Murojaatga munosabatga qarab rahbar faoliyatiga baho beriladi

Fuqarolardan kelib tushgan shikoyatlar, murojaatlar tahlili ma’lum bir soha yoki hududda eng muammoli masalalarni aniqlashga imkon beradi. Bu murojaatlarning ijrosi esa rahbar faoliyat darajasini aniqlash, baho berishga imkon yaratadi. Shuning uchun ham murojaatlar bilan ishlash tizimi doimiy ravishda viloyat hokimining diqqat-e’tiborida.
Bugun viloyat hokimligida o‘tkazilgan muhokama ham aynan shu masalaga, fuqarolar murojaatlarining ijro holatiga bag‘ishlandi. Video-selektor shaklida o‘tkazilgan muhokamada shahar va tumanlar hokimlari, boshqarmalar va ularning hududiy bo‘linmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon viloyat hokimligida hokimning telegram messenjeriga, o‘tkazilgan sayyor qabullar, tadbirkorlar va yoshlar bilan uchrashuvlar, virtual qabulxona va ishonch telefoni orqali kelib tushgan murojaatlar 29 mingtani tashkil etmoqda. Ulardan 4,6 fozi bank sohasiga, 3,2 foizi elektr energiyasi ta’minoti, 2,8 foizi mahalla muammolari bilan bog‘liq. Bugungi kunda murojaatlarning 648 tasining ijrosida kechikish kuzatilmoqda. Muhokamada har bir murojaat taqdiri belgilangan mas’ullardan so‘raldi.
Avval xabar qilinganidek, viloyat hokimligida oy boshida fuqarolarning murojaatlarini ijro etishning markazlashtirilgan elektron tizimi ishga tushirilgan edi. Platformaning joriy etilishi ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilanishiga imkon bermoqda, biroq, natijalar hali ham mas’ullar tomonidan bajarilishi zarur bo‘lgan ishlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
- Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash, umuman, aholi bilan ishlash davlat organlari va tashkilotlari faoliyatidagi asosiy vazifa bo‘lishi kerak, - dedi viloyat hokimi Erkinjon Turdimov. – Ushbu jarayonning qanday tashkil etilganligi esa fuqarolarning davlat organlari va tashkilotlari bo‘lgan munosabatida ham ko‘rinadi.