“Muhammad Yusuf yig‘latdi, kuldirdi, o‘z og‘ushiga tortib oldi”

Insonni so‘z ayladi judo

hayvondin,

Bilki, guhari sharifroq

yo‘q ondin.

Darhaqiqat, so‘z – mo‘’jiza, so‘z – tubsiz ummon. Uning besarhadligi va latofatini ming-minglab shoiru yozuvchilar, olimlar, tilshunoslar o‘z asarlari or¬qali ifodalab keladilar. Lekin har dilning o‘z navosi bor deganlaridek, yuksak mahorat va qaynoq muhabbat tufayli qog‘ozga to‘kilgan misralar ko‘ngillarni zabt etadi. O‘zbekis¬ton xalq shoiri Muhammad Yusuf she’rlarini o‘qiganimizda ham qalbimizdan ana shu iqror – so‘z aytishga bo‘lgan otashin ishqni anglaymiz.

Bu shoirning she’rlari kirib bormagan xonadon yurtimizda topilmasa kerak. Axir uning har bir satri xalqimizdek samimiy va beg‘ubor. Uning yozganlari haqida gap ketsa, avvalo, soddaligini tilga olishadi. Ustoz Ozod Sharafiddinov aytganidek, Muhammad Yusufning she’rlari bir qarashda juda sodda, jo‘n yoziladiganga o‘xshab tuyuladi. Ammo unga o‘xshatib yozib ko‘ring-chi? Qo‘lingizdan kelmaydi! Uning oson yoziladiganga o‘xshab ko‘ringan misralari muxlislarini yig‘latdi, kuldirdi, o‘z og‘ushiga tortib oldi.

Bu olamda shoir ko‘p, so‘z aytuvchi ko‘p. Ammo so‘z aytib, qalbni ovlagan, chin muxlis orttira olish har kimga ham nasib etavermaydi. Muhammad Yusufning she’rlarini yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lganlar birday yaxshi ko‘radi, sevib tinglaydi. Uning she’rlari asosida aytiladigan qo‘shiqlarni esa har kuni eshitsak-da, qayta-qayta tinglagimiz kelaveradi. Zotan, ularning har biri zamirida samimiyat mujassam. Masalan, u qaysi mavzuda qalam tebratmasin, vatanparvarlik va insonparvarlikni targ‘ib etadiki, beixtiyor oddiy so‘zlardan bu qadar ulug‘vorlikni vasf aylash mahoratiga tasannolar aytasiz. Shoirning "Bug‘doypoyalar" deb nomlangan she’ridagi mana bu satrlarga e’tibor bering:

Men ta’zim qilaman

bug‘doy poyiga,

Hali hech kimsa-ku boshin egmagan.

Odamlar bor axir, tuqqan joyiga,

Bir boshoq bug‘doycha nafi tegmagan.

Cho‘ksin qoshingizda tog‘lar, qoyalar,

Siz shunga loyiqsiz bug‘doypoyalar...

Bir qarashda gap bug‘doypoyalar haqida ketayotgandek tuyulgan bu she’r aslida Vatan, tanti dehqonning qadri, uning og‘ir va mashaqqatli mehnati xususida ekanligini anglab yetamiz. Bu misralarni o‘qiganda tug‘ilib o‘sgan qadrdon go‘shamiz-u xalqni farovon etish uchun sahardan to shomga qadar dalasidan bo‘shamaydigan xoksor odamlar ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Shunda yuragimiz o‘rtanib, ular sha’niga aytilgan har qanday e’tirofga qo‘shilamiz.

Muhammad Yusuf olami samimiyat, xalqchillik va haqqoniylik olami. Bu olamga nazar solganda, mashhur ibora – "dunyoni go‘zallik qutqaradi"ni o‘zgartirib, samimiyat dunyoni qutqaradi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ma’mura NARZIYeVA,

Samarqand davlat universiteti tadqiqotchisi.