Mujda

Qish so‘ngida osmon qo‘ng‘irtob,
Shamol o‘rtar dil xumorini.
Qaydan kelding, ey, sovuq shitob,
Chertib qoldi, daraxt torini?!
Ko‘z ochirmas, hislar to‘zoni,
Gul-chechaklar o‘ksir dalada.
Hut hamlasi-hayot mezoni,
Bu ham qishga doir yallada.
O‘kinmagin, biri kam fevral,
Umrim qoldi-deya sanoqli.
She’rga esh bo‘l, g‘azalga evril,
Shoir tug‘ib bo‘lding ardoqli.
Tushga kirar sumalak-qandil,
Ko‘ngil, endi adirlarga chop.
Sening uchun bitib qo‘ygandir,
Bahor maysalardan ko‘kkitob!
...Oq faslning oydin chog‘ida,
Yo‘llar ko‘lmak, qor ham sargashta.
Odamlarning ko‘z, dudog‘iga
Navro‘z so‘zi qo‘nmoqda asta.
Toshpo‘lat O‘RXUN.