Murojaatchi mart oyidan buyon kreditga hisoblangan foiz to‘lovlarini amalga oshirmagan

Joriy yilning 17 dekabr kuni saytimizda “Yoshlar uyi”da istiqomat qiluvchilarga nega “Qishloqqurilishbank” xodimlari karantin davridagi kredit qarzdorligini biryo‘la to‘lashni talab qilyapti?” sarlavhasi bilan Zarina Rahmonovaning murojatini e’lon qilgan edik.

Maqolada ta’kidlangan masala yuzasidan ATB “Qishloq qurilish bank” Samarqand mintaqaviy filialidan quyidagicha munosabat bildirildi:

“Murojaatda pandemiya munosabati bilan joriy yilning aprel-sentyabr oylari davomida vujudga kelgan foiz qarzdorliklarini bank xodimlari biryo‘la to‘lashni talab qilayotganligi bildirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 apreldagi

Farmoni 11-bandida Markaziy bankka “Tijorat banklari tomonidan moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan yuridik va jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning kreditlari bo‘yicha to‘lovlarni 2020 yil 1 oktyabrga qadar kechiktirish taqdim etish uchun shart-sharoitlar yaratish va tartib-taomillarni soddalashtirish choralarini ko‘rish” topshirilgan.

Mazkur farmon va Markaziy bank Bank nazorati qo‘mitasining 2020 yil 7 apreldagi №213/1-sonli qarori asosida qabul qilingan ATB “Qishloq qurilish bank” boshqaruvining 2020 yil 6 apreldagi № 8-sonli va 2020 yil 27 maydagi №16-sonli yig‘ilish bayonlarida COVID-19 pandemiyasi tufayli qiyinchilikka uchragan jismoniy shaxslarning joriy yil aprel-sentyabr oylari davomida qaytarilishi lozim bo‘lgan kredit to‘lovlarining asosiy qarz qismi 2020 yil 1 oktyabr sanasiga qadar kechiktirilishiga hamda kredit shartnomasining oxirgi muddatini mos davrga uzaytirilgan holda to‘lanishiga rozilik berilgan. Foiz to‘lovlari uchun esa kredit ta’tili joriy etilmagan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2020 yil 7 apreldagi №213/1-sonli bayoniga asosan, murojaatchiga ajratilgan ipoteka krediti 20 yilga, ya’ni 240 oy muddatga berilganligi va unga yana 5 yil imtiyozli davr ajratilganligini inobatga olib, hozirgi vaqtda kreditning kaytarish muddati 240 oy emas, balki 246 oy bo‘lganligini va imtiyozli davr ham 5 yil emas, 5 yil-u 6 oy muddatga uzaytirilganligini ma’lum qilamiz.

Ushbu murojaatda fuqaro pandemiya davrida farzandi betobligi sababli ish xaqi olmasdan uyda o‘tirganligini ma’lum qilgan hamda oila boquvchisining 1 600 000 so‘m ish haqi olayotganligini ta’kidlab o‘tgan. Haqiqatda, Davlat soliq qo‘mitasi qoshidagi DUK “soliqservis.uz” manbasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, murojaatchining ish joyidan, ya’ni “Erudit” MChJ Samarqand tumani XTMFMT va TEB tomonidan pandemiya davrida 2020 yilning mart oyida 2 863,0 ming so‘m, aprel oyida 1 343,4 ming so‘m, may oyida 3 182,4 so‘m, iyun oyida 3 418,8 ming so‘m, iyul oyida 1 932,0 ming so‘m, avgust oyida 3 208,5 ming so‘m, sentyabr oyida 3 611,3 ming so‘m hamda oktyabr oyida 3 032,3 ming so‘m jami 22 591,7 ming so‘m oylik maosh hisoblangan.

Bundan tashqari, murojaatchining turmush o‘rtog‘i ham “Samarqand suv ta’minoti” korxonasidan 2020 yilning mart oyida-2 597,5 ming so‘m, aprel oyida 2 361,4 ming so‘m, may oyida 2 597,6 so‘m, iyun oyida 2597,6 ming so‘m, iyul oyida 2 597,6 ming so‘m, avgust oyida 2 597,6 ming so‘m, sentyabr oyida 2 226,5 ming so‘m hamda oktyabr oyida 2 486,6 ming so‘m, jami 20 062,5 ming so‘m oylik maosh hisoblanganligi ma’lum bo‘ldi.

Murojaatchi tomonidan joriy yilning mart oyidan boshlab, ya’ni pandemiya davridan hozirgi vaqtgacha kreditga hisoblangan foiz to‘lovlariga umuman to‘lov amalga oshirilmagan. Bugungi kunda ularning kreditdan hosil bo‘lgan foiz qarzdorligi 7 673,5 ming so‘mga yetgan.

Vaholanki, bank xodimlari murojaatchining uyiga borishidan oldin bir necha marotaba telefon orqali kredit to‘lovlarini amalga oshirishni so‘ragan.

Adliya vazirligi tomonidan 2018 yil 2 iyulda 3030-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risida”gi Nizomga asosan qarzdorlik yuzaga kelganda banklarning iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarini amalga oshirish to‘g‘risida kredit shartnomasi bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlik yuzaga kelganda bank iste’molchi zimmasidagi qarz yuki yanada oshib ketishining oldini olish maqsadida muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlik yuzaga kelgan sanadan boshlab 7 (yetti) kalendar kuni davomida iste’molchi bilan shartnomada kelishilgan har qanday aloqa bog‘lash usullarida, shu jumladan, elektron aloqa vositalaridan yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa usullardan foydalanib, iste’molchiga muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlik yuzaga kelganligi haqida sundirish jadvalini ilova qilgan holda xabar berishi shart.

O‘zbekiston Respublikasi “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 61-moddasiga muvofiq banklar va ularning mijozlari o‘rtasidagi munosabatlar shartnomalar asosida amalga oshiriladi.

Murojaatchi mazkur javob xatidan norozi bo‘lgan taqdirda amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat bildirishi mumkin.

T.ShODIYeV,

ATB “Qishloq qurilish bank” Samarqand mintaqaviy filiali boshqaruvchisi.