Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutolaa: Eski telefon.

Pol Villard

Uyimizda telefon paydo bo‘lganda men juda yosh edim – u shahrimizdagi uylarda o‘rnatilgan birinchi telefonlardan biri edi. Katta hajmli quti devorga osig‘liq turar, bo‘yim yetmasligi sabab har doim otam yoki onam telefonda suhbatlashayotganini maftunkorlik bilan kuzatib turardim.

Keyinchalik men ushbu g‘aroyib qutining ichida bir kishi borligini taxmin qildim, uning ismi: “Operator eshitadi, marhamat” edi va dunyoda bu odam bilmagan narsa yo‘q edi.

"Operator eshitadi, marhamat", hamma narsani - qo‘shnilarning telefon raqamlaridan tortib, poyezdlarning qatnov jadvaligacha bilardi.

Chiroq ichidagi bu jin bilan mening birinchi tajribam uyda yolg‘iz qolganimda va barmog‘imni bolg‘a bilan urganimda bo‘lgan. Yig‘lashdan foyda yo‘q edi, chunki uyda menga achinadiganlarning hammasi ishda va o‘qishda bo‘lardi. Lekin og‘riq kuchli edi. Shunda men devorda osilgan telefon go‘shagini qulog‘imga qo‘ydim.

- Operator eshitadi, marhamat...

- Eshitaman...

- Bilasizmi... men.... barmog‘imni bolg‘a bilan urib oldim...

 Meni birov eshitayotganidan quvonib, birdan yig‘lab yubordim.

- Oying uydami? –  so‘radi "Operator eshitadi, marhamat".

- Hech kim yo‘q, - ming‘illadim men.

- Qon ketyaptimi? – so‘radi ovoz.

- Yo‘q, lekin judayam og‘riyapti.

- Uyda muz topiladimi?

- Ha.

- Muz qutini ocha olasanmi?

- Ha.

- Bir bo‘lakchasini olib, barmog‘ingga qo‘y, - maslahat berdi ovoz.

Ushbu voqeadan so‘ng men "Operator eshitadi, marhamat"ga har qanday vaziyatda qo‘ng‘iroq qila boshladim. Undan uy vazifasini bajarishda yordam so‘rardim va hatto mushukchamni boqish to‘g‘risida maslahatlar olardim.

Bir kuni kanareykamiz o‘lib qoldi. Men darhol "Operator eshitadi, marhamat"ga qo‘ng‘iroq qilib, unga bu qayg‘uli yangilikni aytib berdim. U meni tinchlantirishga urindi, lekin men tasalli topa olmay undan so‘radim:

- Nega qo‘shiq aytib, oilamizga katta quvonch baxsh etgan go‘zal qush o‘lishi va patlar bilan qoplangan kichkina bir tugunchaga aylanib qolishi kerak?

 - Pol, - dedi u osoyishtalik bilan, - doimo yodingda tut:  u qo‘shiq aytishi kerak bo‘lgan boshqa dunyolar ham bor.

Uning bu gapidan so‘ng men tinchlandim.

Ertasi kuni hech narsa bo‘lmagandek unga qo‘ng‘iroq qildim va fix (ingl. tuzatish) so‘zi qanday yozilishini so‘radim.

To‘qqiz yoshga to‘lganimda biz boshqa shaharga ko‘chib o‘tdik. Men "Operator eshitadi, marhamat"ni sog‘inardim va uni tez-tez eslardim, bu ovoz eski uyimdagi katta eski telefonga tegishli bo‘lib, yangi uyimizdagi dahlizda turgan stol ustidagi yaltiroq yangi telefon bilan hech qanday bog‘liqligi yo‘q edi.

O‘smirligimda ham u haqida unutmadim: xavfsizlik xotirasini ta’minlab bergan bu suhbatlar keyinchalik hayratli lahzalarda va sarosimaga tushgan paytlarimda menga dalda bo‘lardi. Voyaga yetganimda, uning kichkina bolakay bilan suhbatlashishida qanchalik sabr-toqat va muloyimlik ko‘rsatganini qadrlay oldim.

Kollejni tugatgandan bir necha yil o‘tgach, men yo‘l-yo‘lakay tug‘ilgan shahrimda bo‘ldim. Samolyotga o‘tishdan oldin atigi yarim soat vaqtim bor edi. Pullik telefon-avtomati yoniga borib, raqamni terdim:

Hayratimni oshirib uning juda tanish ovozi javob berdi, shunda men so‘radim:

- Aytolmaysizmi, fix so‘zi qanday yoziladi?

Avvaliga uzoq bir to‘xtam bo‘ldi. Keyin har doimgi xotirjamlik bilan muloyim javob keldi:

- Shu vaqtga qadar barmog‘ing tuzalib qolgan, deb umid qilaman.

Men kuldim:

- Nahotki, shu siz bo‘lsangiz! Men uchun bizning suhbatlarimiz qanchalik ahamiyatliligini bilganingizda edi!

- Menga esa sening qo‘ng‘iroqlaring qanchalik muhim edi. Men hech qachon farzand ko‘rmaganman va  qo‘ng‘iroqlaringdan qanchalik quvonishimni bilarmiding?

Shunda men uzoq yillar uni tez-tez eslab turishimni aytdim va keyingi safar shaharga kelganimda, u bilan ko‘rishishimiz mumkinligi haqida so‘radim.

- Albatta, - javob berdi u. – Faqat qo‘ng‘iroq qilganingda Sallini so‘ra.

Uch oy o‘tgach, yana shu shaharda bo‘ldim. Menga boshqa bir notanish ovoz javob berdi:

- Operator eshitadi...

Sallini chaqirib berishni iltimos qildim.

- Siz uning do‘stimisiz? - so‘radi ovoz.

- Ha, eski do‘stiman.

- Kechirasiz, lekin Salli bir necha hafta oldin vafot etdi.

Telefon go‘shagini osishimdan oldin u yana bir nima dedi:

- Bir daqiqa, Sizning ismingiz Pol emasmi?

- Shunday.

- Salli siz uchun xat yozib qoldirgan edi. Ruxsat bersangiz uni o‘qib bersam. Xo‘sh.. unda shunday deyilgan: “Unga qo‘shiq aytadigan boshqa  dunyolar borligini eslatib qo‘ying. U tushunadi”.

Unga minnatdorlik bildirib telefon go‘shagini osdim.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.