Muhit kimni buzadi?
Lev Tolstoyning «Baldan so‘ng» hikoyasida «Muhit odamni xarob qiladi» degan jumla bor. Bunda yomon muhit nazarda tutilgan.
Yomon muhit rostdan ham inson tarbiyasiga ta’sir qiladimi?
O‘smirlar bilan ishlash tajribamga tayanib ayta olamanki, muhit shaxsga bolalik va o‘smirligida ta’sir o‘tkazishi mumkin. Shu sababli ota-onalarning «Bolam yomon to‘dalarga tushib qolmasin», degan xavotiri o‘rinli. Ammo…
- Erim duppa-durust edi, anavi jo‘ralariga qo‘shilib, yomon yo‘lga kirdi.
- Xotinim anavi bemaza dugonalariga qo‘shilib buzildi, degan gaplarga ishonmayman. Negaki, katta yoshdagilar, harqalay, oq-qorani taniydigan darajada bo‘lishadi. Faqat…
Ularda yomon muhitga moyillik bolalikdan qolgan bo‘ladi. «Ko‘r ko‘rni qorong‘ida topadi», deyishadi. E’tibor qilganmisiz, jamoalarda xarakteri, qiziqishi yaqin kishilar o‘z-o‘zidan bir davra bo‘lib olishadi, o‘zlariga muhit yaratishadi. Tabiat qonuni bu!
Dard ko‘rgan – tabib, ammo…
Bir kuni o‘qituvchilar xonasida hamkasbim gazetadan kofening xususiyati haqidagi maqolani o‘qib berdi. Unda agar kofe har kuni ichilsa, odam saraton kasaliga yo‘liqmaydi, deyilgan ekan.
- To‘g‘ri, - dedim men, – kofeni doimiy iste’mol qilish yaxshi. Faqat men kabi qon bosimi balandlar saratonga chalinib, azob yemasdan, birato‘la insultga duch kelib, oson qutilib qo‘ya qolishadi…
Umuman, tabiblar ko‘payib ketdi. Televizor ham, gazeta ham, ijtimoiy tarmoq ham bilgan narsasini reklama qiladi: «men …ni iste’mol qilib, butunlay tuzalib ketdim». U tuzalgan bo‘lishi mumkin, ammo hamma organizm bir xil emas-ku?!
Nazarimda, xalq tabobati xalq ijodining bir yo‘nalishiga aylanib qolgandek.
Kardiologiya bo‘limida yotganimda tajribali bir vrach shunday dedi:
- Eng xavfli narsa bemorlarning huda-behuda tajriba almashgani.
Xudoning bergani
O‘zini yosh qilib ko‘rsatish uchun kosmetolog, ruhshunos va yana allambalo do‘xtirga borayotgan ayollar, hatto qizlarni ko‘rib, televizorda Edita Pexaning 75 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rsatuv esimga tushadi.
Muxbir tabiiy yoshidan 20 yoshlar yosh ko‘ringan taniqli qo‘shiqchidan go‘zalligi sirini so‘radi. Shunda kutilmaganda… Edita Stanislavovna pariklarini olib, yoniga qo‘ydi. Sochlari oppoq, siyrakkina ekan.
- Men ham barcha kampirlar kabi kampirman, - dedi kulib.
O‘sha harakati uchun uni sevganlar, hurmat qilganlar yana ko‘paydi. Xudo berganiga ne yetsin…
Dilfuza TURDIALIYeVA,
Namangan.