Muqaddas qasrga darz ketmasin

Yoshligimizdan ota-onamiz, bobo-buvilarimiz “Oila - muqaddas, unga xiyonat qilib bo‘lmaydi, bitta oila buzilsa, arshi-a’lo titraydi”, degan fikrlarni ongimizga singdirardi.

Hozirgi kunda afsuski, bu naqlga amal qilmaydigan ayrim yoshlar oramizda yo‘q emas. Bunga misol, yaqinda sevishib turmush qurgan oila, bugun ajrashish uchun sudga ariza beryapti. Sabab nima? Nega sevishib turmush qurgan yoshlar bir oy yashamasdan ajrashmoqda? Nima uchun ota-ona indamasdan qarab turibdi?

Asosiy sabab shundaki, biz inson erkin va farovon hayot kechirayotgan mamlakatda yashayapmiz. Katta hayotga qadam qo‘yishdan oldin biz, yoshlar avvalo, bilim olishimiz, hunar egallashimiz, kelajakda oila qurganda uning mashaqqatlarini bemalol yengib o‘ta oladigan bo‘lishimiz kerak. Ko‘pgina tengdoshlarimiz buni unutib qo‘yishyapti. Ota-ona ularni oila qurganda ham boqishi, kiyintirishi, mashina olib berishi, cho‘ntagiga pul solib qo‘yishi zarurdek.

Yana bir sababi, erta turmush qurish va ota-onaning beparvoligi nazarimda. Hali endigina 18 yoshga to‘lgan yoshlarning nikoh qurishi mamlakatimizda ajralayotgan oilalarning sonini oshirmoqda. O‘n sakkiz yoshga to‘lgan barcha yigit-qizlar hali xayoliy olamda sayr etib, oila nima, turmush nima anglab yetolganicha yo‘q. Buning uchun birinchi navbatda, o‘sib kelayotgan yosh avlodga oilaning muqaddasligi, hatto o‘zining manfaatlaridan-da ustunligi, bir umr oila uchun yashab, farzandlar va ota-onaning suyanchig‘i bo‘lishni ongu-shuuriga quyib borishi lozim, deb o‘ylayman.

Shahzod TOG‘AYMURODOV,

SamDU ijtimoiy ish yo‘nalishi talabasi.