Yurtdoshlarimizni “Umra” ziyoratida sarson qilgan turistik kompaniyaga qonuniy chora ko‘rilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda “GULBAKHOR AIRWAYS” tomonidan “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarga noqulaylik yuzaga kelgani bo‘yicha xabarlar tarqaldi.  Turizm qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan tegishli qonuniy choralar ko‘rilayotgani haqida ma’lum qildi.

Hozirgi vaqtda ziyoratchilar mehmonxonaga joylashtirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 8 avgustdagi “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining “Umra” xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha 100 ming AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘larni Xavfsiz turizmni ta’minlash jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish hamda ushbu mablag‘larning yetarli miqdorini ta’minlab borilishi belgilangan.

Mazkur qarorga muvofiq, tegishli turoperator tomonidan jamg‘armaga zaxira qilib qo‘yiladigan 100 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘lardan uning “Umra” xizmatlarini sifatsiz ko‘rsatishidan jabr ko‘rgan ziyoratchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar o‘rnini qoplash uchun sud qaroriga muvofiq foydalanilishi belgilangan.

Shuningdek, “Umra” xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyat ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida Turizm qo‘mitasi o‘z rasmiy veb-saytida (https://umra.uzbektourism.uz/u...) “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar reytingini shakllantirish uchun tegishli axborot modulining ishga tushirilgani va mahalliy turoperator jamoatchilik tomonidan berilgan ovozlarga ko‘ra reytingi aniqlanmoqda.

Shu bilan birga, litsenziyaga ega bo‘lmay “Umra” tadbirlarini tashkil etish bilan shug‘ullanayotgan 23 ta tadbirkorlik sub’yektiga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha muddatlar belgilanib, ko‘rsatmalar berildi.

Belgilangan muddatlarda kamchiliklarni bartaraf etmagan “Orzu Travel” MChJ, “Lastochka – Planeta” MChJ, “Premiyer Vanderlust” MChJ, Bobissalam-Travel” MChJ, "Muslim-Tour MT” MChJ, “Delta Smart Project” MChJlarning “chiqish turizmi” faoliyati bilan shug‘ullanishga asos bo‘lgan litsenziyalari amaldagi qonunchilikka asosan 10 kun muddatga to‘xtatilgan bo‘lsa, “MG TUR” MChJning litsenziyasi bekor qilindi.