“Umra-yu Haj safarlarini havas qilganman, xolos”

Bu yil qutlug‘ Ramazon oyida ehtiyojmand, shu bilan birga ibratli oilalar vakillaridan 100 nafari davlat tomonidan berilgan yo‘llanma asosida Umra safariga yuborilib, bir guruhi qaytib kelgani haqida xabar bergan edik. Ularning ikkinchi guruhi ham muborak ziyoratni ado etib qaytishdi.

- Maktabda yaxshi o‘qiganman, arab yozuvini o‘rganganman, - deydi Payariq tumani Ko‘paki mahallasida yashovchi Qandolat Normatova. – Ammo na institutda, na texnikumda o‘qidim. Qishloq qizlari qatori bo‘y yetib, turmushga chiqdim. 7 nafar farzandim bor, ulardan biri ikkinchi guruh nogironi. Rahmatli turmush o‘rtog‘im bilan ularni og‘ir sharoitda katta qildik. Qur’on tilovati, kitob mutolaasi, besh vaqt namoz va ro‘za ibodatlarini kanda qilmadim. Muborak Haj va Umra ziyoratlarini ado etib kelayotganlarga havas qilardim, xolos. Mahallamiz raisi Bobur Shomurodov kutilmaganda Umra ziyoratiga davlat tomonidan yo‘llanma berilishini aytganda, tush ko‘ryapman, deb o‘yladim. Quvonchim ichimga sig‘madi. Ziyorat davomida yig‘lab-yig‘lab, yurtimiz tinchligi, aholimiz farovonligi, kambag‘al oilalar bo‘lmasligi, farzandlarimiz salomatligini so‘rab duolar qildim.
Samarqandlik ziyoratchilar 2 aprel kuni tongga yaqin kutib olindi. Kemtik ko‘ngillari tog‘dek ko‘tarilgan otaxon va onaxonlar davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rliklardan minnatdor ekanligini bildirib, duolar qildi.

Xayrullo Sattorov,
viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari.