@zarafshon_botga murojaat: Ko‘chamizga kim simyog‘och o‘rnatib, elektr tarmog‘i tortishi kerak?

Payariq tumani Mirzo Ulug‘bek mahallasidan murojaat qilyapmiz.

Mana, bir necha yil bo‘ldi biz yashaydigan Katta Chorbdor ko‘chasiga elektr simyog‘ochi o‘rnatish yo‘g‘on ichakdek cho‘zilib kelyapti. O‘rnatib berishlarini so‘rab, tuman elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘iga va elektr tarmoqlari tizimida tashkil etilgan xalq nazorati portaliga bir necha marta murojaat qildik. Lekin murojaatlarimiz javobsiz va hal qilinmasdan kelinmoqda.

Yashash manzilimiz olis qishloq emas, Chelak markazida joylashgan. Shunday bo‘lsa-da, 4 dona simyog‘och bilan o‘tadigan tarmoq hozirgi kungacha har xil bahonalar bilan hal qilinmayapti. Ba’zida o‘ylab qolamiz: ko‘chamizga kim simyog‘och o‘rnatib, elektr tarmog‘i tortishi kerak? Shu bois sizlarga murojaat qilishga majbur bo‘ldik. Zora, bu ishga mas’ul tashkilot rahbarlari o‘qib, bor-yo‘g‘i 4 dona simyog‘och o‘rnatib, elektr simlarimizni xavfsiz tarzda tortib berishsa....

Payariq tumani Mirzo Ulug‘bek mahallasida yashovchi fuqarolar.