Murojaatnoma amaliy ishlarga undaydi

Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis senati a’zosi Rustam Xolmurodov Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 14-umumta’lim maktabi pedagogik jamoasi va o‘quvchilari bilan davra suhbati o‘tkazdi.

Dastlab rektor mazkur umumta’lim maktabidagi shart-sharoitlar, binolardagi isitish tizimi, dars mashg‘ulotlari jarayonlari bilan tanishdi. 

So‘ng yuzma-yuz muloqot tashkil etildi va Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar va ularning ijrosiga to‘xtaldi.

- Murojaatnomada asosiy e’tibor ilm-ma’rifatni, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga, xalqimiz turmush tarzini, yashash sharoitlarini yanada yaxshilashga, qulay biznes va investitsiya muhiti, yangi ish o‘rinlari yaratish zarurligiga qaratildi, - dedi R.Xolmurodov. – Ushbu masalalarni ro‘yobga chiqarish siz, yoshlarning, pedagoglarning salohiyati, intilishlariga bog‘liq. Aql-idrok, bilim va intellektual iste’dod Vatanni yuksak cho‘qqilarga ko‘taradi. Buni har biringiz bilishingiz, ilm va ma’rifatning qadriga yetishingiz zarur.

Uchrashuv yakunida senator o‘qituvchi va o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Maktabga ikkita zamonaviy kompyuter jamlanmasi sovg‘a qilindi.

Shuningdek, universitetda davlat rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan vazifalar va ularning ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet rektori ma’ruza qildi.

Ta’kidlandiki, Prezidentimiz taqdim etgan Murojaatnomada fan va ta’limni rivojlantirish, oliy o‘quv dargohining nufuzi va saviyasini bugungi kun talabi darajasiga yetkazib, bu borada boshlangan islohotlarimizning ruyobini ta’minlash, barcha tarmoqlar uchun yetuk kadrlash tayyorlash barchamizning oldimizda turgan ustuvor vazifadir. Buning uchun albatta raqamli bilimlar va zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishimiz shart.

Maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini joriy yilda 25 foizdan oshirish, kelgusida 50-60 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Shular qatori ta’lim standartlari xorijiy tajribaga tayangan holda rivojlantiriladi.

Rustam Xolmurodov Murojaatnoma talabidan kelib chiqqan holda mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar sonini, pedagogik ta’limning oltita yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv muddatini uch yilga qisqartirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan aniq va maqsadli dasturlar yaratish vazifalarini belgilab berdi.

Dilmurod DO‘STMURODOV.