Musiqa maktablarida cholg‘u asboblari bormi?
Madaniyat markazlarida-chi?
Tog‘ bag‘rida chanqovuz chalayotgan, nayni sayratayotgan, do‘mbirasini qo‘liga olib, dardini ohangga solayotgan kishilar atrofida bejiz odamlar yig‘ilmaydi. Ular kuyga sarmast bo‘lib, bir dam g‘am-tashvishni unutadi, ruhiy orom oladi. Musiqa shunday san’atki, insonning ichki kechinmalarini ohanglarda ifodalaydi. Bugun ham musiqaga ixlosmand kishilar, cholg‘u asboblarini o‘rganishni istovchi yoshlar ko‘p. Xo‘sh, ularga yetarli sharoit va imkoniyat yaratilganmi?
Ishtixon tuman madaniyat bo‘limining ma’lumotiga ko‘ra, tumanda bitta bolalar musiqa va san’at maktabi, 7 ta madaniyat markazi, istirohat bog‘i, muzey hamda 62 ta nomoddiy meros ob’yekti bor.
Tumandagi 21-son bolalar musiqa va san’at maktabida e’tiborimizni nevarasini kutib turgan onaxon tortdi.
- Yangiravot mahallasida istiqomat qilamiz, - deydi Bashorat Xoliqova. - Ikki nafar nevaram afg‘on rubobi chalishni o‘rganyapti. Ulardagi iste’dodni Erkin Vohidovning «Nido» qasidasini 10 yoshli nevaram chiroyli ohangda aytganida payqadim. O‘ylab o‘tirmay musiqa maktabiga olib keldim. Qishlog‘imiz biroz olis bo‘lganligi uchun ularni o‘zim olib kelaman. Bu, albatta, ortiqcha sarf-xarajat va vaqt degani. Lekin ular bunga qiziqadi.
Bolalar musiqa va san’at maktabi 150 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bugungi kunda 346 nafar o‘quvchi 11 yo‘nalishda tahsil olmoqda. Maktabga asosan Zarband, Mitan, Qo‘rg‘on, Safoxo‘ja, Sheyxlar, Azamat kabi hududlardan o‘quvchilar keladi. Ammo tuman markazidan olis hududlar o‘quvchilari musiqa maktabida kam. Sababi onaxon aytganidek, yo‘l xarajatlari va ...
Cholg‘u asboblari bor, ammo oliy ma’lumotli o‘qituvchi yetarli emas
- Bolalar musiqa va san’at maktabimizda fortepiano, o‘zbek xalq cholg‘u asboblari, an’anaviy xonandalik, estrada xonandaligi, dutor, prima rubob, qashqir rubobi, damli cholg‘ular, haykaltaroshlik, zardo‘zlik, teatr, xoreografiya, tasviriy san’at kabi yo‘nalishlar bor, - deydi maktab direktori Murod Ro‘ziyev. – 46 nafar o‘qituvchimizdan 19 nafari oliy ma’lumotli, 27 nafari o‘rta maxsus ma’lumotli. Maktabimizda 20 turga yaqin musiqa asboblari bor, ammo kantrabas ovozli cholg‘u asboblari, jumladan, dutor kantrabas va g‘ijjak kantrabas kerak. Estrada cholg‘uchiligi, skripka, akademik xonandalik, opera va vokal, fortepiano yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotli mutaxassislar yetarli emas. Fortepiano yo‘nalishi bo‘yicha 3 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritadi. Ushbu yo‘nalishda o‘qiydigan o‘quvchi ko‘pligi uchun 1,5 stavkada dars bermoqda.
Maktabda xalq amaliy san’atiga ham alohida ahamiyat berilgan. Bunga ham o‘quvchilarning qizishi katta. Bu yil yog‘och o‘ymakorligi yo‘nalishi tashkil etilib, 12 nafar o‘quvchi ushbu san’at sirlarini o‘rganmoqda.
Madaniyat markazlarida ahvol qanday?
Tumandagi 7 ta madaniyat markazida 10 yo‘nalishda 30 to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ularga 267 nafar havaskor jalb etilgan.
1-son madaniyat markazi yarmi kutubxona, ikki xonadan iborat binoda joylashgan. 5 ta to‘garak mavjud. Rubob, dutor, tor, karnay, surnay kabi musiqa asboblari, san’atkorlarning liboslari bor. Ammo xonalar yetarli emas, buning ustiga sovuq.
- Tumanimizda yettita madaniyat markazining qariyb barchasi moslashtirilgan binolarda faoliyat yuritadi, - deydi tuman madaniyat bo‘limi bosh mutaxassisi Dilmurod Abdullayev. – Xalqobod mahallasidagi 7- son madaniyat markazi 2016 yilda qayta qurilgan edi. Ammo qurilishdagi kamchiliklar sabab hali qabul qilib olinmagan.
Mazkur madaniyat markazi 2020 yilda qayta qurilishi belgilangan edi. Ammo bu ish amalga oshmadi.
Quyosh chiqsa mashg‘ulotlarni olib boramiz...
G‘afur G‘ulom mahallasida joylashgan 2-son imkoniyati cheklanganlar maxsus madaniyat markazida 4 to‘garakka 34 nafar havaskor jalb qilingan.
- «Barkamol avlod» bolalar maktabining eski binosida tuman nogironlar jamiyati bilan bir binoda faoliyat yuritamiz, - deydi markaz badiiy rahbari G‘ayrat Eshquvvatov. – Haftada uch kun ashula, rubob, doira, shashka to‘garaklarimizda 34 nafar havaskor ishtirok etadi. San’atga qiziquvchi imkoniyati cheklangan insonlar tumanda anchagina. Ular soz chalib, kerak bo‘lsa, bir-biriga o‘rgatib madaniy dam oladi. Afsuski, qish kelishi bilan markazimizda mashg‘ulotlar kamayadi. Sababi binolar sovuq, mashg‘ulotlar quyosh chiqqanda, havo harorati biroz isigach o‘tkaziladi. Ayrim hollarda ularning uyiga borib ham soz chalishni o‘rgatamiz.
Xulosa qilganimiz - tumanda madaniyat markazlari bor-u, ammo aholi dam olishi uchun imkoniyat yo‘q. Sababi moslashtirilgan binolarda faoliyat yuritayotgan havaskorlar o‘z san’atini namoyish etish uchun markazlarda na sahna, na konsert zali bor. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2013 yil 25 iyunda tasdiqlangan “Madaniyat va aholi dam olish markazlari to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, markazlar milliy madaniyatni saqlab qolish va o‘rganishda jamoatchilik ehtiyojlarini o‘rganish va qondirish, badiiy ijodni, boshqa havaskorlik ijodiy tashabbuslarni va aholining ijtimoiy-madaniy faolligini qo‘llab-quvvatlash, uning dam olishini tashkil qilish maqsadida tashkil etilishi belgilangan.
Shu bilan birga markazlarda aholining barcha qatlamlari tomonidan talab qilingan zamonaviy madaniy-ma’rifiy xizmatlarni keng yoyish, Internet-studiyalar, elektron resurslar, xorijiy tillarni o‘rganish kurslari, maroqli tomoshalar, munozara klublari, sportning stol turlari va intellektual o‘yinlar bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishi ham nizomda qayd etilgan.
Afsuski, bu nizom talablari hozircha Ishtixonda to‘la-to‘kis bajarilmayapti.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.