Murojaatlar bilan ishlovchi xodimlar ham malaka oshiradi
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan “Davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi xodimlari malakasini oshirish tartibi to‘g‘risidagi” nizom tasdiqlandi.
Unda qayd etilganidek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi xodimlar deganda kelib tushgan murojaatlarni qabul qilish, ro‘yxatga olish va ko‘rib chiqish uchun yuborish, shuningdek, murojaatlarning hisobotini yuritish va ko‘rib chiqilishini nazorat qilish maqsadida davlat tashkilotlarida tashkil etilgan bo‘linma yoki guruhlarning rahbar va xodimlari nazarda tutiladi.
Nizomga ko‘ra, endi mazkur xodimlar malakasini oshirish har 3 yilda kamida bir marta amalga oshiriladi va malaka oshirish kursida o‘qish vaqti 12 soatni tashkil etadi.
Malaka oshirish ta’lim muassasasi va uning filiallarida, xodimlarning ish joyida o‘qitish, masofaviy ta’lim orqali o‘qitish kabi shakllarda amalga oshirilishi mumkin. Kurslar to‘lov-shartnoma asosida tashkil etiladi. Malaka oshirish yakuni bo‘yicha imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga o‘quv kursining nomi va hajmi ko‘rsatilgan holda namunadagi sertifikat beriladi.
Sinov imtihonini topshirmagan (suhbatdan o‘tmagan) tinglovchiga sertifikat berilmaydi. Bunday holatda tinglovchiga malaka oshirish kursida qatnashganligi to‘g‘risida ma’lumot beriladi. O‘qish davrida malaka oshirish kurslariga qabul qilingan tinglovchilarning o‘rtacha oylik ish haqi asosiy ish joyi bo‘yicha saqlab qolinadi.
Azamat Narziqulov,
viloyat moliya bosh boshqarmasi yuridik bo‘limi boshlig‘i.