Mutanosiblik kerak

Muharrir do‘stim bor. Tahririyat binosi yo‘lim ustida bo‘lgani hamda  ishdan keyin xonasida qolib, biroz ijod qilish odati borligini bilganim  uchun ba’zan ishdan uyga qaytishda uni yo‘qlab turaman. Shunday yo‘qlovlardan birida suhbatimizni telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi. Do‘stim telefonda gaplashar ekan, vaqtni bekor o‘tkazmaslik uchun stol ustidagi gazetani olib, shunchaki varaqladim. Uchinchi sahifada chop etilgan ikki ta’ziya va bir tabrik xabarlari e’tiborimni tortdi. Vafot etganlarni tanimasam-da, suratlarga qarab, har bir inson boshida bor bo‘lgan bu qismatni o‘yladim. Afsusli holat.

Gapini tugatib, go‘shakni joyiga qo‘ygan do‘stimga gazetani ko‘rsatdim.

- Mana bu qirchillagan yigit 60 yoshga kiribdi. Shu munosabat bilan  qutlashgan, mingga kirsin. Kelgusida yubiley yoshiga yetganlarning hozirgi ko‘rinishidagi suratini berishsin. Tabrik ostida ikki nafar vafot etgan kishi haqidagi xabarga ham e’tirozim bor. Noxush ma’lumot uchun alohida joy ajratib, tabriklarni boshqa sahifaga joylashtirish mumkin emasmi?  Mutanosiblikka rioya etish sharti gazetada ham qo‘llanilishi kerak. Motam o‘quvchiga salbiy ta’sir etar ekan. Xato gapirgan bo‘lsam, uzr.

- To‘g‘ri, - dedi u kuyunganimni yoqlab, - reklama va e’lonlar bir joyda bo‘lgani uchun xodimlar shunday qilishgan. Lekin fikringiz to‘g‘ri.

Ijodkor odamga xalaqit bermaslik maqsadida do‘stim yonida uzoq ushlanmay, uyga qaytdim. Lekin kela-kelguncha gazetadagi uch xabar xayolimdan ketmadi. Demak, xabarlar qoldirgan taassurot faqat mening kayfiyatimga emas, boshqalarda ham paydo bo‘lishi mumkin. Agar adadi qariyb 25 ming ekani hisobga olinsa, gazetani bir kishi o‘qigan taqdirda ham minglab odam xabarlarni ko‘zdan kechirgan va vafot etgan kishilar bilan  qutlangan kishining suratini yonma-yon ko‘rgan.

Bunday nomutanosiblik boshqa joylarda ham borligi xayolimdan o‘tdi. Ayniqsa, bunday holatga nikoh to‘ylarida ko‘p duch kelganman. Esimda, bir qancha vaqt ilgari qishlog‘imiz to‘ylarini o‘tkazadigan qo‘shiqchi yigitga “Bevafo yorim” degan va shunga o‘xshash taronalarni nikoh marosimida  aytmasligini so‘rab, sababini tushuntirgandim. Keyinroq u meni ko‘rganda, bergan maslahatim juda to‘g‘ri ekanligini, endilikda nikoh to‘ylarida kelin-kuyovga baxt tilash haqidagi qo‘shiqlar ijro etayotganini aytib, minnatdorchilik bildirgandi.

Shunga o‘xshash holatni radio to‘lqinlarida ham uchratish mumkin. Bugun ma’lum bir mashhur kishining tavallud kuni deb, u haqda qisqacha ma’lumot  berishadi va tirik bo‘lganida u shuncha yoshga kirgan bo‘lardi, deya orqasidan sho‘x bir qo‘shiqni efirga ulashadi. O‘ylab qolasan kishi, nahotki, rejissyor bunday vaqtda biror mumtoz tarona qo‘yish kerakligini bilmasa. Balki bunga uni o‘qitishmagandir?!

Xurshid NURULLAYeV.