Murojaatlar bilan ishlashda mas’uliyat yanada oshishi kerak
Xalq deputatlari viloyat Kengashining to‘qson oltinchi sessiyasi o‘tkazildi. Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri S.Usmonov boshqardi.
Dastlab deputatlar 2023 yilda viloyatda eksport va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda 2024 yildagi rejalar to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdilar.
Qayd etilishicha, 2023 yilda viloyatda xorijiy investitsiyalar jalb qilingan loyihalar doirasida 632 million dollar miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Umumiy qiymati 529,1 million dollar bo‘lgan 15 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi yirik loyiha ishga tushirilgan va 2 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan.
- Viloyatdagi 590 ta eksportyor korxona tomonidan 650 dan ortiq turdagi 584 million dollarlik sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi, - deydi viloyat investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sheroz Sobirov. - Bu ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan (19,5 million dollar) 103,5 foizni tashkil etdi. Hozirgi kunga kelib, eksportga chiqarilayotgan mahsulotlar turi 660 dan ortdi hamda eksport geografiyasidagi davlatlar soni 61 taga yetdi.
2024-2026 yillarda xorijiy investitsiyalar ishtirokida umumiy qiymati 2,5 milliard dollar bo‘lgan 64 ta loyihaning manzilli ro‘yxati shakllantirildi. Ushbu loyihalar doirasida joriy yilda 1,1 milliard dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi.
Deputatlar viloyatga investitsiya jalb qilish va eksportni kengaytirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bugungi kun talabi darajasida emasligini bildirib, endi chetdan faqat sarmoya kiritish emas, xorijiy brendlarni olib kelish, shuningdek, paxta xomashyosini qayta ishlab, eksport tarkibida kalava ip ulushini kamaytirib, tayyor mahsulot va mato hajmini oshirish zarurligini ta’kidladi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonasi mudiri o‘rinbosari Shoira Sultonova viloyatda aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlash holati yuzasidan axborot berdi.
Ta’kidlanishicha, 2023 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalariga viloyatdan 125 mingdan ortiq murojaat tushgan va 2022 yilga nisbatan 18 foizga kamaygan. Biroq Paxtachi (9331 ta), Payariq (11017 ta) va Kattaqo‘rg‘on shahrida (3454 ta) murojaatlar soni oshgan.
Kelib tushgan murojaatlarning 93511 tasi (79,6 foiz) qanoatlantirilgan. Shundan 49524 (42,1 foiz) tasi ijobiy yechim topgan, 7551 tasi ko‘rib chiqish jarayonida.
- Tahlillarimizga ko‘ra, viloyatda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijrosi to‘liq ta’minlanmayapti, - dedi Sh.Sultonova. - Ayrim davlat hamda o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tomonidan belgilangan talablar lozim darajada bajarilmaganligi oqibatida bu ko‘rsatkichlarning salmog‘i kamayish o‘rniga oshib boryapti. Shuningdek, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari buzilgan holatlar ko‘paygan.
Deputatlar murojaatlarda keltirilgan muammolarni hal etish borasida mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash hamda ularni navbatdagi sessiyalarda muhokama qilib borish zarurligini ta’kidladi.
Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi boshlig‘i S.Jabborovning Prezidentimizning 2020 yil 24 noyabrdagi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi yuzasidan hisoboti hamda viloyatda 2025 yilda davlat tibbiy sug‘urta tizimini joriy qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham deputatlarning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘ldi.
Sessiyada “Viloyat hokimining 2024 yil 10 fevraldagi «Viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi qarorini tasdiqlash, Jomboy tumanidagi ayrim aholi punktlarini nomlash, viloyatda 2024 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini tasdiqlash, issiqlik bilan ta’minlovchi korxonalar tomonidan Samarqand shahri va Nurobod tumanidagi yuridik tashkilotlarga ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlar (tariflar) miqdorini ma’qullash to‘g‘risidagi va boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.