Mutolaa: Bugun...

(Uydirmaga o‘xshash qisqa hayotiy hikoyalar)

Yoshim 20 da, talabaman. Bo‘sh vaqtimda katta supermarketda yarim kunlik farrosh bo‘lib ishlayman.

Bugun pol yuvayotganimda bir keksa odam yonimga kelib: “Tozalik uchun rahmat, o‘g‘lim! Bu ish qanchalik og‘ir ekanligini bilaman. O‘zim ham 20 yil pol yuvganman”, dedi va menga qarab ta’zim qildi. Uning maqtovidan, undan ham ko‘ra ko‘proq ta’zim qilganidan ta’sirlanib ketdim... Yig‘ladim.

***

Reabilitatsiya markazida men bilan bir xonada bo‘yi ikki metrcha keladigan qirq besh yoshlardagi erkak yotardi. Jismoniy mashqlarni qilish uchun u juda og‘riq sezar, lekin u miq etmasdan og‘riqlarga chidab mashqlarini davom ettirardi. Bugun uning oldiga  uyidagi katta itini olib kelishdi, u esa uni ikki qo‘li bilan quchoqlab, baland ovozda uvillab yig‘ladi...

***

Kichkinaligimda buvim bozordan menga har xil shirinliklarni olib kelib, uni menga quyon berib yuborganini aytardi. Endi buvim yotib qolgan, zo‘rg‘a yuradi, men unga har xil shirinliklarni olib kelaman va: "Bularni sizga quyon berib yubordi", deyman. Men buvimni yaxshi ko‘raman.

***

Bugun metroda ketayotib, musiqa tinglayotgandim. Yonimdagi o‘rindiqqa bir keksa ayol kelib o‘tirdi. Menga qarab yurak stimulyatori noto‘g‘ri ishlayotganini aytdi va telefonimni o‘chirishimni so‘radi. Shu vaqtning o‘zida butun vagonda ketayotgan odamlar telefonlarini o‘chirib qo‘yganini ko‘rib ko‘zimga yosh keldi.

***

Menga saraton tashxisi qo‘yilganida, mushugimiz doimo kelib mening ustimda uxlab olardi. Keyin u ham kasal bo‘lib qoldi, aniqlanishicha u ham saraton kasalligiga chalingan ekan. Men tuzaldim, u esa bugun halok bo‘ldi. Yig‘lab, unga minnatdorlik bildirdim, chunki mening ikki yosh farzandim bor.

***

Keksa qo‘shnilarimiz bor. Ular har kuni bir-birining qo‘lini ushlab, tashqariga chiqib, uy yaqinidagi skameykaga o‘tirishadi. Bugun bog‘da bo‘lganimda ularning suhbatini eshitib qoldim. Keksa ayol eriga turli og‘riqlardan shikoyat qilardi. Chol esa: "Senda men bor, menda esa sen, bizga yana nima kerak?", deb uni ovutdi.

***

Men hech qachon kaptarlarni aqlli qushlar deb hisoblamaganman. Ammo o‘tgan kuni daydi hayvonlarga ovqat berib turadigan qo‘shni pod’yezdda yashaydigan keksa ayol vafot etdi. Ishonish qiyin, bugun mayit tobutini kirish eshigidan olib chiqishganda, to‘satdan ko‘p sonli kaptarlar uchib ketdi. Uni olib ketishgandan keyin ham qushlar hovlida yana bir soatcha aylanib yurishdi. Men bir vaqtning o‘zida bunchalik ko‘p sonli kaptarlarni ko‘rmaganman, hatto keksa  xotin ularga ovqat bergan vaqtlarida ham.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.