Murojaatlarning “kaliti” qayerda?

Samarqandda vakolatli organlar yilning birinchi yarmida 5 mingdan ortiq murojaatga mas’uliyatsizlik bilan yondoshgan
Davlat xizmatlari markazlariga kelayotgan har bir fuqaro muammosiga yechim izlab keladi. Afsuski, ko‘p hollarda o‘sha umid qilingan “kalit” vaqtida egasini topmaydi.
Bilamizki, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, ularning sifat va samaradorligini oshirish, belgilangan muddatlarda taqdim etilishi uchun davlat idoralari va tashkilotlari vakolatli organ hisoblanadi. Markazlar orqali yuborilgan fuqarolarning har bir so‘rovlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, tegishli javob qaytarilishi lozim. Murojaatni assossiz rad etishga, vaqtida ko‘rib chiqmaslikka, ortiqcha hujjat talab qilishga haqimiz yo‘q. Biroq ana shu tamoyilni bugungi kun mas’ullari unutib qo‘ymoqda. Oqibatda xizmat haqini to‘lab qo‘ygan iste’molchining qonuniy manfaatlari qo‘pol ravishda buzilmoqda.
Jumladan, joriy yilning birinchi yarmida tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlaridan yuborilgan maxsus xabarlarning ko‘pi vakolatli organlar tomonidan qonunda belgilangan tartibda hal etilmagan. O‘tkazilgan tekshirish va monitoringlar natijasida bu o‘z tasdig‘ini topib, vakolatli idoralar tomonidan 5117 ta qonun buzilishi holatlari sodir etilganligi aniqlandi.
Tahlillarga ko‘ra, 4234 holatda davlat xizmatlari ko‘rsatish muddatlari buzilgan, 821 holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xizmatlari ko‘rsatilgan, 56 holatda murojaatlar asossiz rad etilib, 6 holatda boshqa qonun buzilishlari sodir etilgan.
Afsuski, ko‘rilayotgan ta’sir choralariga qaramasdan tegishli xulosa chiqarmayotgan davlat idoralari va tashkilotlari soni kamayayotgani yo‘q. Masalan, kadastr idoralari (1750 ta), gaz ta’minoti, (1584 ta), suv ta’minoti (594 ta), elektr ta’minoti korxonalari (127 ta), qurilish idoralari (83 ta), tuman (shahar) hokimliklari (204 ta), sog‘liqni saqlash muassasalari (240 ta), davlat soliq inspeksiyalari (378 ta) hali-hanuz mazkur ro‘yxatda “yetakchi”lik qilmoqda. Nahotki, ushbu idoralarda fuqarolar murojaatlariga panja orasidan qaralsa? Ular uchun iste’molchi manfaatlarining bir chaqalik qadri yo‘qmi?
Ota-bobolarimiz bizni birovning mushkulini oson qilishga undab kelgan. Lekin bu yerda kimgadir yordam berish haqida emas, xizmat haqini to‘lab qo‘ygan iste’molchi va bir murojaat ortidagi taqdir haqida gap bormoqda. Birgina misol, “Graver Menejment” MChJning Samarqand shahar davlat xizmatlari markazi orqali shu yil 15 mayda Oqdaryo tumani qurilish bo‘limiga yuborilgan ob’yektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnoma olish to‘g‘risidagi so‘rovnomasi 17 may kuni “Ijaraga beruvchi yerning foydalanish maqsadini boshqa faoliyat turiga o‘zgartirish va qo‘shimcha qurilishga berilgandan so‘ng ruxsat berilishini ta’minlaymiz...”, degan vaj bilan rad etilgan.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Bino va inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” 18-bandida vakolatli organga so‘rovnoma tushganidan so‘ng, 7 ish kunida ob’yektni joyiga borib bino va inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hudida qo‘shimcha bino va inshootlar qurish imkoniyatlari mavjudligini o‘rganishi va QR-kod qo‘yilgan ruxsatnomani berish yoki rad etishning aniq sabablarini ko‘rsatgan holda ruxsatnoma berishni rad etishi belgilangan. Ya’ni, Oqdaryo tumani qurilish bo‘limining mazkur holatdagi xatti-harakatlari qonunchilik talablariga zid hisoblanadi.
Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan vakolatli idoralar rahbarlari nomiga 19 ta taqdimnoma, 772 ta ogohnomalar kiritildi. Shuningdek, 54 nafar aybdor shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirildi. Qo‘llanilgan ta’sir choralari natijasida vakolatli organlarning 18 nafar xodimiga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilib, 54 nafar aybdor rahbar va xodimlar ma’muriy javobgarlikka tortilishi ta’minlandi.
Sherzod Azizov,
viloyat adliya boshqarmasi davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i.