Mutolaa: Insho (hikoya)

Uchqun Nazarov.

Sakkizinchi sinf o‘quvchisi Xurshid shaxmat qutisini qo‘ymaydi, qo‘ltiqlab yuradi. Faqat shaxmat o‘ynaydigan bolalar bilan o‘rtoq tutinadi. O‘qituvchilar ichidan geografiya muallimi Daler akani alohida hurmat qiladi.

Daler aka o‘z fanini qiziqarli olib boradi. Biror mamlakat haqida dars o‘tsa, albatta, o‘sha mamlakatga xos bir xislatni, masalan, Tanzaniyada yozuvchi Xeminguey ov qilganini gapirib beradi, o‘sha yozuvchining «Frensis Makomberning omonat baxti» nomli hikoyasini topib o‘qib chiqinglar, deydi. O‘quvchilar bu hikoyani topib o‘qishadi, keyin geografiya darsida muhokama qilishadi — dars nafaqat geografiya, hatto adabiyot mashg‘ulotiga aylanadi. Qiziqarli o‘tadi. O‘quvchilar, shuning uchun bo‘lsa ajabmas, uy topshiriqlarini geografiyadan boshlashadi. Geografiya darslariga kanda qilmay borishadi. Daler aka so‘z boshlashi bilan jimib qolishadi. Koridordan o‘tgan odam bu sinfda dars bo‘layotganini sezmaydi ham.

Darslarning birida Daler aka Angliya haqida so‘zlab, uning shahzodasi Eduard bir ayolni sevib qolganini, parlament a’zolari bu oshiqlikni ma’qul ko‘rmagach, shahzoda Eduard qirollik taxtidan voz kechganini gapirib berdi. Dars sevgi muhokamasiga aylandi.

Daler akaning qo‘lida o‘qigan o‘quvchilarning ko‘pi geografiya, adabiyot, tarix fakultetlariga a’lo baholar bilan kirishgan. Ammo tarix o‘qituvchisi bu muvaffaqiyatni "o‘ziki qilib olgan". Uning darslari zerikarli o‘tar, aftidan Tursun Sobirov o‘z fanini sevmas, tasodif ravishda tarix o‘qituvchisi bo‘lib qolgandek tuyulardi. Umuman, xonlar, shohlar, amirlar, sultonlarni oldin zolim-ekspluatator, Amir Temurni bosqinchi, der edi, keyin mamlakat mustaqil bo‘lgach, Sohibqironni «Ulug‘ sarkarda, millatimiz otasi», deydigan bo‘ldi.

Xurshid Daler Saidovich bilan hech qachon shaxmat o‘ynamaganligi sababli, domla bu o‘yinga qiziqmaydi, deb o‘ylar edi. Bir kuni Xurshid bo‘sh sinfda bolalar bilan shaxmat o‘ynab o‘tirganida, sinfga Daler Saidovich kirib qoldi. U uy kalitini qidirib yurgan ekan, bolalar kalitni axtarishga kirishishdi, topa olishmadi. Daler aka Xurshid bilan shaxmat o‘ynashga o‘tirdi. Yarim soat o‘tgach, Xurshid mot bo‘ldi. Daler Saidovich yaxshi o‘ynar ekan, hech kimga taslim bo‘lmagan Xurshidni yutdi, bolalar angrayib qolishdi. Xurshid yana bellashgisi keldi, Daler Saidovich soatiga qaradi: qizchasini bog‘chasidan olishi, xotini ishdan kelishiga uy eshigini ochishi, boshqa qulf o‘rnatishi kerak edi, ikkinchi o‘yinga rozi bo‘lmadi.

Xurshid ba’zan darslarga kechikib kiradi, tarix darsiga kirmaydi. Bugun «besh» olsa, ertasiga «ikki» olishi hech gap emas. Parvo qilmaydi. Adabiyot darsida ijobiy, salbiy qahramon degan tushunchalarni ta’bi ko‘tarmaydi. Bir kuni «Qutlug‘ qon» romani mavzusida insho yozishdi. Xurshid erkin mavzu tanladi, ammo yozgani o‘zini qoniqtirmadi, sahifaga chiziq tortib, g‘ijimlab, sinfdan chiqib ketdi. Kelasi darsda adabiyot o‘qituvchisi g‘ijim varaqlarni yozib, o‘quvchilarga qaradi. Xurshid bu darsga ham kirmagan, zalda boshqa bolalar bilan shaxmat o‘ynab o‘tirardi.

Adabiyot o‘qituvchisi Odil To‘rayev Xurshid yozgan inshoni sinfdagi o‘quvchilarga o‘qib berdi: «Mansur shaharga kelib, institutga kirdi, amakisinikida tura boshladi. Amakisi Dilshod xotini Toliya bilan yashar, farzandsiz edilar, — o‘qiy boshladi Odil To‘rayev. — Ular tez-tez tortishib turishar, yon berishmas, arazlab yurishar, Mansur orqali «gaplashishar» edi. Oxirgi mojarodan keyin amakisi uydan chiqib ketdi, bir haftacha qorasini ko‘rsatmadi. Kecha keldi, eshikni Toliya ochdi, erini ko‘rib, qayrilib ketdi. O‘rtada Mansur serrayib qoldi. «Kiyimimga keldim, ayt, bersin» — dedi amakisi ovozini tumtayib turgan xotiniga eshittirib. Mansur kelinoyisiga qaradi. «Kiyimini sharabarachiga berib yubordim, yo‘q, — dedi Toliya zarda bilan. — Da’vosini manjalaqisiga qilsin, u ko‘taradi!». «Kim u?» — dedi Mansur tushunmay. «O‘ynashi, — dedi Toliya o‘chakishib. — Ana, rasmda yonma-yon o‘tirishipti».

 «Yonma-yon bo‘lsa, nima qipti? Xodimlardan biri, — dedi amakisi o‘shqirib. «Xodimlardan biri bo‘lsa, nega bitta buyragini berdi, so‘ra!» — dedi Toliya da’vosini ro‘kach qilib. «Qonim gruppasi o‘shanikiga to‘g‘ri keldi, — dedi amakisi. — Bitta buyrak bilan yashash mumkin ekan, mana yashayapman. Bir odamni saqlab qoldim…».

Mansur o‘rtada serrayib turib qoldi, keyin xonasiga kirib ketdi. Ular yana biroz aytishishgach, jimib qolishdi. Mansur, mojaro tugadi, deb o‘ylab, yo‘lakka mo‘raladi: amakisi bilan kelinoyisi quchoqlashib turishar edi. Mansur xonasiga qaytib kirib ketdi».

Odil To‘rayev inshoni o‘qib bo‘lib, termulib o‘tirgan o‘quvchilarga nazar tashladi.

— Qalay? — dedi. O‘quvchilar indashmadi. — Besh qo‘ysam, arziydimi?

— Arziydi! — deyishdi o‘quvchilar bir ovozdan, o‘qituvchi qarorini olqishlab.

Tanaffusda o‘quvchilar zalga chopishdi. U yerda Xurshid hamon shaxmat ustida o‘tirgan edi. O‘quvchilar keltirgan xabarni eshitib, Xurshid indamadi.

— Shoh! — dedi raqibiga.