Ulug‘ Umra ziyorati: Qulflanmaydigan do‘konlar

Oltinchi oktyabr kuni o‘zimizning ixtiyorimizda bo‘lgani bois, bibimning, urgutcha sheva bilan aytganda, biyimning nomlariga nafli badal umra amallarini bajarishga qaror qildim. Shu maqsadda rafiqam bilan shahar chekkasidagi "Oysha ona" masjidi sari ravona bo‘ldik.

Shahar chekkasidagi masjid

Bibi Oysha payg‘ambarimizning sevimli zavjalaridan biri bo‘lib, islomning qaror topishida beqiyos katta hissa qo‘shgan ayol. Taksichi bizdan oborib kelish sharti bilan har birimizdan o‘n riyol talab qildi. Ammo unga hisobdan adashib, qaytimga ortiqcha berib yuborgan ellik riyolini qaytarganimizdan keyin uning bizga munosabati keskin o‘zgardi. Bizni Imom Buxoriy yurtidan ekanligimizni bilgach, umuman shoshib qoldi va dastlabki qo‘ygan narxini ikki riyolga kamaytirib sakkiztaga tushirdi. Yana bir necha bor rahmatlar aytib, minnatdorchilik izhor qildi.

Turmush o‘rtog‘imning aytishicha, u ziyoratga kelgan 2019 yilda yo‘lkira narxlari ikki baravar arzon bo‘lgan. Ha, makkalik mahalliy xalq ham la’nati pandemiya asoratlarini o‘ziga xos yo‘l bilan davolamoqda edi. O‘sha yillarda hojilar ta’minoti ham hozirgidan ko‘ra ancha yaxshiroq bo‘lgan ekan. Shu ma’noda, kovid kasalligi dunyo iqtisodiyotiga, ayniqsa, turizm sohasiga o‘nglanmas katta zarar yetkazib ketdi. Bu borada sayyohlik industriyasi kuchli rivojlangan mamlakatlar, shu jumladan, Saudiya Arabistoni ko‘rgan zarar juda katta bo‘ldi. Men Makka markazidagi mehmonxonalar sonini sanab adog‘iga yeta olmadim, ammo o‘sha davrdagi ularning holatini yaxshi tasavvur qildim. Agar bu kasallik tezroq chekinmaganida, bizga ham bu tabarruk joylarga kelish qayoqda edi deysiz.

Shunday qilib, Umra amallarini rafiqam - ikkalamiz yana qaytadan bajardik. Bu galgi amallarimiz guruhdan tashqari bo‘lgani tufayli muqaddas Ka’baga juda yaqinlashdik va uni tavof qilib, hatto ayvonchasiga kirib, ikki rakat nafl namozini ado etish asnosida ko‘zlarimga yosh quyilib keldi.

Rafiqam bajargan amallarini dunyodan o‘tib ketgan befarzand xolasi uchun bag‘ishlab, duoyi fotiha qildi. Amallarimizni, ilohim o‘z dargohiga qabul qilsin va dunyodan o‘tgan yaqinlarimizning bilib-bilmay qilgan gunohlarini afv etib, joylarini firdavsi a’lodan ato qilsin.

Shu kuni tushlikdan keyin charchog‘imizni yozish maqsadida dam oldik.

Juma namozi

Qutlug‘ kunimiz nomini shu tarzda yozishimning sababi sizga tushunarli bo‘lsa kerak. Ha, ertalabdan biz - xonadoshlar muqaddas Ka’bada o‘qiladigan katta namozga hozirlana boshladik. G‘usl qilib, ohorli liboslar kiyib, har turli atirlar bilan xushbo‘ylanib, soat o‘n birlarda namozgohga otlandik. Agar barvaqtroq borilmasa, masjid ichidan joy topilmay qolishi hech gapmas. Haqiqatan ham, son-sanoqsiz odamlar daryosi turli tomonlardan Masjidi Haram tomon oqib kelmoqda edi.

Juma namozi boshlanguncha nafl o‘qib, vaqt qanday o‘tganini sezmay qoldim. Masjiddan chiqib qarasam, xuddi yer yorilib odam chiqqandek. Ular biroz kamayishini kutish maqsadida soatli minora ostidagi savdo markazini aylandim. Tujjorlar do‘ppimni ko‘rib, yurtdoshimiz, islom olamining faxri Imom Buxoriyga bo‘lgan mehr muhabbatlarini izhor qilishdi. Xaridimizni narx talashmasdan, to‘rt besh riyol arzonga tushirib berishdi. Bir bangladeshlik do‘konchi do‘ppim evaziga bir nechta hoji qalpog‘ini taklif qildi. Ammo u o‘zbeklar pichog‘i bilan do‘ppisini birovga bermasligini qaydan bilsin.

Avtobus to‘xtash joyiga kelsam, haliyam odam juda ko‘p ekan, yaqin yo‘lab bo‘lmadi. Mehmonxonamiz uncha uzoq bo‘lmagani bois piyoda yo‘lga tushdim. Anna-mana tushlik qilib bo‘lgunimcha, asr namozi vaqti ham yetib keldi. Negadir, shu kun men uchun g‘oyat tez o‘tgandek bo‘ldi. Buning sababini hozirgacha ham bilolmayman.

Qizil dengiz sohili

Shanba kuni sayohatga chiqadigan bo‘ldik. Umrimda dengizni ko‘rmaganim bois Qizil dengiz sohillariga borish men uchun chinakam yangilik bo‘lishi aniq.

Ertalab soat sakkizda Jidda shahri tomon jo‘nadik. Yo‘limiz tog‘dan sohilga qarab nishab bo‘lgani tufayli hash-pash deguncha avval ham qo‘nib o‘tganimiz, shaharga yetib bordik. Jidda Saudiya qirolligining nafaqat havo darvozasi, balki yirik dengiz porti ham ekan. Sohilda turgan bahaybat kemalarga ming-minglab konteynerlarni yuklash mumkin ekan. Jidda bilan boshqa shaharlarni bog‘laydigan temir yo‘lda asosiy yuklar tashilarkan. Umuman, Saudiya Arabistonini rivojlanib, dunyodagi kuchli yigirmata davlat qatoriga kirishida Jiddaning ahamiyati katta ekanligi ko‘rinib turibdi.

Mamlakatda keng tarmoqli avtomobil yo‘llari ham mavjud bo‘lib, yuqorida yozganimdek, sifati a’lo darajada. Shu tufayli bo‘lsa kerak, biror joyda tiqin yoki falokat bo‘lganini ko‘rmadim. Ko‘p joylarda yo‘llar ikki, uch qavatli, yo‘l o‘tkazgich ko‘priklar serob. Bir so‘z bilan aytganda, bu yerda bunaqa qoyilmaqom yo‘llar bor deb sira o‘ylamagandim.

Shaharlar bosh reja asosida shinam qilib qurilgan. Bizda uchraydigan pala-partishlikni hech qayerda ko‘rmadim. Biror joyda ta’mir ishlari ketayotgan bo‘lsa, atrofi o‘ralib, ogohlantirish belgilari o‘rnatib qo‘yilgan. Qisqasi, ularning ishi bizdagidan ko‘ra ancha pishiq, puxta. Bunda Saudiya Arabistonida qonunlarning bekamu-ko‘st bajarilishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan, deb o‘ylayman.

Jiddada bo‘lganimizda, katta yo‘l chetidagi bir masjidni ko‘rsatishdi. Uning nomi "Masjid ul Qisos" bo‘lib, shu yerda jinoyatchilar jazosini olar ekan. O‘g‘rilarning qo‘li kesilib, qotillarning boshi tanasidan judo qilinarkan. Bir qarashda, bizning asrimizda bu o‘taketgan shafqatsizlikdek bo‘lib tuyulishi mumkin. Ammo bu mamlakatda o‘g‘rilik va qotillik jinoyatlari deyarli uchramasligini e’tiborga olsak, u qadar dahshat tuymaydi kishi. Qolaversa, jazo ahyon-ahyonda ko‘pchilik ko‘z o‘ngida amalga oshirilarkan.

Mo‘min-musulmonlarga tinch bexavotir hayot ta’minlangan bu ulug‘ diyorda taqvo bilan yashaydigan insonlar uchun hech qanday xavotir yoki xatar yo‘q. Shu bois bo‘lsa kerak, bu yerdagi do‘konlar qulflanmaydi. Egasi shundoq eshigini yoki pardasini yopib namozga chiqib ketaveradi. Birovning moliga yoki joniga daxl qilish hech kimning xayoliga ham kelmaydi. Bu masalada cheksiz bahslashish mumkin, biroq bu yerda namunaviy jazoning tarbiyaviy ta’siri juda kuchli ekanligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Biror joyda tartibsizlik yoki mojaro alomatlarini ko‘rmadik.

To‘g‘ri, biz bormasdan burunroq Madinadagi "Masjid ul Nabaviy" da ayollar janjallashib qolishibdi. Shundan so‘ng mahalliy ma’murlar masjidning ravza qismida erkin ziyorat qilishni cheklab qo‘yishibdi. Janjalkashlar esa begona emas, O‘rta Osiyodan borgan o‘zimizning ziyoratchi ayollarimiz ekan. Afsus, biz o‘zimiz bilan birga jamiyatimizdagi illatlarni ham birga yetaklab boramiz.
Shunday qilib, xohlovchilar kemaga minib, xohlamaganlar shunchaki dengizni tomosha qilib rosa ko‘p suratga tushishdi. Men ham o‘zimcha, orzuimni amalga oshirib, dengiz suviga tushdim. Afsuski, cho‘milishga ruxsat yo‘q ekan. Lekin bir narsani bilib oldim, Qizil dengizning suvi xuddi qozonda isitilgandek iliq edi.

Ha, aytgandek «Masjid ul Qisos» yaqinida bir maqbara bo‘lib, xalq orasida Havvo qabri nomi bilan mashhur ekan. Ammo yo‘lboshchimiz Abdurahmon hoji bu gap oxirigacha isbotlanmaganini aytib o‘tdi. Chunki Hazrati Odam davrlaridan bizning zamonimizgacha juda katta muddat o‘tganligi bois, bu faktni hech bir tarix isbotlab berolmagan. Buning ustiga, yuqorida yozganimdek, bu mamlakatda qabrlarga yodgorlik o‘rnatish urf emas. Tekis mozor ustiga oddiygina bitta toshni qo‘yib qo‘yisharkan, xolos.

Peshin namozi arafasida Jiddadagi sayohatimizni tugatib yana Makkaga qaytib keldik. Kunning ikkinchi yarmida kimdir dam oldi, yana kimdir ibodat bilan band bo‘ldi. Men uchrashuvda sovg‘a qilingan kitob mutolaasi bilan mashg‘ul bo‘ldim.

Xudoyberdi Komilov.

(Davomi bor)