Muhojir ayollar: Kutilmagan xavflar, onlayn onalik, munosib yashash orzusi

Uning xorijda ishlash qaroriga hamma ko‘nib bo‘lgandi. Ko‘nish ham gapmi, oila a’zolarining ba’zilari xursand bo‘ldi. Endi ularning ham hayoti o‘zgaradi! Ularning ham uyida chetdan ko‘p pul kelib turadi, ular ham istagan kiyim-kechak, anjomlar xarid qiladi.
Axir atrofdagi qo‘ni-qo‘shnilari allaqachon yangi uylar qurib, chiroyli jihozlar sotib oldi. Endi bularning barchasi ularning ham uyida bo‘ladi. Faqat oyisi ozgina qiynaladi-da. Ayol samolyotga chipta olib, ketguniga qadar bu uyda allaqanday ham asabiy, ham sukunat hukmron bo‘ldi.
- Narsalaringni oldingmi?
- Oldim.
- Issiq kiyimlaringni hammi?
- Albatta.
- Mayiz bilan yong‘oq qolib ketmasin...
- Bo‘ldi-da endi, oldim ularni ham.
Har kuni bir necha marta qaytarilavergandan bu dialog bolalarga ham yod bo‘lib ketdi. Shu kunlarda uyida to‘satdan paydo bo‘ladigan sukunat ichida hatto oddiy tomoq qirish ham jaranglab ketadi. Qizi maktabdan kelsa, unga tushlik tayyorlab beradi-yu, xayolida “Men ketsam, nima qilarkin bolam” degan savol paydo bo‘ladi. O‘g‘lining kiyimlarini yuvarkan, “Men yo‘g‘imda toza-ozoda yurarmikan bolam”, degan fikr miyasini tegirmon toshiday ezadi. Ammo u bu fikrlar qanday tez paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday, yashin tezligida miyasidan quvib soladi. Ketishdan oldin kayfiyatini buzgisi kelmaydi. Axir oldinda uni qancha sinovlar kutib turibdi. Ish topib beraman, hammasi tayyor, deya ishontirgan dugonasi aytganini qilarmikan? Umrida samolyotga chiqmagan bo‘lsa. Aeroportlarda chet tilini bilmay, sarson bo‘lib qolmasmikan? Ishqilib, eson-omon yetib olsin, Xudoning o‘zi sharmanda qilmasin!
Har kuni, har soatda ming turfa o‘ylarni boshidan o‘tkazdi Saodat. Lekin shashtidan qaytmadi. Axir boshqalarga o‘xshab ko‘pga ketayotgani yo‘q-ku, bor-yo‘g‘i uch yil ishlab kelsa bo‘ldi. Ahvolini o‘nglab olsa, qizining o‘qishiga, sarpolariga pul jamg‘arsa bo‘ldi, darrov qaytib keladi. Shunday deb o‘zini tinchlantirdi.
O‘shanda bu gaplariga o‘zi ham ishongan, agar ishlari o‘xshab qolib, rostdan va’da etilgan oylik maosh olib ishlay boshlasa, bir-ikki yilda o‘zi mo‘ljal qilganlarini jamlab olishi va yana jonajon uyiga qaytib kelishi mumkinligini o‘ylab, xotirjam bo‘ldi. Xullas, jomadonlar yig‘ilib, aeroportga olib boradigan taksi eshik oldiga kelgach, oila a’zolari jimgina xayrlashib olishdi. Qizi ko‘ziga yosh oldi, ammo ayasining yo‘l avvalida ko‘nglini xira qilgisi kelmadi shekilli, darrov artib tashladi. Bir necha soatlardan keyin samolyot uchib ketdi. Bolalarining va tabiiyki, turmush o‘rtog‘ining nazdida ham uy huvillab qolganday bo‘ldi...
Vaqt har qanday o‘zgarishni inson ongiga singdirib, ko‘niktirib, xatti-harakatlarini ham shunga moslashtirib boraverar ekan. Saodat xavotirlanmasa ham bo‘lar ekan, va’da etilgan ish topildi, aeroportlarda ham har qadamda yo‘lko‘rsatkichlar. Oliy ma’lumot olish nasib etmagan bo‘lsa-da, Saodat maktabda a’lo baholarga o‘qigan, dunyoqarashi ham ba’zi ayollarniki singari tor, faqat maishiy doirada o‘ralashib qolmagan. Shuning uchun, Turkiyada yo‘lini oson topib ketdi. O‘zi tushgan oilaga tez moslashdi, qarashi lozim bo‘lgan onaxonga ham ma’qul keldi. Epchil, ziyrakligi ancha foyda bo‘ldi. Ayniqsa, tozalikni xush ko‘rishi, mening ishim kampirga qarash, demasdan atrofini tozalab qo‘yishi tufayli turkiyalik oilada hurmati yanada oshdi.
Hammasi risoladagidek edi. To‘g‘ri, avvaliga bolalari, uyni juda sog‘indi, har kun bir necha marta gaplashib olmasa, ko‘ngli tinchimasdi. Shu tariqa oradan ikki yil o‘tdi. Bir qaraganda Saodat o‘zi mo‘ljallagan mablag‘dan ham ko‘proq jamg‘arib qo‘yibdi. Vatanga qaytib, ularni joy-joyiga ishlatib, saranjomlab kelishi kerak. Qolaversa, oilasini juda sog‘ingan. Shuni reja qildiyu, ammo chipta olayotganda qaytishni ham mo‘ljallab qo‘ydi.
Bu kabi kelib-ketishlar ko‘p bo‘ldi. Qiziq, har gal bo‘ldi, endi qaytmayman, deydi-yu, lekin uyida bir oy turmasdan, yana “ketaman”ga tushib qoladi. Ketishga sabablar ham tayyor, hali to‘y qilishlari kerak, hovlining u yoq bu yog‘ini tuzatish lozim, yoshlikda qilmasa bo‘lmaydi. O‘zi ham shu bahonalarga ishonib qoldi va aslidayam shu-da, ro‘zg‘orning g‘ori bitmasa, uyda o‘tirganimdan nima naf, tayyor ish bo‘lsa, deb yuk xaltasini ko‘tarib ketaverdi. Hatto bir gal uyidan ko‘z oldi qorong‘ilashib, dod solguday bo‘lib, to samolyotga chipta olguniga qadar jinni bo‘layozgan xabarni eshitgandan keyin ham bu ketishlar kanda bo‘lmadi. O‘shanda qizi uchrashib yuradigan yigitidan homilador bo‘lib qolgandi. Qaytib kelib, birinchi navbatda masalani hal qilishga kirishdi: vaqt kam, homila allaqachon olti oylikdan oshib qolgandi. Qizini uzoqroq qarindoshinikiga o‘qishga ketdi, deb xabar tarqatdi-yu, boshqa joydan ijaraga uy topib, o‘sha yerda o‘zi ham yashab turdi. Xullas, garchi yigit bolani tan olmasa-da, sudlashib yurmadi, yanayam to‘g‘rirog‘i gap ko‘paytirishni istamadi. Aksincha, keyingi safar qiziniyam olib ketdi. Garchi uni hunar o‘rganish, ilm olishdan benasib qilayotganini bilsa-da, shunday yo‘l tutdi, boshqa ilojini topolmadi. Balki kelgusida o‘z yo‘lini topib ketar, deb o‘yladi...
Ayollarga xavf-xatar ko‘proq
Ayollarning o‘z yurtidan tashqarida mehnat qilishi bugungi yangilik emas. Aksincha, bu faoliyatni legallashtirish, migrantlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatishga e’tibor qaratilmoqda. Birlashgan millatlar tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo miqyosida migrantlar soni 300 millionga yaqinlashib qolgan, ya’ni bu sayyoramiz aholisining 3,6 foizini tashkil etadi.
Gap o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtdan tashqarida ishlaydiganlar haqida ketmoqda. Ular o‘zlari va farzandlari sharoitini yaxshilash uchun boshqa davlatlarda ishlaydi, shu bilan bir qatorda, ishlayotgan davlatlari hamda o‘z Vatani taraqqiyotiga hissa qo‘shishadi. 2020 yilda katta miqyosdagi migrantlar faqatgina asosiy 20 ta davlatda istiqomat qilishgan. Amerika qo‘shma shtatlari hamon xalqaro migrantlar boradigan asosiy davlatlar sirasiga kiradi va u yerda 51 million mehnat migrantlari istiqomat qiladi. Bu dunyo bo‘yicha muhojirlarning 18 foizini tashkil qiladi. Germaniya xalqaro muhojirlar masalasida ikkinchi o‘rinni egallaydi. Ushbu davlatda 16 million, Saudiya Arabistonida 13 million, Rossiya Federasiyasida 12 million, Buyuk Britaniya qirolligi va Shimoliy Irlandiyada 9 million mehnat muhojiri mavjud.
Mehnat muhojirlarining 48 foizini ayollar tashkil etsa, 38 millioni bolalar, 4,4 millioni talabalardir. Ayollar migrasiyasi yildan-yilga oshib bormoqda. Ammo shunisi ham borki, erkak muhojirlarga ko‘ra, ayollarning yo‘lida bu masalada qator xavf-xatarlar mavjud.
Lekin bu xavf-xatarlar faqat tashqarida emas, ichkarida, ya’ni oilasida ham mavjudligini hisobga oladigan bo‘lsak, ayol uchun mehnat muhojirligining chegarasi bo‘lishi lozimmikan, degan xayolga boramiz. Yuqorida keltirganimiz, Saodat voqeasi yaqin atrofimizda sodir bo‘layotgan holatlarning mingdan biridir. Lekin ularning ko‘pchiligida bir umumiylik bor. O‘zlari rejalashtirgan darajada mablag‘ topib kelganidan so‘ng ham yana boshqa davlatga ketish ishtiyoqi ularni tark qilmaydi. Buning sababi nimalarda? Ehtimol, buning ijtimoiy omillari bordir?
Virtuallikning ham cheki bor
- Har bir inson o‘qish, ishlash, kasb o‘rganish maqsadini ma’lum bir yoshga yetgach, o‘zi hal etadi va shunga munosib harakat qiladi, - deydi viloyat hokimi o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Saidova. - Mamlakatimizda ham keyingi yillarda erkaklar bilan bir qatorda ayollar turli davlatlarga borib ishlayapti. Bu raqamlar oshib ketdi, deya olmaymiz, ammo keskin kamaygani ham yo‘q. Tabiiyki, birinchi navbatda ayol qaysi davlatga borib ishlashidan qat’i nazar turli xavf-xatarlardan xoli bo‘lishi lozim. O‘tgan yillarda bu masalalar bo‘yicha mamlakat miqyosida yirik ishlar olib borildi, xususan, odam savdosining oldini olish borasida choralar keskinlashdi, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan o‘zbekistonliklar ko‘p bo‘lgan mamlakatlarda xotin-qizlar huquqlari himoyasi bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi. Ammo xorijga ishga ketganlarning oilalarida qator muammolarning yuzaga kelayotganidan ko‘z yumolmaymiz. Xorijga ketgan oilalardagi bolalarning ta’lim olishi, tarbiyasidagi o‘zgarishlar haqida o‘qituvchilar bong urib gapirishlari bejiz emas. Qolaversa, uzoq yillar davomida ota tarbiyasi, ona mehridan chetda bo‘lgan bolalarning axloq-odobi, tarbiyasi, qo‘yingki, keyingi hayotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan holatlar ko‘p. To‘g‘ri, ma’lum muddat oilani tiklab olish uchun chetga ishlashga borayotganlar haqida nimadir demoqchi emasmiz. Ammo moddiyat yaxshilangandan so‘ng ham bolalarini o‘z holiga tashlab, yillar davomida virtual ota va onalarga aylanib qolayotgan oilalar jabrini keyinchalik o‘zlari tortmoqda. Jamiyat uchun bunday holatlar ijobiy yechim emas, albatta. Ayniqsa, migrasiyadagi oilalar orasida ajralishlar, farzandlarning noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketishi bilan bog‘liq muammolar yillar davomida o‘z yechimini kutadi.
Bu kabi muammolarning oldini olish maqsadida viloyatimizda o‘tgan yili 34277 nafar xotin-qiz migrasiyadan qaytarilib, 8299 nafarining bandligi ta’minlandi. Qolaversa, tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish, ularga subsidiyalar berish va boshqa qator choralar orqali jami 55593 nafar xotin-qiz bandligini ta’minlashga ko‘maklashildi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 27 ming nafar xotin-qizga 462,6 million so‘m kredit ajratildi.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, o‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan 3624 nafar xotin-qizga subsidiya ajratildi.
“Oila-mahalla-ta’lim muassasasi” hamkorligida ko‘makka muhtoj bo‘lgan oilalar va ulardagi bolalar bilan tizimli ishlash mexanizmi ishlab chiqilib, 9913 ta oila muammolari o‘rganildi.
Bu raqamlarni o‘qirkanmiz, o‘zimizda ham ish o‘rinlari mavjud bo‘lsa, nega onalar farzandlarini yillar davomida tashlab, qiyinchiliklarga chidab, o‘zga yurtlarda yurishibdi, degan savol tug‘iladi. Tabiiyki, bu savolga javob ham tayyor: shu mehnating uchun chetda senga o‘n barobar ko‘proq maosh to‘lashayotgan ekan, nega imkoniyatdan foydalanmaslik kerak?! Ammo bu imkoniyat oilangizga darz yetkazsa-chi? Bunday moddiyat farzand atalmish ne’matingizning noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketishiga sabab bo‘lib, uning hayotini izdan chiqarib yuborsa-chi? Umuman, yillar davomida moddiy ahvolini yaxshilab olgandan keyin ham qaytishni istamayotgan ayol ruhiyati qanday?
- Bu haqda gapirarkanmiz, faqatgina bitta, aniq sababni aytolmaymiz, - deydi Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi, psixolog Abira Bahromova. – Chunki ayolning aniq maqsadlari amalga oshgandan so‘ng ham chetda qolishga intilishi, hatto farzandlariga ham virtual onalikka o‘rganib qolishining turli ijtimoiy-maishiy tomonlari mavjud. Birinchi navbatda bunga sabab aniq maqsad qo‘ya olmaslik bilan bog‘liq. Ya’ni, inson moddiy o‘lchovlarining ham chegarasi bor, lekin bu chegarani u nazorat qila olmaydi va oqibatda qancha ko‘p pul topsa, shuncha kam tuyulaveradi. Shuning uchun garchi o‘zi qiynalayotgan bo‘lsa-da, shu hayot tarzini o‘zgartirgisi kelmaydi, moddiyat unga kuch beradi. Yana bir holat, ayollarning oiladagi o‘rni bilan bog‘liq. Ba’zi oilalarda ayol farzandlari ulg‘ayganda ham qaynona-qaynota, qaynsingil, qo‘ni-qo‘shni va umuman, kelin bo‘lib tushgan joyida qaysidir ma’noda xizmatchiday qaraladi, unga alohida shaxs sifatida munosabat yo‘q. Xorijda uzoq yil ishlab, o‘z mablag‘iga ega bo‘lgan, qolaversa, u yerda ayollarga munosabatni ko‘rib, tahlil qilayotgan muhojir ayol Vataniga qaytgach, ilgarigidek hammaga kelinlik xizmatini qilishni istamaydi. Endi u oilada, ro‘zg‘or ishlarida ham er-xotin, bolalar tengma-teng mehnat qilishini istaydi. Lekin bu istakni har doim ham amalga oshira olmaydi. Unga endilikda shunchaki pul topuvchi shaxs bo‘lib yashash qulayroq tuyuladi. Afsuski, buni hamma eplab ketmaydi va yana o‘sha, bir necha yil davomida o‘zi ko‘nikib qolgan muhitga qaytgisi kelaveradi. Aytish kerakki, bu faqat ayollarda emas, erkaklarda ham kuzatiladi. Erkaklarda ish haqi bilan bir qatorda ish beruvchining oddiy ishchilarga muomalasi, o‘zga davlatlarda turli ijtimoiy muassasalarda insonlarga munosabat kabi ijtimoiy sabablar ham mehnat muhojirligiga ketish ishtiyoqini oshiradi.
Bu kabi holatlarning oldini olish uchun jamiyatda ham o‘zgarishlar bo‘lishi kerak. Ammo shu bilan bir qatorda, biz farzandlarimizning ham maqsadlarini rivojlantirishimiz, o‘z shaxsiy fikri, nuqtai nazari bo‘lishiga e’tibor qaratishimiz, bir og‘iz so‘z bilan aytganda, ta’lim-tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanishimiz kerak.
Bu masalada sizda ham fikrlar bor, hatto bahslashishingiz ham mumkin. Negaki turli ijtimoiy vaziyatlar, oiladagi muammolar hammasi o‘ziga xos, ularni bir-biri bilan solishtirib bo‘lmaydi. Ammo dabdabali to‘ylar, quda-andalarga sarpolar, qimmatbaho mashina-yu uyimizni yangicha ta’mirlash uchun farzandlarimizni ota-ona mehridan mosuvo qilib, yillab muhojirlikning tanlanishi mantig‘ini asoslab bering.
Gulruh MO‘MINOVA.