«Muruvvat» uyidan reportaj: «Non topishga qiynalgan kunlarimiz bo‘lgan»
Bu muassasaga joylashish uchun 2021 yildan beri 25 nafar bemor navbatda turibdi. Lekin bu yerga joylashganlar umrbod shu yerda istiqomat qilishadi, demakki, joy bo‘shashi oson emas.
Yildan-yilga navbatda turuvchilar soni oshib boraveradi. Ayni paytda muassasada 300 ga yaqin bemor istiqomat qiladi. Ular orasida mamlakatimizning barcha viloyatlaridan ayollar bor. Ayniqsa, Toshkent viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan ko‘proq.
Gap Urgutdagi «Muruvvat» nogironligi bo‘lgan ayollar internat uyi haqida ketmoqda. Ko‘pchilik yaxshi biladi, bu yerda I, II guruh nogironligi bo‘lgan, asosan ruhiy xastaliklardan aziyat chekayotgan fuqarolar davolanadi. Muruvvat uyining hovlisiga kirganimizdanoq bu yerda sharoitlar boshqacha ekanligiga guvohi bo‘ldik. Mutasaddilarning so‘zlariga ko‘ra, nafaqat tashqi ko‘rinish, balki bemorlarga ajratilayotgan dori-darmon, oziq-ovqat uchun mablag‘ ham keskin o‘zgargan.
- To‘g‘risi, bundan ikki-uch yil oldingi holat, sharoitni hatto eslashni ham istamaymiz, - deydi mazkur muassasa rahbari Alisher Saidov. – Esimda, hatto bemorlarga kezi kelganda non topib berishga ham qiynalib qolgan paytlarimiz bo‘lgan. 2020 yilda tegishli qarorlar asosida Urgut «Muruvvat» nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uyi hududida 300 o‘rinli nogironligi bo‘lgan ayollar internat uyi qurilib, 2021 yilda ishga tushirildi. Ilgari erkak va ayollar bir binoda, 450 o‘rinli muassasada yashab, davolangan bo‘lsa, endilikda erkaklar uchun 250 o‘rinli, ayollar uchun esa 300 o‘rinli, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan binolar foydalanishga topshirildi. O‘rinlar soni ham 100 taga oshdi. Har bir bemorning dori vositalariga o‘rtacha 4,5 ming so‘mdan sarflansa, oziq-ovqatga 30 ming so‘mga yaqin, gigiyena vositalariga kishi boshiga 2700 so‘mdan to‘g‘ri keladi. Bir paytlar umr bo‘yi shu yerda yashaydigan bemorlar uchun hatto gigiyena vositalari ko‘zda tutilmagan edi.
Hozir bu raqamlar ba’zilar uchun arzimasdek tuyulishi mumkin. Lekin bu yerda uzoq yillardan beri ishlayotganlar, bemorlar bu raqamlar ortidagi o‘zgarishlarda qanchalik farq borligini juda yaxshi his qilishadi.
O‘tgan yillar davomida faqat homiylar yordamigagina kunimiz qolgan paytlar bo‘ldi. Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan muruvvat uylariga e’tibor qaratilishi inson qadri ulug‘lanishi tamoyili bilan bevosita bog‘liq.
Muassasada bemorlar yashab, davolanish bilan birga, tikish-bichishni o‘rganishi, turli o‘yinchoq va buyumlar yasashi, qo‘lidan kelgani suratlar chizishi mumkin.
To‘g‘risi, mehnat xonasida yasalgan turli o‘yinchoqlarni ko‘rib, avvaliga ular shu yerda tayyorlanganiga shubha qildim. Ammo tushlikdan so‘ng bu yerda yashovchilar mehnat xonalariga tushib, mashg‘ulotlarga kirishib ketganda, fikrimdan uyaldim. Ayniqsa, Sanobar opa chizgan suratlarni, nazarimda, sog‘lom odam ham chiza olmaydi. Nilufar yasagan o‘yinchoqlarni esa mohir hunarmand tomonidan tikilgan, deb o‘ylaysiz.
Iroda she’r aytib, ko‘pchilik muxlislarini yig‘latib yurishga usta (uning o‘zi o‘qigan ta’sirli she’ri quyidagi videolavhada).
Darvoqe, internat uyida boy kutubxona bor. Yashovchilarning aytishicha, kutubxonachi opa Iroda singari kitobga qiziquvchilarga kitob o‘qib beradi, she’r yodlatadi.
Internat uyining hovlisida sport maydonchalari, jonli burchaklar ham bor. Kurka, quyon, qo‘y, buzoq kabi uy hayvonlari parvarishlanadi. O‘rtacha kattalikdagi maydonda esa issiqxona tashkil etilgan, hozir u yerda ko‘katlar barq urib yashnab turibdi. Bir so‘z bilan aytganda, bir xo‘jalikka zarur bo‘lgan barchasi muhayyo.
300 nafar bemor, 214 nafar xodim mehnat qilayotgan jamoa bilan bu yerda mehnat qilish osonmas. Ruhiy xasta bemor bilan ishlashning o‘ziga xosliklari bor, bir necha yillik xodimlar bu masalada tajriba to‘plagani, ularning «tili»ni yaxshi tushunishlari muomala munosabatlarda ham ko‘rinib turibdi.
O‘rta, og‘ir darajadagi bemorlar turli bo‘limlarda yotqizilgani tufayli ular bilan ishlash shunga qarab belgilanadi. Mutasaddilarning aytishlaricha, keyingi yillarda bemorlarning umr davomiyligi oshgan. Kim uchundir bu fikrlar shafqatsizroq tuyulsa-da, ammo muassasaga joylashish uchun navbatda turgan 25 nafar bemor faqatgina bu yerda yashovchilar olamdan o‘tgan taqdirdagina, o‘rin bo‘shagach, mazkur joyda yashash imkoniga ega bo‘lishadi. Ya’ni, ularning bu yerga joylashuvi shu vaziyatga yoki davlat tomonidan ta’minot ko‘payishiga bog‘liq.
Yana bir masala, juda ko‘p viloyatlarda shu kabi muruvvat uylari bo‘lgani holda nega o‘sha hududlardan ham bemorlar soni ko‘pligi kishini o‘ylantirib qo‘yadi.
Gulruh Mo‘minova.