Muhtoj bo‘lmaganlarga asossiz nafaqa to‘lashning oldi olindi
Kambag‘al oilalarga biriktirilgan rahbarlarning 1000 nafari natija ko‘rsata olmadi
Toshkentda Prezident raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
Ta’kidlanishicha, shu yilning 11 oyi davomida respublikamiz bo‘yicha mahalladagi ijtimoiy xodimlar uyma-uy yurib, shu yil reyestrda bo‘lmagan yana 95 ming muhtoj odamga yordam ko‘rsatgan.
51 ming odamga nogironlik belgilandi, 26 mingi protez oldi, nogironligi bor 5 ming bola bog‘cha-maktabga joylashdi.
Bundan tashqari, muhtoj bo‘lmaganlarga asossiz nafaqa to‘lashning oldi olindi, qisqargan xarajatlar byudjetda qoldirildi.
Uch oy oldin viloyat va tumandagi 14 ming rahbar 75 ming kambag‘al oilaga biriktirilib, ular bilan individual ishlash yo‘lga qo‘yildi. Natijada, shu kunga qadar kambag‘al oilalardagi 17 ming odam doimiy ishga joylashtirildi, tadbirkorlik va tomorqa orqali 14 ming aholining daromadi oshirildi, 30 ming bola bog‘cha, to‘garak va kasbga o‘qitish bilan qamrab olindi, 45 ming muhtoj aholiga tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Yig‘ilishda hamma rahbarlar ham ehtiyojmand aholini ishli qilib, daromadini ko‘paytirish, ularga manzilli ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatishni to‘g‘ri tashkil qila olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, kambag‘al oilalarga biriktirilgan rahbarlarning 1000 nafari natija ko‘rsata olmadi. 184 nafari ushbu oilalar xonadoniga biror marta ham bormagan.
Nogironligi bor shaxslar bandligi darajasi respublikada 20 foizga yetgani bilan, bu ishlar Jalaquduq, Chimboy, Past Darg‘om, Chortoq va Denov tumanlarida qoniqarsiz.
Mutasaddilarga ushbu tumanlarni namunali qilish, har bir mas’ulga aniq vazifa belgilash topshirildi.
Shuningdek, kelgusi yil Investitsiya dasturiga kiradigan 598 ta ijtimoiy ob’yekt loyihasi nogironligi bor odamlarga moslab ishlab chiqilmagani tanqid qilindi.
Ushbu viloyat, tuman hokimlariga xatolarni to‘g‘rilash topshirildi.