Murojaatlar nazoratga olindi, tashabbus va takliflar qo‘llab-quvvatlandi

Sayyor qabulda

Samarqand shahridagi “Vatanparvar” bog‘ida viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning aholi uchun navbatdagi sayyor qabuli o‘tkazildi. Unda viloyatimizning barcha tumanlaridan fuqarolar ishtirok etdi.

Qabulda asosan yo‘l qurilishi, elektr ta’minoti, subsidiya asosida uy-joy ajratilishi, ishsizlik masalalarida murojaatlar ko‘p bo‘ldi. Viloyat hokimi va boshqa mas’ullar har bir fuqaroning muammo va takliflarini tinglab, masalalarga yechim topish chorasini ko‘rdi.

Jumladan, Paxtachi tumani Saroy mahallasida istiqomat qiluvchi Bahodir Shodiyev mahallasidagi simyog‘ochlar avariya holatida ekanligi, eski transformator esa aholining ehtiyoji uchun yetarli elektr energiyasini yetkazib berolmayotganini aytib, shikoyat qildi. Viloyat hokimi “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ mas’ullariga mahalladagi eski simyog‘ochlar o‘rniga temir-beton ustunlar o‘rnatish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, mahallada mahalliy byudjet hisobidan yangi transformator o‘rnatiladigan bo‘ldi.

— Mana, 14 yildirki sobiq erim ikki nafar farzandimiz uchun aliment pullarini to‘lamay kelmoqda, - deydi pastdarg‘omlik Sojida Abdug‘aniyeva. – Murojaat qilmagan joyim qolmadi. Uni aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganligi uchun ikki marotaba jazoga ham tortishdi, foydasi yo‘q. Viloyat hokimidan ko‘mak so‘rab keldim.

E.Turdimov mas’ullar oldiga fuqaroning murojaatini qisqa fursatda o‘rganib, aliment pullarini undirish chorasini ko‘rish vazifasini qo‘ydi. Shuningdek, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan oilaga moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilandi.

Sayyor qabulda faqat o‘ziga emas, mahallasi, xususan, undagi yoshlar uchun nimadir so‘rab kelganlar ham bo‘ldi. Masalan, Samarqand tumanining Yangi Joy mahallasida istiqomat qiluvchi Rustam Umarov mahallasidagi kichik, sharoiti og‘ir maktab o‘rniga yangisini qurish kerakligini aytdi. Bulung‘urlik Shoxruh Qo‘ziboyev esa o‘z yerida yoshlar uchun mini-futbol maydonchasini qurish tashabbusi bilan chiqdi. Unga bu loyihani amalga oshirishi uchun imtiyozli kredit zarur ekan.

E.Turdimov ikkala murojaatni ham o‘rganib chiqib, ijobiy hal qilish uchun mas’ullarga yo‘naltirdi.