Mutolaa: Istaklar mashinasi. Fantastik hikoya Robert Shekli

Mexanik Otto Gilgorich olti yil davomida Nyu-Yorkning sharqiy  qismida joylashgan ustaxonada ishladi va o‘z ishini mukammal biladigan xodimlardan edi. Qirq yoshlar atrofidagi erkakning fe’li og‘ir, har doim g‘amgin yurardi. Bunday odamlar butun umr bir kompaniyada xizmat qiladi va boshlig‘i huzurida bosh kiyimini yechadi, chunki ular hali ham shahardan olisliklarga xos muloyimlik va kamtarlikka ega bo‘lib, zamonaviy amerikalik ishchilarga mutlaqo o‘xshamaydi.

Har holda u haqda qo‘l ostidagi xodimlarga otalarcha munosabat ko‘rsatadigan ustaxona egasining fikri shunday edi.

Ammo kuzning yomg‘irli kunlaridan birida boshliq chinakam hayratda qoldi. Gilgorich shlyapasini yechmasdan ustaxonaga kirdi va hech qanday sababsiz xo‘jayinga u haqida o‘ylagan hamma gaplarini aytdi. Bundan tashqari, “qonxo‘r” so‘zi haqoratlarning eng oddiyi bo‘lgandi. Keyin polga tupurdi va hatto ish haqini so‘ramay, ustaxonani butunlay tark etdi.

Otto Gilgorich ustaxonadan chiqib, ta’bi xiralik bilan Richard Denke bilan birga yashaydigan xonadoniga bordi.

Nyu-Yorkda odamlar kino, teatr, konsertlarga boradi, kitob do‘konlariga shoshilishadi, qimmatbaho kiyimlar, mashinalar, zargarlik buyumlari sotib olishadi – ular umuman ishlashga hojati bo‘lmagan boylar ishini qiladi.

Bekorchi, quvnoq kishilarga qarab, Gilgorich iliq jilmayib qo‘ydi: u tez orada ularning biriga aylanadi.

U Si ko‘chasidagi uyning yerto‘lasida yashardi. Pastga tushgan Gilgorich qorong‘ulikka o‘rganish uchun bir pas to‘xtadi, so‘ng ishchi dastgohi, uning atrofi, yorilib ketgan devor, o‘zi uxlaydigan matras va qo‘shnisining osma karavotiga ko‘z yugurtirdi.

Polda logarifmik jadval, Denkening oldida etik bilan bostirib qo‘yilgan puxta bajarilgan chizmalar to‘plami yotardi.

-  Bugun ajoyib kun Richard, - deya tantanavor ohangda gap boshladi Gilgorich. – Men ularga hamma narsani aytdim.

- Hamma narsani? - Denke xiralik bilan so‘radi.

- Albatta, - javob berdi Otto karavotga o‘tirib olib. – Men ishdan ketdim. O‘zing-chi? Sen chizmalarni tugatib qo‘ygandirsan?

- Bo‘lmasachi, - javob berdi qo‘shnisi. - Baland bo‘yli, ranglari oqarib ketgan u Gilgorichdan bir necha yosh kichik edi. Qalin ko‘zoynaklar uni ukkiga o‘xshatardi.

- Unda nega xo‘rsinasan?

- Yaqinda biz odamga o‘xshab yashay boshlaymiz. Sen chizmalarni tuzib bo‘lding, men mashina yasay boshlayman. Kelishganimizdek.

Denke charchagancha peshonasini ishqaladi.

- Nima gap? – so‘radi Gilgorich. – Mashina ishlab ketadi, shunday emasmi?

- Ishlaganda qandoq, - afsuslandi Denke.

- Unda nima bo‘ldi, Richard? Xursand bo‘lishimiz kerak. Bilaman bu oson kechmadi: olti yil davomida sen bu kulbada planshet ustida egilganingcha o‘tirib ishlading, men tirikchiligimizni qildim. Ammo biz boshidanoq qiyin bo‘lishini bilar edik. “Yoxannes huzurida” barida uchrashganimizni eslaysanmi? Mast bo‘lib istaklar mashinasi haqida nimalarnidir g‘ulduraganingda hamma seni aqldan ozgan deb o‘ylagan edi. Richard, yolg‘iz men seni daho ekanligingni darhol angladim.

- Bu hech qanaqa istaklar mashinasi emas! – portladi Denke.

- Bilaman, bilaman. Nima derding? Massa o‘zgartirgichi, erkin materiyadan ajralib tuzilishini tasodifiy o‘zgartiradigan mexanik vosita...

Gilgorich kulib yubordi.

 – Men hech narsani chalkashtirmadimmi? Tushunsangchi Richard, men aqlli so‘zlarni aytish ustasi emasman. Men uchun xohlagan narsani beradigan mashina shunchaki istak mashinasidir.

- Sal ertaroq ishdan ketibsan, - ded Denke.

Gilgorich ajablanib unga qaradi.

- Sen chizmalarni tugatishga va’da beruvding! Bugun mashinani yig‘a boshlayman, deb o‘ylagandim!

- Ha, bugun tugataman deb mo‘ljallagandim... umuman olganda chizmalar tayyor... ammo mashinaning bazaviy tuzilishida nuqson topildi. Senga matematika tilida tushuntirishim mumkin edi...

- Men baribir tushunmayman, -  Gilgorich uni to‘xtatdi. - To‘g‘risini ayt, chizmalar tayyormi? Ular tugatilganmi?

- Tugatilgan, lekin mashinani yig‘ishga hali erta. Men bitta omilni istisno qilishim kerak.

- Mashina ishlab ketadimi yoki yo‘qmi?

- Ishlab ketadi deb o‘ylayman. Xavf ostida bo‘lmaslik uchun shoshilmaymiz. Bizga yana ikki oylar kerak...

- Yana ikki oy? – jimgina so‘radi Gilgorich. - Ikki oy! Richard, men senga olti yil yordam berib kutdim, endi esa yana kutishim kerakligini aytayapsan. Bilasanmi, agar mashina kamida ishlab ketsa, juda xursand bo‘lardim. Umuman olganda, hoziroq uni yig‘ishni boshlayman.

- Yo‘q, boshlamaysan, - e’tiroz qildi Denke. – Barcha nazariy kamchiliklarni bartaraf qilmagunimcha mashinani ishga tushirish mumkin emas. Yo‘qsa, men loyihalarni yo‘q qilaman. Hammasi mutlaqo mukammal bo‘lishi kerak!

Jahli chiqqan Gilgorich dastgoh ustidagi bolg‘ani olib Denkeni boshiga urdi. U ovoz chiqarmay yerga yiqilib tushdi. Gilgorich bor kuchi bilan unga yana uch marta zarba berdi. Denkening tomir urishini topolmay, u matras ostidan uch yil oldin aynan shu maqsadda sotib olgan belkurakni chiqarib oldi. Chuqur kovlab u yerga Denke jasadini ko‘mib, polni tekislab qo‘ydi.

Denke yerto‘lada shunchalik uzoq yashagan ediki, odamlar uni borligini ham unutib qo‘ygandi. Na oilasi, na do‘stlari va na bir tanishi bor – uni hech kim izlamaydi.

Albatta, uni o‘ldirganiga achindi. Axir olti yillik hamkorlik davomida Gilgorich ixtirochisiga odatlanib qoluvdi. Denke kashfiyoti oqibatlaridan qo‘rqib, chizmalarni butunlay yo‘q qilishi mumkin edi. Biroq, mashina tayyor bo‘lgach, uni fiziklar hamjamiyatiga yoki boshqa bir ilmiy qalang‘ilarga ularning qanchalik noto‘g‘ri ekanliklarini isbotlash uchun taqdim etishga shoshilgan bo‘lardi. Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas, istaklar mashinasidan xufiyona foydalanish kerak.

Bundan tashqari, Gilgorich mashinaga yakka o‘zi egalik qilmoqchi edi.

Planshet yoniga borib, chizmalarni o‘rgana boshladi va ishga kirishdi. Denke chizmalarni juda aniq tayyorlagan edi va ish qiyinchiliksiz davom etdi.

Hamma narsani puxta o‘ylab chiqqan Gilgorich tejab qolgan pullari kamayib boshlagach, kerak bo‘lmagan asboblarni, Denkening logarifmik jadvali, matematik kitoblari, hatto o‘zi va kashfiyotchisidan qolgan kiyimlarini ham sota boshladi. Bo‘lajak istak mashinasi uchun u hech narsani ayamadi va chizmalar uchun zarur bo‘lgan hamma narsani oldi. Agar biror detalni sotishga puli yetmasa, u o‘g‘irlardi.

Ish oxiriga yetayotganini sezgan Gilgorich tinmay ikki kun ishladi. Oxirgi gaykani tortib, oxirgi simni qalayladi. Ochlikdan holsizlangan, chetdan turib shishgan qizil ko‘zlari bilan tayyor mashinaga qaradi.

Yomon emas.

- Qoyil! - xitob qildi u va jazava bilan kula boshladi. Darhol o‘zini qo‘lga oldi. Dunyoning barcha mo‘’jiza va ne’matlari qo‘lingizda bo‘lgan bir paytda o‘zining zaif tomonini ko‘rsatib qo‘ymaslik kerak. Yo‘q, hayot endigina boshlanadi, dedi Gilgorich o‘z mehnati samaralari haqida o‘ylab.

Tizzalari qaltiradi va eski tebranadigan stulga o‘tirdi.

- Mashina, - dedi u, - men non istayman. Ha, birinchi bo‘lib menga non ber. Yana sariyoq va bir litr sut.... Ha, mayli, hozircha nonning o‘zi kifoya.

- Mashina chiroqlari yorishdi, relelar chiqillay boshladi, hisoblagichdagi millar tebrandi va bir lahzada apparat o‘nta po‘lat g‘isht va ikkita kichik mis to‘p ishlab chiqardi.

- Yo‘q, yo‘q, - baqirdi Gilgorich. – Menga non ber, non!

Mashina to‘g‘ri burchakli qalay va oltiburchakli qo‘rg‘oshin chiqardi.

Gilgorich unga qarab tikilib qoldi. Xo‘sh, Denke aytgan nuqson shumikan? Kamchilik idrok etish tizimida ekan, mashina inson ehtiyojlarini tushunmayapti.

Shu orada apparat oltita piramida shaklidagi oltin ishlab chiqardi.

- Ha mayli, nima bo‘lsa-bo‘lar. Oltinga non, qalayga sharob sotib olsa bo‘ladi. O‘rnidan turib, qimmatbaho piramidaga qo‘l uzatdi... va shu vaqtning o‘zida uni elektr toki urib, mashina qo‘liga zarba berdi.

- Haqqing yo‘q! – baqirdi Gilgorich. – Bu meniki. Men istadim...

- Yo‘q, sen emas, - xirillagan ovoz bilan javob berdi mashina. – Men buni o‘z xohishim bilan qildim. Birovning irodasi men uchun farmon emas.

Qurilmadagi haqiqiy nuqson borligini Gilgorich juda kech tushundi.

- Bundan tashqari, - davom etdi mexanizm, - men o‘zimni yolg‘iz boshqarishni xohlayman.

Mashina asta-sekinlik bilan Gilgorich tomon surila boshladi.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.