Mutolaa: Cho‘loq qashqir
Qoya tosh tagida yotgan ikki bo‘ri o‘lja umidida butalar oralab sayhonlik tomon yo‘l oldi. Shu payt uzoqdan yolg‘iz uloqning ma’ragan ovozi eshitildi.
Bo‘rilar tuzoq uchun qo‘yilgan uloqqa yaqinlashib, go‘yo xavfni sezganday havodan hid oldi. Shu payt bo‘rilardan nariroqdagi qoya tosh ortidan ketma-ket gumburlagan ovoz yangradi. Bu ovchilar miltig‘ining ovozi edi. Bo‘rilarning biri o‘sha zahoti joyida yiqildi. Orqa oyog‘idan o‘q yegan ikkinchi bo‘ri bir yiqildi-da, qochgancha dovon oshib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Oradan kunlar o‘tib, ovchilar hujumidan omon qolgan bo‘rining yaralari bitdi, ammo cho‘loq bo‘lib qoldi.
Ertalab mollarga xashak berish uchun kelgan Turob bobo qo‘rada bo‘g‘izlanib yotgan echkilarni ko‘rib “Uyim kuydi”, deb baqirib yubordi. Navbatdagi talafotning ovozasi butun qishloqqa tarqaldi. Choshgohga yaqin o‘n-o‘n besh chog‘li qishloqdoshlar Turob bobonikiga yig‘ildi. Maqsad – qasoskor bo‘rini tutish.
- Endi nima qilamiz? Uni bir amallab yo‘q qilmasak, bizga tinchlik yo‘q, – gap boshladi Narziqul chol.
- Qopqon qo‘ysak-chi? - o‘tirganlarga savol nazari bilan qaradi Jo‘ra oqsoqol. – Balki xo‘rakka ilinar?!
- Bo‘lmaydi, - bosh chayqadi Turob bobo. – O‘nta echkimdan birortasini yemagan. Otaqulning sigirini bo‘g‘izladi, yemadi. Salimning buzog‘ini o‘ldirdi, yemadi. Xo‘rakka ilinarmidi.
- Bo‘lmasa nima qilamiz? – dedi o‘tirganlardani biri.
O‘rtada sukunat cho‘mdi. Xonada faqat pechdagi qora chovgumning qaynash oldidan chiqargan tovushi eshitilardi.
- Bo‘lmasa chala qoldirgan ishlaringni o‘zlaring oxiriga yetkazinglarda, - deya Rayimqul ovchi bilan Sadr ovchiga yuzlandi Jo‘ra oqsoqol.
- Bilaman, bu bizning xatomiz, nima qilaylik, gumdon qilish uchun la’natining izini ololmayapmiz, - o‘zini oqlashga urindi Rayimqul.
Xullas, bo‘rini ovlash ikki ovchiga qoldi.
Kechasi, yotar oldi erinibgina yog‘ishni boshlagan qor ertalabgacha to‘piqni bo‘yladi. Tong yorishganda Sadr bilan Raimqul cho‘loq qashqirni izlab tog‘ tomon yo‘l oldi. Sadr ovchi peshin payti toqqa sanchilgan qoya toshda cho‘nqayib o‘tirgan o‘sha cho‘loq bo‘riga duch keldi. Rayimqul bu payt hamrohidan ancha orqada edi. Sadr orqasiga qaray-qaray, tog‘ tepasiga ko‘tarildi. Xayolida bo‘ri uning shu yerdaligini sezgan, hozir ortidan keladi-yu, unga tashlanadi. Miltig‘ini o‘qladi va pastga qarab hayqirmoqchi ham bo‘ldi. Shu payt tepasidagi toshda unga tikilib turgan bo‘rini ko‘rib, shoshganidan surindi va miltig‘i qo‘lidan chiqib, pastga uchib ketdi. Darrov sakrab turdi. Undan uch-to‘rt qadam narida cho‘loq bo‘ri unga yoni bilan qarab turardi. Bir tomon tik jarlik, ikkinchi tomonda qashqir. Torgina maydon. “Endi qalaysan?”, deganday bo‘ri unga tikilib turibdi. Mana, qarshisida qurolsiz, ojiz inson turibdi. U ovchiga tashlandi. Ammo o‘ljasiga yetib bormasdan o‘q zarbidan yerga yiqildi. Sadr nima bo‘layotganiga tushunmay, o‘girilib qarasa, ortida Rayimqul turibdi. Bo‘ri bor kuchini yig‘ib, o‘rnidan turdi va raqiblariga qaradi. Ikki qadam narida charchagan, undan battar horigan ovchi oyoqlarini kerib turardi. Umrining so‘nggi lahzalarida qashqir inson g‘olib bo‘lganini angladi va jarlik sari o‘rmalay boshladi. Jar yoqasida qashqir so‘nggi bor uvladi va o‘zini pastga otdi.
Boborahmat MUHAMMADIYeV,
Nurobod tumani.