yuqoridagi holatlar takrorlanmasligi uchun ishchi guruhi barcha ta’lim muassasalarining holatini o‘rganishda davom etayotganligini ma’lum qilamiz".
Toyloq tumani hokimligi axborot xizmati.