Murojaatchining uyiga tez yordam mashinasi yuborildi

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan Ishtixon tumanida tashkil etilgan press-tur aholi uchun sayyor tibbiy ko‘rikdan boshlandi.

Tumanning Qirq yigit mahallasida maxsus chodirlar tayyorlanib, ularda aholi xirurg, pediatr, onkolog, infeksionist, urolog, akusher-ginekolog, LOR, terapevt, nevrolog, fiziatr singari 20 ga yaqin turdagi tor mutaxassislik vakillaridan maslahat oldi. Bunda fuqarolarning kasalligini erta aniqlash, tashxis qo‘yish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan avtobuslar, tez tibbiy yordam mashinalari xizmatga shay.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.Jumaniyozov sayyor tibbiy ko‘rik doirasida murojaatchilar uchun qabul o‘tkazdi. E’tiborlisi, unda hech bir murojaat qaytarilgani yoki quyi bo‘g‘inlar “himmat”iga qoldirilgani yo‘q. Bemorlar va ularga hamrohlik qilib kelganlarning dardu-tashvishlarini o‘zi tinglab, “tashxis”ni ham o‘zi qo‘ydi. 

— Olti oydan buyon ovoraman, kirmagan mas’ulim, uchrashmagan shifokorim qolmadi, - deydi tumanning Qorajo‘yli mahallasidan kelgan Oysuluv Namozova. – Umurtqa pog‘onamda siljish bor, operatsiya qilish kerak, deyishyapti. Lekin buning uchun pulim yo‘q, oilam ham “Temir daftar”da turadi. Sayyor qabulda barcha muammolarim hal bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash boshqarmasi meni bepul operatsiya qildiradigan bo‘ldi.

— Kampirimni bolnitsaga yotqizish kerak, yuragi og‘riydi, - deydi Do‘stlik mahallasida istiqomat qiluvchi Qo‘chqor ota. – Tibbiy ko‘rikka olib borganimizda “Uyda davolansa bo‘ladi”, deb qaytarib yuborishgandi. Lekin uyda kasali zo‘rayib boryapti. Do‘xtirlarning kattasiga uchrashay, deb keldim.

Boshqarma boshlig‘i murojaatchi otaxonning uyiga tez tibbiy yordam mashinasini jo‘natdi. Shifokorlar uni zudlik bilan ko‘rikdan o‘tkazib, zarur bo‘lsa, shifoxonaga yotqizishadigan bo‘lishdi.

Qabulda sanatoriyda davolanish uchun yo‘llanma olish, nogironlik nafaqasini tayinlash singari tizim vakolatiga kirmaydigan masalalarda ham murojaatlar bo‘ldi. Bunday murojaatchilarga zarur huquqiy va tibbiy maslahatlar berildi.

— Ishtixonda tashkil etilgan tadbirimiz uch bosqichda olib borilmoqda, - deydi boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Suhrob Zayniyev. – Birinchi bosqich bir hafta oldin boshlangan edi. Unda tumanga jalb qilingan 400 nafarga yaqin tibbiyot xodimlari xonadonma-xonadon yurib, fuqarolar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etish yuzasidan targ‘ibot ishlarini olib borishmoqda. Jarayonda surunkali kasalligi, nogironligi borlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur maslahatlar berilyapti. Ikkinchi bosqich tuman tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasida davom etmoqda. Unda viloyatimizning eng malakali jarrohlari jam bo‘lishgan. Bugungacha ular tomonidan ishtixonlik bemorlar ustida 70 ta yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Qirq yigit mahallasida tashkil etilgan sayyor tibbiy ko‘rik hamda boshqarma boshlig‘ining qabuli navbatdagi bosqich.

Press-tur ishtirokchilari tumanning Safoxo‘ja mahallasida bo‘ldi. Bu yerdagi targ‘ibot tadbirlarini viloyat perinatal markazi shifokorlari tomonidan olib bormoqda. Ma’lum qilinishicha, bir hafta ichida shifokorlar mahalladagi 300 xonadonga kirib, 1500 nafardan ziyod fuqaroni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan.

Asqar Barotov.