Mutolaa: Faridam mening...

“Farida!..

Bo‘g‘zimdan faryod bo‘lib otilar bor alamim, armonim, iztirobim... Kuchim yo‘q, oyoq-qo‘llarim shol, tishlarim orasida bir parcha et so‘zlamoqqa kuch topmas, nuqul titrar badanim. Aslida, kuchim yetarli edi, kuch topolmadimmas, had topolmadim...

Farida, kechir meni!

Bugun ota hovlimizga borib, ostonada turib-turib qaytib keldim. Kirishga yuragim betlamadi. Eshigimiz yonida Elbek turgan ekan. Yuzi horg‘in, sochlari parishon. Uning bunday majnunnamo qiyofasini ko‘rib, yurak-bag‘rim ezildi. Otamniyam, ikki tutash qalbni ayirgan taqdirniyam yomon ko‘rib ketdim. Ammo bu nafratimning senga qilcha bo‘lsin nafi yo‘q, bilaman.

To‘ying kuni ostonadan chiqib ketar mahaling yelkamga boshingni qo‘yib yig‘laganingda, olov bo‘lib yonayotgan peshonangni peshonamga qo‘yib, “Opajon” deganingda, bag‘rimdan uzilgan bir parchaning o‘rni hamon bitgan emas. Haliyam qon silqib turgan yaraday azob beradi. O‘sha kungi qiyofang tushlarimni-da egallab olgan. So‘ligan chehrang, qizargan ko‘zlaring, ichida olov yonayotganday issiq peshonang – hamma-hammasi...

O‘shanda senga hech nima deyolmadim. Nuqul “Onam o‘rnida onam - opam”, deb yurganing noshud opang senga hech qanaqa yordam berolmadi. Endi bu armon ichimga kirib olgan mov mushukday qalbimni tirnagani-tirnagan. Kunu tunning qanday o‘tayotganini ilg‘amas darajaga keldim.

Farida, balki tanish-notanishdan eshitgandirsan, lekin hartugul bor haqiqatni o‘zimdan bilganing durust. Noib va’dasida turib, to‘ylaringning keyingi haftasi odam yuborgan ekan. Aravada kelib, otam bilan Fotihni olib ketdi. Moskovdagi eng kuchli do‘xtir-tabiblarga qaratibdi. Qirq kun deganda Fotihning o‘zi o‘z oyog‘ida yurib keldi. Ukaginamizning dardi ariganini ko‘rib, sevinganimdan qay ahvolga tushganimni bilsang edi... Balki Fotihni ko‘rsang, oz bo‘lsa ham ko‘ngling taskin olar deb uni ertasigayoq noibnikiga yuborishni dilimga tugib qo‘ydim, biroq Fotih sening to‘ying bo‘lganini hali bilmas ekan. Ukaginam eshikdan kirar-kirmas, seni so‘radi. Uning savoliga javob berish o‘rniga jim otamga qarayman. Otam Fotihni uy tomon boshlarkan: “Hali yo‘lda aytmaganmidim, opangni turmushga berdik-ku. Sen unda behush yotganding. Moskov safarimizdan sal avval edi. Xayrli ishni kechiktirmadik-da, o‘g‘lim”, dedi g‘o‘ldirab.

Bu gapni eshitib Fotih sevindi, ertagayoq qo‘lingdan choy ichishga bormoqni mo‘ljallab qo‘ydi. Bechora ukam, seni unashib qo‘ygan xonadongamas, yetti uxlab tushiga kirmagan battol noibga uzatganimizni qayoqdan bilsin... Haqiqatni bilganda esa, avvaliga devor bo‘lib, otamning oldindan tayyorlab qo‘yilgan izohu sharhlarini eshitdi. Negadir uning to‘s-to‘polon ko‘tarishini, otamga achchiq-tiziq gaplarini to‘kib sochishini kutgan edim. Yo‘q, unday bo‘lmadi, indamay ichkari uyga kirib ketdi. Shundan ertasigayam, indinigayam chiqmadi. Otam eski dardi qo‘zg‘alib qolmasin deb mendan nuqul unga ovqat yedirishimni talab qilar, o‘zi Fotihning ko‘ziga ko‘rinishga yuragi dov bermasdi. Ukam esa olib kirgan oshu nonimga qo‘l tekkizmay qaytarar, o‘ychan ko‘zlarini devorga tikib, yerga bag‘rini bergancha jim yotardi.

Uchinchi kun ham shu ahvol takrorlandi. Qo‘l urilmagan tovoqni ko‘rib, yig‘lab-siqtab, dardimni yordim. Fotih nima uchun bu nobop ishga jim qarab turganimni so‘radi. Nima derdim, Farida, Fotih ham, sen ham ikkala barmog‘imday edinglar. Qaysi birini tishlasam ham og‘rirdi. Bu vaziyatda bitta barmoqni shart kesgandan ko‘ra, o‘sal bo‘lsa ham ikkisi yashab qolgani durust edi. Fotihga shu gapni aytganimda istehzo bilan kuldi:

- Faridani otam tengi odamning nikohiga berish o‘sha o‘sal barmoqni kesish bo‘lmay nima?

- Axir o‘rtada sening hayoting turardi. Noib yordam bermaganda seni eng kuchli do‘xtirlarga qaratishga bizning qurbimiz yetarmidi?!

- O‘lganim yaxshi edi, opa, eshityapsanmi?! O‘z opamning baxti evaziga yashab qolgandan ko‘ra, o‘lganim ming marta afzal edi...

- Unday dema, Fotihjon, jon ukam, gapingni qaytib ol...

Yo‘q, o‘shanda Fotih qat’iy qaror qilib bo‘lgan ekan. Ertasiga xuftonda eshik taraqlab ochilib, otam Fotihni qo‘llarida dast ko‘tarib kirib kelganida avvaliga hech narsani tushunmagan edim. Zum o‘tmay uning bo‘yniga ilonday chirmashgan yo‘g‘on arqonni ko‘rib, bor dunyoim ostin-ustun bo‘lib ketdi. Xayriyat, otam vaqtida xabar topibdi...

Fotih uch kun yotdi, to‘rtinchi kuni o‘ziga keldi. Bo‘lib o‘tgan voqealarni eslamaslikka ahd qilganday, biz bilan ochilib gaplashdi. Negadir seni, senga bog‘liq narsalarni tilga olmasdi. Otam bilan Fotih chindan qilib qo‘ygan xatosini anglaganiga ishonch hosil qila boshlagan edik hamki, bu “jimlik”ning sababi ma’lum bo‘ldi. U ikki enlikkina xat qoldirib, uydan bosh olib chiqib ketibdi. Qayerga, nima uchun ketganini ham yozmagan. Faqatgina “xayr-ma’zuru, xush qoling”.

Ukamni shundan beri ko‘rganimiz yo‘q. Keng hovlida otamning bir o‘zi qolgan. Xabar olgani har kuni borib turaman, men bilan deyarli gaplashmaydi. Ba’zida eshigimiz yonida Elbekni ko‘rib qolaman. Jim o‘y surgancha hovlimizga tikilib turgan bo‘ladi, go‘yo ichidan sen chiqib keladiganday ikki ko‘zi ichkari eshikda. To‘g‘risi, uning yuziga qarolmayman. Qanday qaray, axir?! Lafzida turmagan, yigitlik tuyg‘ularini oyoqosti qilgan biz gumrohlarning unga qarash tugul yuzma-yuz kelishga haqqimiz yo‘q. Shunday bo‘lsa ham u meni ko‘rishi bilan oldimga keladi. Kutganimday yo‘limni to‘sib, menga ta’na qilmaydi, aksincha, lablari titrab, ikki jumla gapira oladi, xolos: “Farida... Farida yaxshi ekanmi?”

Jon singlim, seni endigina osmonni to‘ldirib parvoz qilishni o‘rgangan polaponligingdayoq urib tushirdilar, qanotlaringni qayirdilar, umrbod qafasga mahkum etdilar. Sen shu qismatga loyiq edingmi?! Shunday chiroyli sevging, orzularing to‘la qalbing bor edi... Endi-chi, ular hamon tirikmi, hamon yashayaptimi yuragingda?! Ishonaman, sen shu mitti qalbingga sabrni ham, irodani ham sig‘dira olasan. Esingdami, Elbekning odamlari uyimizdan rozilik olib ketgan kuni, tunda uxlamay gaplashib chiqqanimizda “Naqadar baxtliman-a, opa. Taqdirimga mingdan-ming rahmat”, deganding. O‘shanda ko‘zlaringda uyat aralash porlagan quvonchni ko‘rib, qalbingni to‘ldirgan o‘zingday pok, shirin orzularingning shirin tafti mening-da ko‘nglimga ko‘chgan, onamning “Singlingga o‘zing onalik qil”, degan vasiyatini ado etolganimdan chin dilimdan faxrlangandim...

Jon singlim, boshingga tushgani – sinov, faqat sinov. Yolvoraman, qismatim ekan deb zarbalarga tob berib qo‘yma. Sen kuchlisan, Faridam!

Addoyi opang Robiya”.

*1292 hijriy, 2 jumodus soniy oyida yozildi. Xat kech yetib borsa, aybsitmaysan. Shu kunlarda yurt tinchmas. Xudoyorxon Toshkentga qochib ketibdi, Po‘latbek uning o‘rniga xon bo‘larmish degan gaplar yuribdi.

Robiya saharmardonda Andijonga jo‘nab ketayotgan log‘onlik bo‘zchi jiyanidan xat berib yubormoqchi bo‘lib, guzarga chiqqanida odamlar orasida tarqalgan sovuq xabar ilonday o‘rmalab, butun qishloqni kezib yurardi.

“Po‘latbekning odamlari Noib xo‘janing uyini bosib, o‘zini otib ketishganmish. Tushganiga endigina ikki oy bo‘lgan noibning kenja xotini alamga chidolmay, o‘zini osib qo‘yibdi”.

Voqeani ko‘rganday gapirib yurgan ayrim og‘izlar esa bunga poyma-poy qo‘shimcha qilishardi: “Noibnikiga tushgan isyonchilarning orasida kelinchakning sevganimi, ukasimi bo‘lganmish. Noib uni otgan ekan...”.

Iroda Bekmurodova,

Nurobod tumani.