“Muolajani mehrdan boshlaydigan shifokor”
47 yil shifokor bo‘lib ishlagan, yaqinda “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan payariqlik shifokor faoliyati xususida ikki og‘iz
2016 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoniga muvofiq, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan edi. Ana shunday sharafga loyiq ko‘rilganlar qatorida, tibbiyot sohasiga munosib hissasini qo‘shgan payariqlik O‘roqxon Narzullayev ham bor.
O‘roqxon Narzullayev umrining 47 yilini sog‘liqni saqlash tizimiga sarflagan. Shundan 40 yilini tumanda va shifoxonalarda bosh vrach vazifasida ishlab, el salomatligini tiklashdek mas’uliyatli vazifalarda sidqidildan mehnat qilgan fidoiy otaxon.
Talabalik yillarimda otam bilan bemor singlimizni ko‘rish uchun shifoxonaga bordik. Singlimdan xabar olgach, otam «yur senga zo‘r shifokorni ko‘rsataman» deb bosh shifokor huzuriga yetaklab bordi. Xonaga qadam qo‘yganimiz bilan bosh vrach kotibasi odob bilan «Sizlarga qanday yordam kerak» deb ochiq yuz bilan kutib olishi esimda qolgan. Kimsan bosh vrachning qabulida shunday muomila bo‘lib tursa-ya. Dangalini aytadigan bo‘lsak, hozir bunday muomila ko‘pchilik tashkilotlarda anqoning urug‘iga aylangan. Kotibaga muddaomizni aytgach, hozir deya bosh vrach huzuriga yetakladi.
Yuzidan nur yog‘ilib turgan O‘roqxon Narzullayev bilan suhbatlashish menga ana shunday nasib etgan.
- O‘g‘lingiz bilan tanishganimdan juda xursand bo‘ldim,- dedi O‘.Narzullayev otamga. - Zamon ertaga shularniki-da. Ochig‘i, bugun bir narsadan xursandman. O‘qiyman, izlanaman desang, hamma sharoit bor. Oldingi zamon bilan hozirgi zamonni taqqoslaydigan bo‘lsangiz, osmon bilan yercha farqni ko‘rasiz.
Shuni quvonch bilan aytamanki, bugungi yoshlarning g‘ayrat-shijoatini ko‘rib, barcha sohalarda ildamlik, rivojlanish kundan-kunga bo‘laveradi.
Shu tariqa bosh vrach bemor masalasidan ortib, menga ham maslahatlarini bergandi. Farzandlarining baxt-u iqbolini ko‘rib, omon-omon zamonda keksalik gashtini surayottgan O‘roqxon Narzullayev bilan suhbatlashishning zavqi boshqacha. 82 yoshga kirgan bo‘lsa-da bir yigitchalik shahdi bor. Bemorni davolashni mehr, muomaladan boshlaydi.
O‘roqxon Narzullayevning boy tajribasi yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga yordam berishini isbotlashga ortiqcha hojat yo‘q. Keksalar hikmatiga rioya etilsa, yoshlik shijoati ko‘zlangan uzoq manzilga bexato yetish imkonini beradi. Shuning uchun ham xalqimiz qarisi bor uyning farishtasi bor deydi. Oramizda yoshi ulug‘larning borligi baxt saodat hisoblanadi. Ularni hurmat qilish, qadrlash esa inson go‘zal xulqi, fazilatidan darak beradi.
Husniddin XOLDOROV.