Mutolaa: Intellekt kuchaytirgichi. Hikoya
Feliks Krivin
Professor Lori shanba oqshomidagi choy ichish an’anasida to‘planganlarga shakar bilan aralashtirilgan va choy bilan ichish mumkin bo‘lgan kukun – inson aql-idrokini kuchaytiruvchi vosita ixtiro qilganini e’lon qildi.
Mehmonlar kulib yuborishdi, lekin choy berilganda hech kim shakarga qo‘l tekkizmadi.
- Men choyni shakarsiz ichaman, - dedi adabiyotchi Daukkens. – Mening yoshimda shirinlik kamroq iste’mol qilgan ma’qul.
- Ruxsat bersangiz, choyni men murabbo bilan ichsam, - dedi doktor Freyd.
- Harbiy kishi sifatida men umuman choy ichmayman, - dedi mayor Stenli va sevimli ichimligiga ishora qilib kulib qo‘ydi.
- Unda qahva ichamiz, - mehmondo‘stlik bilan taklif qildi professor Lori. – Unga ham shu vositadan qo‘shib qo‘yganman.
Shundan so‘ng aniqlandiki, kelganlarning hammasi qahva chimaydigan bo‘lib chiqdi. Doktor Frayd umuman qahva ichmagan, yozuvchi Daukkens qon bosimi oshib ketganligi sabab bir oydan beri qahva ichmaydi, harbiy xizmatchi ham xuddi shu sabab kechagina o‘ziga endi qahva ichmayman deb va’da bergani, endi esa sog‘lig‘ini xafv ostiga qo‘yib qaytadan boshlamasligini aytdi.
- Yaxshisi, sharob ichsak, - dedi yozuvchi Daukkens, boshqalar ham uni qo‘llab-quvvatlashdi.
- Juda yaxshi – men unga ham shu vositadan qo‘shib qo‘yganman. Uni tatib ko‘rishingiz bilan ming marta dono bo‘lasiz.
Yozuvchi Daukkens g‘azablanib ketdi:
- Menga qarang, professor, - dedi u. - Bizni ahmoq deb o‘ylayapsizmi? Yoki bizning aqliy darajamiz sizni qoniqtirmayaptimi?
- Qo‘ysangizchi, Daukkens, sizning aqliy qobiliyatingizga aslo shubham yo‘q, lekin yanayam aqlli bo‘lish hech qachon zarar bermasa kerak.
- Balki oddiy fuqaro uchun zarar qilmas, ammo harbiy odamga... – deb xitob qildi mayor Stenli. – Sizningcha, polkovnik Bromli mayorning undan-da aqlli bo‘lishiga toqat qila olarmidi? Axir, tez orada meni ishdan bo‘shatishadi-ku!
- Mening asarlarimni o‘qimasligi mumkin. O‘quvchilarim shunchaki meni tushunishni to‘xtatadilar, - yozuvchi Dakkens xo‘rsindi.
- Albatta, - uni qo‘lladi doktor Frayd. – Agar odamni maymundan ming karra aqlli deb taxmin qiladigan bo‘lsak, mabodo men ham aqlli bo‘lib qolsam, odamlar nazarimda maymunday tuyuladi axir. Yo‘q-yo‘q menga shart emas!
- Siz esa ularga aqldan ozganday tuyulasiz va ular sizni o‘z klinikangizga qamab qo‘yishadi, - xoxolab kula boshladi mayor Stenli. - Lekin shu bilan birga, to‘rtinchi yil birinchi sinfdan chiqa olmayotgan o‘g‘lim uchun bir chimdim kuchaytirgich so‘rasam, qandoq bo‘larkan, deb o‘ylanib qoldim. To‘g‘risi, u allaqachon o‘zini ota-onasidan ham aqlli deb hisoblaydi, buning ustiga bu bema’ni vositani ichib qo‘ysa...
- Xudoyim, - deb boshini chayqadi professor Lori. – Men odamlar har doim hayotdagi yuzlab xavf-xatarlar tahdid qilishidan qo‘rqib yashashini bilardim, lekin aqlli bo‘lish bu qadar xavfli deb o‘ylamagan ekanman.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.