Mutolaa: Homiyni qanday topdim?
Voqeiy hikoya, 2-qism Iqrorlik. Ismatulla Yo‘ldoshev
O‘ttiz yillardan buyon boradigan sartaroshxonada tasodifan Jomjom shtati don mahsulotlari kompaniyasi bosh menejeri Salimbey Ashuroglining akasi, ish yurituvchi va ombor mudiri Azimbeyni uchratib qoldim. Ko‘rinishidan ancha charchaganligi bilinib turardi. Aytishiga qaraganda, aka-ukalarning boshidan juda ko‘p savdolar o‘tibdi. Ular ishlangan don mahsulotlari kompaniyasida tergov ishlari boshlanib, besh milliarddan ziyod kamomad aniqlangan. Oqibatda jinoyat ishi ochilib, qamoqqa olmoqchi bo‘lishganida ular chet davlatga chiqib ketadi. Ukasi – bosh menejer Salimbey qochishga ulguribdi, Azimbey esa qo‘shni mamlakatda qo‘lga tushibdi. Unga kompaniyada talon-toroj qilingan besh milliard so‘mning yarmini, ya’ni ikki yarim milliard so‘mni to‘lagandagina qamoqdan ozod qilish bildirilibdi. Shundan keyin bor mol-mulkini sotib, yetmaganiga qarindosh-urug‘laridan qarz ko‘tarib pulni davlatga topshirib, ochiqqa chiqqan ekan.
Biz sartaroshxonadan chiqqach, yaqindagi kafening kabinetlaridan biriga kirdik. Azimbey jiyaniga telefon qilib, uyidan har xil hujjatlar va suratlar tikilgan jildni olib kelishni buyurdi. Keyin kampaniyada kamomad qanday paydo bo‘lganligini so‘zlab berdi: Muzofatdagi ko‘chani “kattasi” Abdivalibeyning shotirlaridan biri "Shippak" laqabli Alimbey shtatga poytaxtdan huquq sohasiga katta bo‘lib kelgan Baxtibey bilan tanishtirgan.
Aytishicha, Baxtibeyga o‘zi aytgan joydan, o‘zi bergan loyiha bo‘yicha uy qurib berish va har oyning oxirida amerikalik boboyning surati tushurilgan puldan uch taxlamini “uzatib” turishni aytgan. Agar shunday qilmasa, ishlari yaxshi bo‘lmasligi, shartga ko‘nsa, “qo‘llab” turishini bildirgan Baxtibey bilan og‘zaki bitim tuzilgan. Shu bitim bo‘yicha hashamatli uy qurilib, zamonaviy mebellar bilan jihozlangan. Biroq ish teskari ketgan vaqtda “bitim” puchga chiqqan…
Oradan 15-20 daqiqa o‘tib, Azimbey aytgan hujjatlarni ko‘tarib, jiyani kirib keldi. Azimbeyning maqsadi shu hujjatlarni ko‘rsatib, kamomad va talon-torojlar qanday kelib chiqqanligi faktini tushuntirish edi.
Yoshligimdan boshiga tashvish tushgan odamni ko‘rsam, unga beg‘araz yordam berishga harakat qilaman. Buni uddalamaguncha ko‘nglim joyiga tushmaydi. Bu odatim goho o‘zimga ham pand bergan. Lekin baribir ichimda bir kuch yordam berishga undaydi...
Men odatim bo‘yicha Azimbeyga yordam qilmoqchi bo‘ldim. U qachon, kim bilan tanishganligi, kim tanishtirganligi, qaysi vaqtda nima uchun unga muntazam ravishda pul hadya qilganligi, uyni qay tarzda qurganligi, qurilish materiallarini qachon, qayerdan olib, qanday transport vositasida olib kelganligi hammasini vaqt, joy va boshqa holatlarni aytib berdi.
U xudddi prokuror sudda ayblov xulosasini e’lon qilganday tutilmasdan, yoddan gapirardi. Jarayonni telefonga yozib olish ikki soatlar davom etdi. O‘rtada bir uzilish bo‘ldi, telefonning quvvati tugadi. Shundan keyin telefonni elektr tokiga ulab ishni davom ettirdik.
Azimbey qurilishda ishlagan odamlar, ustalar va haydovchilar - hammasining ro‘yxati, qayerda yashashi, telefon raqamlari, pasport nusxasigacha ko‘rsatib, hujjatlarni ilova qildi. Qurilish materiallari sotib olinganini tasdiqlovchi hujjatlar, qurilgan uyning, qurilish materiallarini tashigan avtomashinalarning egalari, mashinalarning davlat raqami va hokazo... Hammasini telefonimga suratga tushurib oldim. Azimbey Baxtibeyni muqaddam boshqa viloyatda boshliq bo‘lganda ham juda shohona uy qurdirib, katta pulga sotib kelganligi haqidagi holatlarni borib bilib, hujjatlashtirgan ekan.
Azimbey o‘zi qurdirgan uyni kimga, qanchaga, kimning guvohligida sotganligi haqidagi hujjatlar ham jildga tikilgandi. Men bu haqda hozircha hech kimga churq etmaslikni tayinladim. Xudo albatta, yaxshi yo‘lga boshqarishini aytib xayrlashdim.
Baxtibeyni qidirib, telefon qilsam "o‘chirilgan", degan javob oldim. Oxirgi ish joyidan surishtirdim, anchadan buyon ishga chiqmayotganligini aytishdi. Oradan bir qancha vaqt o‘tgandan keyin da’volanish maqsadida poytaxtga, hukumat poliklinigasiga bordim. Joylashgach, hovliga sayr qilishga chiqsam "Salimbeyni mutlaqo tanimaydigan" eski xo‘jayinimiz Baxtibeyni uchratib qoldim. Uni ranglari o‘chgan, ancha o‘zini oldirib qo‘ygan holda ko‘rib hayron bo‘ldim. Hol-ahvol so‘rashib, ancha gaplashib o‘tirdik.
Bunday vaziyatda telefondagi yozuvlarni ko‘rsatgim kelmadi. Biroq uning o‘zi hech kutilmaganda shtatimizdagi don mahsulotlari kompaniyasi menejeri va uning ombor mudiri, ish boshqaruvchilarini tanimasligini, toza va shaffof ish olib borgani haqida tinimsiz gapirdi.
Kechki payt uning palatasida uchrashishga kelishib, xayrlashdik. Men unga ba’zi gaplarni aytib qo‘yishim kerakligini anchadan buyon izlayotganligimni bildirdim.
Men yotgan bo‘limga qo‘shni bo‘limdagi sobiq rahbarim yotgan palata poshsholarning xodimlari yotadigan maxsus lyuks joy ekan. Negaki, u yerda poshshoga yaqin korchalon Zimbabey og‘a vaqti-vaqti bilan da’volanib turarkan. Kechki payt shtatimizdan olib kelingan non, turshak, bir nechta anor va olmalarni yelim xaltaga joylab, shu palataga bordim.
Bir necha xonadan iborat palata sharqona bezatilgan, katta mehmonxona o‘rtasida o‘n ikki kishiga mo‘ljallangan stol-stullar qo‘yilgan bo‘lib, stolda hamma yegiligu ichimliklar har xil mevalar qo‘yilgan edi. Men bularni ko‘rib shoshib qoldim. U kishini shotirlaridan bittasi meni stolga o‘tirishga taklif qildi. Sekin borib o‘tirdim, Baxtibey stoldagi ichimliklarga ishora qilib “qaysi biridan”, deb so‘radi. Da’volanayotganligimni aytib uzr so‘radim. Lekin Baxtibey rus arog‘idan billur qadahlarga quydirib, to‘qishtirish uchun ko‘tardi. Bir qadahdan ichilgach, juft bo‘lsin, deb yana bittadan oldik.
Tamaddi qilgach, bir gaplashib olsak, dedim. U vaziyatni to‘g‘ri tushunib, "shotiriga" ruxsat berdi va "hech kim kirmasin", deb tayinladi.
Biz yumshoq kursiga o‘tdik. Men holatni tushuntirib telefonimdagi don mahsulotlari kompaniyasi ish boshqaruvchisi Azimbeyning audio va videomurojaatini qo‘yib ko‘rsatdim. Yigirma minutlardan keyin o‘chirishni so‘radi va "shunday bo‘lishini ko‘nglim sezgan edi", deb ancha vaqt jim qoldi. Shu topda poshshamiz bir necha yillar oldin bir yig‘ilishda forslar yashaydigan shtatning odamlari juda yomon bo‘lishi, "xizmat qilamiz, xizmat qilamiz", deb kekirdagingni uzib oladi", degani esimga tushdi.
Azimbeyni ko‘rib, unga keltirilgan zararni qoplash masalaga yechim bo‘lishini, buning uchun fors tilida so‘zlashuvchi yaqin kishilaridan foydalanish kerakligini bildirdim. Bu yozuvlar faqat menda ekanligini, Azimbeyning roziligi bilan o‘chirib tashlashimni aytib, bir oz bo‘lsa-da, uning ko‘nglini ko‘tardim.
Xayrlashib chiqib ketar chog‘imda da’volovchi vrachiga, zudlik bilan qon bosimini o‘lchab, zaruratga qarab tegishli muolaja qilishni tayinladim.
Xonamga borib, o‘zim ham ancha hayajonlanayotganimni his qildim. Qon bosimimni o‘lchatsam, ancha ko‘tarilibdi, dori ichdim. Yotib uxlay, desam uxlay olmadim. Xayol ko‘p joylarga olib ketdi: Baxtibey "ko‘cha" odamlariga yaqinligini eshitganman. Meni olib chiqib, jismonan yo‘qotib yuborishligi mumkun-ku axir. Bu ishda men yagona guvoh bo‘lib turibman, undan tashqari dalillar ham mening telefonimda. Telefonimni har ehtimolga ko‘ra o‘chirib, vannaxonaga yashirib qo‘ydim.