Mudrayotgan mansabdorni kim uyg‘otadi?
Har birimiz qayerda, qanday muammoga duch kelsak, uning hal etilishida mas’ul shaxslarning mas’uliyatsizligi yoki tamagirligiga guvoh bo‘lganda sharoitga bo‘ysunish, indamay ketaverish yoxud chidash o‘rniga bong urishimiz kerak bo‘ladi.
Avvalo, mas’uliyatsizlikka va adolatsizlikka nisbatan murosasizlikni o‘zimizdan boshlashimiz darkor. Shunda mudrayotgan mansabdor uyg‘onadi, zimmasida qanday mas’uliyat borligini his etadi, desak xato bo‘lmaydi.
"Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonunda bizning bu boradagi huquqlarimiz kafolatlangan. Qonun talabiga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiyaga oid huquqbuzarlik faktlariga doir murojaatlari to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot bergan shaxslarning himoya qilinishi ta’minlanadi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida to‘xatilib, bu illatga qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birga avvalo, xalqimiz faol ish olib borishi, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish zarurligini ta’kidladi. Shuning uchun ham har bir davlat idorasida jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadigan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki dasturlar bo‘lishi shartligini ta’kidlandi.
Xalqimizning tom ma’nodagi adolat qaror topgan jamiyatda yashashi uchun nafaqat mas’ul shaxslar, balki har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi zarur. Bu fuqarolarimizda korrupsiyaga, aniqroq aytganda, har qanday qonunbuzarlikka nisbatan murosasizlik kayfiyati, madaniyati shakllanishiga bog‘liq.
Chunki har qanday qonunbuzarliklar sodir etilishiga va vujudga kelishiga ko‘p hollarda o‘zimizning befarqligimiz, loqaydligimiz sabab bo‘lib kelmoqda. Barchaning yakdilligi, yurt taqdiriga daxldorligi kuchayishi har qanday illatning barham topishiga yordam beradi.
Bahodir QARShIYeV,
viloyat hokimligi yuridik
xizmati bosh yuriskonsulti.