Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan tadbirlar qo‘shma korxonalarda ham o‘tkazilmoqda
Nurobod tumanidagi Sazag‘on massivida joylashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Щyolkova Agroxim - O‘zbekiston” Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasida mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Korxon vakillari keyingi yillarda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida barcha sohalarda aloqalar kengayib borayotganligi, davlatimiz tomonidan iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish va tadbirkorlikning qo‘llab-quvvatlanishi, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar faoliyatiga keng yo‘l ochib berilishi, chet el sarmoyalari jalb etilishining rag‘batlantirilishi natijasida ushbu korxona tashkil etilganligi aytdi.
Ma’lumot o‘rnida, Nurobod tumani Sazag‘on massivida “O‘simliklarni himoyalash kimyoviy vositalari ishlab chiqarish zavodi” qurilishi olib borilmoqda.
Buning uchun shu yerdagi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududidan 5.3 gektar maydon ajratilgan. Loyiha qiymati 20 million AQSh dollardan ziyodroqni tashkil etib, bu mablag‘ning barchasi xorijiy investitsiya hisobidan. Korxonada qishloq xo‘jaligi uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi ximikatlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
– Hozirgi kungacha zavod qurilishiga qariyb 17 million AQSh dollar sarflandi, – deydi direktor A.Mirzayev. – Qurilish ishlari “Mardi bunyodkor qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan olib borilmoqda. Faoliyatimizni joriy yilning to‘rtinchi choragida boshlashni maqsad qilganmiz. Dastlabki yilda davlat kimyo komissiyasi tomonidan respublika qishloq xo‘jaligi ekinlariga qo‘llash uchun ruxsat etilgan 30dan ortiq o‘simliklarni ximoyalash kimyoviy vositalarini ishlab chiqaramiz. Ishlab chiqarish quvvati 10 ming tonnani tashkil etadi. Ilk bosqichda mahsulotning 20 foizini eksport qilishni rejalashtiryapmiz.
Zavodda ishlab chiqarish jarayonlari asosan avtomatlashtirilgan, robotlashtirilgan bo‘lib eng so‘nggi nanotexnologiyalarga asoslangan asbob-uskunalar o‘rnatilmoqda.
Bir piyola choy ustida o‘tgan suhbatda bir guruh quruvchilar tashkilotchilarning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.