Muborak oyda qutlug‘ safarga
Viloyatimizdagi 100 nafar kam ta’minlangan va ibratli oilalar, ijtimoiy "daftar"larda ro‘yxatda turgan xonadonlar vakillari, faxriylar davlat tomonidan berilgan yo‘llanma asosida ushbu muborak kunlarda Saudiya Arabistonida Umra ziyoratini amalga oshirmoqdalar.
– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 17 fevral kuni Buxoro viloyatiga safarlari chog‘ida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Prezidentimizdan kam ta’minlangan oilalar vakillarini Umraga yuborishda davlat tomonidan yordam berishni so‘ragan edi, – deydi viloyat bosh imom xatibi Zayniddin Eshonqulov. – Yurtboshimiz bu iltimosni qanoatlantirib, adolatli taqsimot qilib berilsa, yordam ko‘rsatishga tayyorliklarini bildirgandi. Ana shu tashabbus asosida viloyatimiz tuman va shaharlaridan aholi soniga qarab, 7-8 nafardan, jami 100 kishining ro‘yxati shakllantirildi. Bunda ziyoratga boruvchilarning mahallada, el o‘rtasida hurmat-e’tibor qozongani, muqaddas safarga borishga moddiy imkoniyati yetarli emasligi va boshqa jihatlar e’tiborga olindi.
Samarqandlik ziyoratchilar ikki guruhda – 17 va 21 mart kunlari Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.
Muqaddas safarga yo‘l olgan yurtdoshlarimizni kuzatish marosimida viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etib, Prezidentimizning alohida e’tibori va g‘amxo‘rligi tufayli davlat hisobidan ziyoratga borayotgan insonlarga oq yo‘l tiladi.
Ayni paytda – Ramazoni sharif kunlarida samarqandlik ziyoratchilar Madina va Makka shaharlarida Umra amallarini ado etmoqdalar.