Muqobil energiya: Bizda Quyosh yoki shamoldan elektr olish texnologiyasi yo‘q hisobi
Xonadonlar, idora-tashkilotlar, ishlab chiqarish korxonalarida elektr energiyasidagi asabbuzarliklar fonida bu xabar barchamizni yangi orzular sari yetaklagandi. Ammo o‘sha orzular hamon orzuligicha qolmoqda. Xo‘sh, bir necha yil oldin katta tashabbus bilan boshlangan bu loyiha nega hamon amalga oshirilmayapti? Buning sabablari nimada?
Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i To‘raxon Hoshimov bilan suhbatimiz viloyatimizda muqobil energiya turlaridan foydalanish imkoniyati va bu boradagi muammolar xususida bo‘ldi.
- Haqiqatda aholi va sanoat korxonalarining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish uchun 100 megavattli quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgandi, - deydi T.Hoshimov. - Qiymati 500 million dollar bo‘lgan loyihani amalga oshirish uchun Past Darg‘om va Nurobod tumanlaridan 400 gektar maydon ham ajratilgan. Rejaga ko‘ra, loyihani amalga oshirish uchun “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati 200 million dollar mablag‘ ajratishi va 300 million dollar miqdorida xorijiy sarmoya jalb etilishi lozim edi. Hozirgacha ushbu loyihaga mamlakatimiz tomonidan 6,5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi va ushbu mablag‘ hisobidan kommunikatsiya tarmoqlari va yo‘llarni asfaltlash ishlari olib borildi. Fotoelektr stansiyasida Xitoy davlati texnologiyalari o‘rnatilishi lozim edi. Afsuski, ular taqdim etgan qurilmalar mos kelmaganligi tufayli bu stansiyaga texnologiya yetkazib berish uchun yana xalqaro tanlov e’lon qilindi.
Endi esa joriy yilda Kattaqo‘rg‘on tumanida yangi loyiha asosida 200 megavattli zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyasi qurish uchun loyiha smeta hujjatlari tayyorlanmoqda.
- Viloyatimizda muqobil energiyadan foydalanish samaradorligi nega past?
- Dunyoda muqobil energiyadan foydalanish darajasi juda yuqori. Masalan, Xitoyda bugungi kunda 150 million aholi faqat quyosh fotoelektr stansiyasi orqali elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirmoqda. Shuningdek, Germaniya, Portugaliya, Niderlandiya, Shvetsiya, Koreya davlatlari muqobil energiya ishlab chiqarish bo‘yicha eng ilg‘or davlatlar hisoblanadi.
O‘zbekistonda yil davomida 280-300 kundan ortiq quyoshli kunlar bo‘ladi. Bu esa respublikamizda aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini to‘laligicha quyosh fotoelektr stansiyalaridan olinadigan elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi.
Unda nega bizda muqobil energiyadan foydalanish samaradorligi past, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bizda quyoshdan elektr olish texnologiyasi yo‘q hisobi. Ayrim hududlarda quyosh panellari ishlab chiqarilmoqda. Lekin buning o‘zi quyoshdan elektr olish uchun yetarli emas. Soha rivojidagi muammolardan biri quyosh fotostansiyaga o‘rnatiladigan jihozlar nihoyatda qimmatligida. Qolaversa, jihozlarning Koreya va Xitoy davlatlaridan import hisobiga keltirilishi bu texnologiyani rivojlantirishdagi asosiy to‘siqlardan hisoblanadi.
Bugungi kunda viloyatimizda aholi uy-joylari, ta’lim va tibbiyot muassasalarida mingdan ortiq kichik quyosh elektr stansiyasi ishlab turibdi. Boshqarmamiz tomonidan viloyatimizdagi ijtimoiy soha ob’yektlarida hozirgacha 18 ta kichik quyosh stansiyalari o‘rnatildi. Shuningdek, viloyatimizda muqobil energiya ishlab chiqaruvchi kichik GESlar ishlab turibdi.
Misol uchun, “Samarqand Kaskad” GESida 50 million kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarilardi. Bu yil qo‘shimcha 1 million kilovattlik 5 ta kichik elektr stansiyasi ishga tushirildi. Keyinchalik yana 4 ta kichik gidrostansiya qurish rejalashtirilgan.
- Dunyo davlatlarida shamol yordamida elektr energiyasi olish tajribasi ham rivojlanib bormoqda. Bizda esa muqobil energiyaning bu turi hamon oqsamoqda. Bizda shamol yetarli darajada emasmi yoki bu sohada ham texnologiya muammosi bormi?
- Dunyodagi katta hajmdagi yer osti va yer usti boyliklariga ega sanoqli davlatlardan birimiz. Ammo bugun beminnat hisoblangan har qanday resursning chegarasi bor. Tabiiy resurslarning muqobil varianti haqida ularning oxiri ko‘rinib qolganda qayg‘urish samarasiz. Shuning uchun bu haqda hozir qayg‘urish kerak. Shamol yordamida elektr olish ham shular jumlasiga kiradi.
Bulung‘ur, Urgut, Nurobod, Payariq tumanlaridagi asosiy shamol yo‘llarida yer sathidan 70 metr balandlikda shamol elektr stansiyalarini qurish mumkin. Bu masala respublikada elektr energiyasi tanqisligining oldini olishda muhim. Shuningdek, shamol elektr stansiyalari uglevodorodlarni yoqish hisobiga olinayotgan elektr energiyasining o‘rnini qoplashning asosiy manbasi hisoblanadi. Bunday stansiyalar Niderlandiya va Germaniyada yaxshi rivojlangan. Kerakli jihozlarni ham shu davlatlardan keltirish mumkin. Bizda ham shamol yordamida elektr energiyasi olish bo‘yicha barcha imkoniyatlar bor. Ammo hozircha bu imkoniyatdan deyarli foydalanmayapmiz.
- Muqobil energiyadan foydalangan iste’molchi biror afzallikka ega bo‘ladimi?
- Albatta, muqobil energiyadan foydalanish har qanday iste’molchiga bir qator imtiyoz va qulaylik yaratadi. Birinchidan, bu energiya turidan foydalanganlik uchun hech qanday soliq to‘lovlari mavjud emas. Ikkinchidan, elektr energiyasida uzilishlar kuzatilmaydi va bir me’yordagi doimiy elektr ta’minotiga ega bo‘ladi. Uchinchidan, insonlar sog‘lig‘iga ta’sir etuvchi omillardan xoli bo‘lgan ekologik toza energiya bilan ta’minlanadi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV suhbatlashdi.