Muddatidan oldin kimlar ovoz beradi?
Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.
Umumiy tartibga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi fuqarolarning ovoz berishiga asoslanadi. Ovoz berish – har bir fuqaroning davlat rahbarini saylashdek konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish shaklidir. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z hoxish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi Saylov kodeksi bilan kafolatlanadi.
Saylov kodeksining 57-moddasiga ko‘ra, muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va uch kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning e’tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi.
Bu yilgi saylovda muddatidan oldin ovoz berish 14 oktyabr kuni boshlanadi va 21 oktyabr kuni yakunlanadi.
Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘la olmasligi sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini oladi. Uchastka saylov komissiyasi saylovchidan saylov kunida bo‘la olmasligining sabablarini tasdiqlovchi qo‘shimcha hujjatlarni talab qilishi taqiqlanadi. Saylovchi saylov byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafari a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.
Uchastka saylov komissiyasi a’zosi muddatidan oldin ovoz bergan saylovchini saylov jarayonlarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi(SJBAT)dan qidirib topadi va muddatidan oldin ovoz bergan saylovchi sifatida belgilaydi.
Saylov byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan to‘ldiriladi.
Saylovchi qaror qabul qiladi. Unga daxl qilishga hech kimning haqqi yo‘q. U o‘zi tomonidan to‘ldirilgan saylov byulletenini yopiq konvertda qoldiradi, konvert tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka saylov komissiyasining muhri bilan tasdiqlanadi.
Ovoz berish kuni ovoz berish vaqti tugagandan keyin uchastka saylov komissiyasi raisi tomonidan oldindan ovoz berilgan byulletenlar seyfdan olinadi va umumiy saylov berish byulletenlariga qo‘shilib sanaladi.
Dilorom Mamatqulova,
7-Samarqand okrug saylov komissiyasi a’zosi.